Google xitoyliklar uchun qasos oldi!

  •   DiMaX
  •  1468
  •  04.06.2020 12:06

Google xitoyliklar uchun qasos oldi!

Kuni kecha biz Remove China Apps ilovasi chiqiboq xitga aylanganligi haqida yozgan edik. Nomidan ham anglashilganidek, u smartfondan xitoycha dasturlarni o‘chirishga yordam beradi. Ammo bu dastur tezda Play Market’dan yo‘qolib qoldi!

O‘QING: Android-ilovani smartfonga o‘rnatmasdan ishlatib ko‘ramiz

Ushbu ilova OneTouch AppLabs kompaniyasi (Hindiston) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, asosan hindistonliklar orasida o‘ta ommalashgandi. Bunga esa «fillar o‘lkasi» aholisining xitoyliklarga nisbatan g‘arazi, koronavirus tarqalishida ularni aybdor deb bilganlari, shuningdek, ikki mamlakat orasidagi siyosiy kelishmovchiliklar ham asosiy sabablardandir.

Remove China Apps ilovasini Hindistonning taniqli shaxslari ham ilgari surib, auditoriya fikriga ta’sir o‘tkazishgan. Yoga gurusi (ustozi) Baba Ramdev o‘z smartfonidan Xitoy ilovalarini o‘chirayotgani videosini Twitter’da ulashib, boshqalarni ham shunday qilishga undagan. Hindiston shou-biznesi yulduzlari xitoyliklarning TikTok ilovasini namoyishkorona o‘chira boshlashdi; buni esa ta’sirga ega siyosatchilar, shu jumladan Hindistonda iqtidorda bo‘lgan partiya spikeri ham maqtagan.

O‘QING: Hindistonni «Jio’lashtirish»: 1,3 milliard aholini BEPUL 4G-aloqa bilan ta’minlab, internetni 5 karra arzonlatgan milliarder!

Xullasi kalom, Remove China Apps ilovasining Hindiston bo‘ylab reklama kampaniyasi tufayli TikTok, UC Browser va boshqa xitoylik dasturchilar mahsulotlari xorijda o‘z auditoriyasini yo‘qota boshladi.

Bu esa Xitoy tomonining – nafaqat dasturchilar, balki hukumat miqyosidagi haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Jumladan, hukumat gazetasi – Global Times yozishicha, Hindiston mazkur mamlakatga nisbatan oqilona bo‘lmagan usullarda hamla qilyapti; bu esa rasmiy Pekin tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu mojarolarga barham berish uchun Google kompaniyasi Remove China Apps ilovasini o‘z do‘konidan olib tashladi. Bu esa Play Market siyosatiga ham to‘g‘ri keladigan oqilona qaror bo‘ldi; zero, uning qoidalariga ko‘ra, ilovalar boshqa dasturlarning ishlashiga xalaqit bermasligi lozim. Hindistonliklarning ilovasi esa boshqa dasturlarni nomaqbul sababga ko‘ra, ya’ni – xitoylik dasturchilar ishlab chiqqani uchungina zararli, deb hisoblar edi.

Bundan yana shu ham anglashiladiki, oddiy bir ilova ham turli mamlakatlar orasida siyosiy qurol bo‘lib xizmat qilishi, millatlar aro nizolarni qo‘zg‘ashi mumkin ekan.

O‘QING: Yana bitta ommabop servis «Google qabristoni»ga ketyapti (+video)