Google Pixel smartfonlari iPhone va Galaxy “kushandasi”…mi?

Google Pixel smartfonlari iPhone va Galaxy “kushandasi”…mi?

Avval xabar berganimizdek, 4 oktyabrda Google kompaniyasi San-Fransisko (AQSh, Kaliforniya) shahrida o‘zining ilk smartfonlari – Pixel va Pixel XL modellarini namoyish qildi. Smartfonlarga tegishli texnik parametrlar haqida saytimizda yozib o‘tgandik.

pixel-colors-Google-2016-1-840x473

Qidiruv gigantining yangi smartfonlari borasida relizga qadar internet tarmog‘ida juda ko‘p mish-mishlar, renderlar va fotosuratlar paydo bo‘ldi. Albatta, asosan dasturiy ta’minot va onlayn servislar yaratishga ixtisoslashgan kompaniyaning smartfon ishlab chiqarishi ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Google oldin ham boshqa yirik smartfon tayyorlaydigan kompaniyalar bilan hamkorlikda Nexus seriyasidagi qurilmalarni ishlab chiqarar edi. Biroq kompaniya ushbu seriyaning ko‘proq dastur qismiga javob berar edi, xolos. Ammo bu galgi smartfonlarning apparat va dastur qismi shaxsan qidiruv gigantining nazorati ostida HTC bilan birgalikda ishlab chiqildi. Nexus seriyasidan farqli o‘laroq, Pixel modellariga Google logotipi tushirilgan.

Hozirda Pixel smartfonlari haqida soha mutaxassislari tarafidan turli, ba’zida bir-biriga zid fikrlar bildirilmoqda. Ba’zi ekspertlar ularni Apple va Samsung “kushandasi” sifatida e’tirof etsa, Eldar Murtazin kabi taniqli sharhlovchilar mazkur smartfonlar kelajagiga shubha bilan qarashmoqda. Pixel smartfonlarining Nexus seriyasidagi  qurilmalarga qaraganda ikki marta qimmatligi, Android dasturining stok-versiyasi qo‘llanilgani buning asosiy sababi sifatida keltirilmoqda.

IMG_7174-1

Nima bo‘lganda ham, nazarimizda, hali ushbu smartfonlarga uzil-kesil baho berishga biroz erta. Chunki birinchidan hali ular sotuvga chiqarilmagan, ikkinchidan esa foydalanuvchilar ularni qanday kutib olishini hech kim bilmaydi. Sababi butun dunyodagi smartfonlarning asosiy qismiga o‘rnatilgan dasturiy ta’minot ishlab chiqqan kompaniya, o‘z muxlislariga sifatli servis va qurilmalar taqdim qila olishi ham ehtimoldan xoli emas, albatta.

google_pixel_pixel_xl_6

Keling, endi quyida Pixel smartfonlarining o‘ziga xos jihatlari, texnik parametrlari, boshqa analoglardan farqli tomonlari to‘g‘risida so‘z yuritsak.

Jahonga mashhur axborot resursi The Verge nashrida Google’ning yangi smartfonlari borasida bir nechta tahlillar keltirilgan. Tahlillarda smartfonlarning kuchli jihatlariga e’tibor qaratilgan. Shubhasiz, qidiruv gigantining bu galgi telefonlari o‘zining ilg‘or texnik parametrlari, apparat qismi va servislari bilan Nexus qurilmalaridan tubdan farq qiladi. Agar Google Pixel smartfoniga Full HD aniqligidagi 5 dyuymli ekran o‘rnatilgan bo‘lsa, uning “akasi” Pixel XL modelida 5,5 dyuymli Quad HD aniqligidagi displey o‘rin olgan. Mana shu faktning o‘ziyoq qidiruv gigantining premium smartfonlar ishlab chiqarishga qattiq jazm qilganidan dalolat beradi. Sababi Quad HD aniqligidagi ekranlar jahondagi sanoqli smartfonlarga o‘rnatilgan. Bundan tashqari, Pixel qurilmalari eng so‘nggi va ilg‘or Qualcomm Snapdragon 821 protsessorida ishlaydi, ular Google Daydream virtual reallik funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus va eng oxirgi Android 7.1 Nougat versiyasi bilan ta’minlangan.

_91520001_mediaitem91519589

Google’ning yaqinda tayinlangan qurilmalarning apparat qismiga mas’ul rahbari, Rik Orsterlou yangi Pixel smartfonlarining quyidagi 5 ta o‘ziga xos xususiyatini sanab o‘tgan:

Google Assistant. Pixel seriyasidagi qurilmalar sozlangan Google Assistant tizimiga ega ilk smartfonlar hisoblanadi. Tizimni Home tugmasini bosib turish yoki “Hot Word” deyish orqali faollashtirish mumkin. Google Assistant turli medialarni saralash, foydalanuvchi so‘ragan musiqani qo‘yish, musiqa ilovasini tanlash funksiyalarini bajara oladi. Shuningdek, unga Google Now xizmatidagi turli funksiyalar ham integratsiyalashgan.

PixelVergleich

Ilg‘or kamera. Pixel va Pixel XL smartfonlaridagi kamera DxOMark resursida 89 ball yig‘ib, iPhone 7 singari (iPhone 7’ga esa 86 ball qo‘yilgan) ilg‘or qurilmalarni ortda qoldirdi. Pixel va Pixel XL qurilmalariga 12,3 MPli Sony IMX378 sensori bilan jihozlagan piksel o‘lchami 1,55 mikron bo‘lgan f/2,0 diafragmali asosiy kamera o‘rnatilgan. Shuningdek, kamerada optik tasvir stabilizatsiya ham ko‘zda tutilgan. Kamera xususiyatlari bilan batafsilroq ushbu tavsifda tanishib chiqishingiz mumkin.

Cheksiz onlayn (bulut) xotira. Google Pixel va Pixel XL xarid qilgan foydalanuvchilarga video va rasmlarni onlayn serverda saqlash uchun cheksiz xotira taqdim qilishini ham ma’lum etgan. Bunday xizmatni Apple (5 GB) va Samsung (15 GB, Samsung Cloud) kabi boshqa smartfon ishlab chiqaruvchilari ham o‘z mijozlariga taklif qiladilar. Endilikda Google Pixel va Pixel XL foydalanuvchilari 1080 piksel (Full HD) formatigacha bo‘lgan videolar va turli suratlarni (hajmidan qatiy nazar) onlayn bulut serverida istalgan miqdorda saqlashlari mumkin bo‘ladi, ularning xavfsizligi uchun Google kompaniyasi javobgarlikni zimmasiga olgan.

Best-Google-Pixel-Cases

Kuchli kommunikatsiya imkoniyatlari. Pixel va Pixel XL foydalanuvchilari tezkor va yangi Android versiyalaridan birinchilardan bo‘lib bahramand bo‘ladilar. Shuningdek, smartfonlarga tatbiq etilgan tezkor zaryadlash funksiyasi orqali qurilmani 15 daqiqa quvvatlab, undan 7 soat davomida foydalanish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, smartfon foydalanuvchilariga 24 soatli texnik-profilaktika xizmati ko‘rsatiladi.

Virtual reallik. Pixel va Pixel XL smartfonlari virtual reallikka mo‘ljallangan Daydream platformasini qo‘llab quvvatlaydi.  Eng qizig‘i, VR-shlemning narxi 69 dollarni tashkil qiladi. Bunday narx bilan hatto xitoylik arzon qurilmalar ishlab chiqaradigan firmalarning raqobat qilishi ham amri mahol.

Pixel va Pixel XL narxlari, albatta, avvalgi Nexus modellariga qaraganda ancha qimmat. Pixel’ning 32 GB talqini $649, 128 GB talqini $749, Pixel XL’ning 32 GB talqini  $769, 128 GB talqini $869 AQSh dollaridan sotuvga chiqarilishi ma’lum qilingan.

Ko‘ramiz, qidiruv gigantining smartfon ishlab chiqarish borasidagi orzu va rejalari qay tarzda amalga oshar ekan. So‘nggi xabarlarga qaraganda, Pixel va Pixel XL Rossiya bozorida sotuvga chiqarilmaydi. Aftidan, Google ancha yirik va boy smartfon bozorlarini nishonga olgan ko‘rinadi.

Mana endi xulosa o‘rnida sarlavhadagi savolga javob bersak. Chindan ham Pixel smartfonlarini ishlab chiqarish orqali Google kuchli qurilmalar yarata olishi, umuman olganda, smartfon sanoatini qo‘lga olish istagi borligini isbotladi. Apple modellari uchun Pixel qanchalik xavf tug‘diradi hali noma’lum, ammo Samsung va boshqa Android smartfon ishlab chiqaruvchilari uchun bu o‘ziga xos signal hisoblanadi. Kim biladi, agar Google smartfonlari yaxshi ommalashsa, qidiruv giganti Android dasturi bo‘yicha shunchaki monopoliya o‘rnatishi ham ehtimoldan xoli emas. Lekin buni vaqt ko‘rsatadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!