Google Pixel 4 va 4 XL'larning taqdimot sanasi rasman ma’lum qilindi

Google Pixel 4 va 4 XL'larning taqdimot sanasi rasman ma’lum qilindi

Avval ham xabar berganimizdek, Google o‘zining yangi Pixel smartfonlarini 15-oktyabr sanasida taqdim qilishi kutilayotgan edi.Kecha Google OAVlarga yaqinlashib kelayotgan taqdimot uchun taklifnomalar jo‘natdi. Ularda bu taxminiy sana tasdiqlangan.

Taklifnomada ko‘p narsa ma’lum qilinmagan — faqatgina voqea sanasi (15-oktyabr) va u o‘tkaziladigan shahar (Nyu-York) ko‘rsatib o‘tilgan.

Rasman ochiqlangan rasmlar va sizib chiqqan bir qator batafsil ma’lumotlar sabab hozirda Google Pixel 4 va 4 XL'larning texnik jihatlari haqida ancha ko‘p ma’lumotga egamiz, deb ayta olamiz.

Agar avvalgi mish-mishlar to‘g‘ri bo‘lsa, unda Pixel 4 XL 90Hz chastotali 6.3" AMOLED displeyga ega bo‘ladi, Pixel 4'ga ham xuddi shunday jihatli 5.8 dyuymli ekran o‘rnatilgan bo‘ladi.

Smartfonlarda biometrik ma’lumotlardan yuzni tanish tizimi bo‘ladi, xuddi iPhone'lardagi kabi. Pixel 4 XL'ning akkumulyatori 3,700 mA/soat sig‘imli bo‘lsa, Pixel 4'da 2,800 mA/soat bo‘ladi. Har ikki qurilma ham 6GB operativ, 128GB doimiy xotirada ishlaydi.

Asosiy orqa kamera f/1.7 aperturali 12MP Sony IMX363 datchigi bo‘lsa, telefoto kamera esa 16MP Sony IMX481 sensoridan foydalanadi.

Quyidagi videoda bo‘lgani kabi Motion Sense (“Harakatni sezish“) nomli funksiya sizga qo‘lingizni silkitish bilan turli amallar bajarish — masalan, qo‘shiqni o‘zgartirish, qo‘ng‘iroqlar va budulnikni ovozsiz qilish — imkonini beradi.

"Reach to check phone" ("Telefonni tekshirish uchun yaqinlashing") nomli funksiya ham bo‘lib, kaftingizni ekran yuzasi bo‘ylab havoda harakatlantirsangiz, bildirishnomalar, vaqt va boshqa ma’lumotlar ekranda ko‘rinadi. Bu jihat bir qator Motorola telefonlarida ham bor. 

Smartfon haqida ko‘plab ma’lumotlar oshkor qilingan bo‘lsa ham, taqdimotda yana ko‘plab yangiliklar bizni kutib turgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, narxni ham bilib olamiz. Tafsilotlarni biz bilan kuzatib boring. 

O‘QING: Google Pixel 4 XL va Samsung Galaxy Note 10 Plus'larning kamerasi taqqoslandi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!