Google Telegram`ni sotib olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi

Google Telegram`ni sotib olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi

Google kompaniyasi Telegram messenjerini sotib olish bo‘yicha bir necha marotaba muzokaralar o‘tkazgani oshkor bo‘ldi. «Sekret Firmi» nashri Telegram`ga yaqin axborot manbasiga tayani xabar berishicha, 2015 yilning may oyida kompaniya rahbari Sundar Pichai (Sundar Pichai) xizmat asoschisi Pavel Durov bilan uchrashgan. O‘sha vaqtda Telegram narxi 1 milliard dollardan kamga baholanmagan. Biroq Durovni mazkur taklif qiziqtirmagan, deya oydinlik kiritdi axborot manbalaridan biri.

Tadbirkor Google vakillari bilan uchrashgani dalilini tasdiqladi, biroq bo‘lib o‘tgan suhbat to‘g‘risida izoh berishdan bosh tortdi. U, shuningdek, ayni paytda Telegram`ning ehtimoliy qiymati 3-4 mlrd dollar atrofida ekanini aytib o‘tgan. Shunday bo‘lsa ham, messenjer jamoasi hozircha tashqi investitsiyalarni jalb etishni rejalashtirmayapti.

Bugungi kunda internet-gigantining o‘z shaxsiy xabarlar almashish xizmati faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq Hangouts Google ekotizimi hamda eng ommaviy Gmail elektron pochtasi bilan yaqin integratsiyada bo‘lsa ham unchalik ommalashgani yo‘q.

Telegram —  axborotlarni shifrlovchi o‘ziga xos MTProto protokoliga ega messenjer bo‘lib, 2013 yilda «VKontakte» asoschisi Pavel Durov tomonidan ishga tushirilgan. 2016 yil fevralida messenjerning faol foydalanuvchilari soni 100 million nafardan oshgani ma’lum qilindi.