Google Play Market ishlamay qolsa…

  •   DiMaX
  •  20149
  •  13.03.2017 15:51

Google Play Market ishlamay qolsa…

Bu muammo ko‘p uchrab turadi, agarda siz duch kelmagan bo‘lsangiz – omadli ekansiz. Android tizimidagi qurilmalarda Google Play Market xatoliklar bilan ishlashi yoki umuman ishlamay qolishi holatlaridan shikoyat qiladiganlar ko‘p.

Xo‘sh, bunday vaziyatlarda nima qilish kerak?

Avvalo aniqlik kiritsak: Google Play Market’ning ishlamay qolishi turlicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkin – servisdagi texnik muammolar, doimiy uchraydigan xatoliklar, ilovaning o‘chib qolishi va butkul ishlamay qolishi. Quyida bularni qanday tuzatish borasida bir necha maslahatlar keltirilgan.

1. Android’ni o‘chirib-yoqing

Birinchi qilinadigan ish – qurilmangizni o‘chirib-yoqish bo‘lishi lozim. Odatda bu Google Play bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga barham beradi. Agarda bu yordam bermasa, keyingi usullarga o‘tamiz.

2. Google Play Market sozlamalarini boshlang‘ich holatiga qaytaring

Buning uchun:

  1. Qurilma sozlamalari – «Nastroyki»ga kiring.
  2. Ilovalar sozlamalari aks ettirilgan «Prilojeniya» yoki «Dispetcher prilojeniy» bandini tanlang.
  3. Ro‘yxatdan Google Play Market’ni topib, ustiga bosing.
  4. Ilova sozlamalari oynasida ma’lumotlarni o‘chiruvchi «Steret dannie» hamda keshni tozalovchi «Ochistit kesh»ni birin-ketin bosing.

Ko‘pchilik hollarda shu yo‘l bilan muammodan qutulsa bo‘ladi. To‘g‘ri kelmasa – keyingi tavsiyamizga qarang.

3. Google Play Market yangilanishlarini o‘chiring

Xuddi oldingi – 2-maslahatdagi kabi, ilova sozlamalariga kirasiz, faqat bu gal «Steret dannie» va «Ochistit kesh» o‘rniga «Udalit obnovleniya» bandini tanlang.

Bu bilan Play Market ilovasi qurilmangizga ilk o‘rnatilgan paytdagi holati – zavoddagi sozlamalariga qaytadi.

4. «Servisi Google Play» ilovasi sozlamalarini asl holiga qaytaring

Yana sozlamalarni ochasiz, «Prilojeniya», ya’ni ilovalar sozlamalariga o‘tib, ro‘yxatdan «Servisi Google Play»ni topasiz. Uni ochib, xuddi 2-maslahatdagi singari ma’lumotlarini o‘chirib, keshini tozalaysiz.

5. «Google Services Framework» keshi va ma’lumotlarini tozalang

Quyidagi tartibda ochasiz: «Nastroyki» → «Prilojeniya» → «Vse» varaqasi. Shu yerdan «Google Services Framework»ni tanlang, undan «Steret dannie» va «Ochistit kesh» bandlarini bosing.

6. Google akkauntlari o‘chiq bo‘lsa, yoqib qo‘ying

Xuddi yuqoridagi 5-maslahatdagi singari, ilovalar sozlamalaridagi «Vse» varaqasini oching. Undagi «Akkaunti Google» ilovasi o‘chirilgan bo‘lsa, uni yoqib qo‘ying.

7. Yuklash dispetcherini yoqib qo‘ying

Ilovalar bo‘limida silash orqali «Vse» varaqasiga o‘ting hamda u yerdan «Dispetcher zagruzki»ni toping. Agar u o‘chiq bo‘lsa, «Vklyuchit» tugmasini bosib, yoqib qo‘ying.

Bordiyu u ham yoqilgan bo‘lib, yuqoridagi maslahatlardan birortasi ish bermayotgan bo‘lsa, keyingi chorani qo‘llaymiz:

8. Google-akkauntingizni o‘chirib, qayta tiklang

Buni qanday amalga oshirish «Android-smartfonni sotishga tayyorlaymiz« maqolamizda ko‘rsatilgan. Undagi 1-qadam bo‘yicha devaysingizdagi dasturlarning va ular ma’lumotlarining zaxira nusxalarini yarating. Keyin esa 3-qadamda ko‘rsatilgan amallarni bajarib, akkauntingizni o‘chirasiz.

Bunda gadjetingiz xuddi zavoddan yangi chiqqan paytidagi kabi holatga qaytadi. So‘ng esa qurilmangizni o‘chirib-yoqqach, unga qaytadan o‘sha eski Google-akkauntingizni o‘rnatasiz va ma’lumotlarni sinxronlaysiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!