HAFTA YaKUNLARI: Galaxy S10’ni 5G’da ishlatib ko‘rsatishdi; Sony’ning shaffof telefoni, Google messenjerlarini yopyapti, eng zo‘r o‘nta Android-smartfon...

  •   DiMaX
  •  2201
  •  08.12.2018 16:48

HAFTA YaKUNLARI: Galaxy S10’ni 5G’da ishlatib ko‘rsatishdi; Sony’ning shaffof telefoni, Google messenjerlarini yopyapti, eng zo‘r o‘nta Android-smartfon...

Dunyo bo‘ylab axborot texnologiyalari sohasida ko‘plab yangiliklar bo‘ladi. Imkon qadar shulardan qiziqlarini sizlarga yetkazishga harakat qilamiz, ammo barchasini qamrab ola bilmasligimiz tabiiy holat.

Shundan kelib chiqib, yakuniga yetayotgan haftada texnologiyalar borasida yuz bergan eng muhim voqealarning qisqa dayjestini e’tiboringizga havola etayotirmiz.

  1. Janubiy Koreyada allaqachon 5G tarmog‘i ishga tushdi va Samsung unda hali taqdim etilmagan Galaxy S10’ni ishlatib ko‘rsatdi.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan Janubiy Koreya dunyoda birinchi bo‘lib, 1 dekabrda beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini taqdim etdi. Uchta mahalliy operator – SK Telecom, KT hamda LG Uplus kompaniyalari kerakli jihozlarni o‘rnatib, ilk 5G-signallarini yuborishdi. Hozircha bu tarmoqdan faqat korporativ mijozlargina foydalana oladilar, oddiy aholi uchun esa beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i kelasi yil martdan ishga tushadi. Shungacha bozorga bir nechta 5G-smartfonlar taqdim etiladi.

Tabiiyki, jahondagi yetakchi smartfonsoz sanalmish Samsung shunday voqeani o‘tkazib yubormasligi aniq edi. Mazkur kompaniya 5G tarmog‘ini o‘zining hali rasman taqdim etilmagan smartfoni – Galaxy S10 flagmanida sinab ko‘rdi. Insayderlar ushbu sinov jarayoni aks ettirilgan videolavhani internetga chiqarib yuborishgan va biz uni quyidagi maqolamizda berganmiz:

O‘QING: EKSKLYuZIV VIDEO: 5G tarmog‘ida ishlayotgan Galaxy S10’ni «jonli» tomosha qilamiz!

  1. Sony tayyorlayotgan buklama smartfon shaffof ham bo‘la oladi!

Yaponiyalik yetakchi texnologik kompaniyalardan biri bo‘lmish Sony antiqa texnologiyalar uchun ikkita patent oldi. Ulardan biri buklama qurilmalarga tegishli bo‘lsa, ikkinchisida shaffof displey tasvirlangan.

Ikkinchi patentdagi gadjetning ikkita ekrani bor – old va orqa tomonlarida. Ulardan biri barcha displeylar qatori nurni (ya’ni, tasvirni) uzatadigan bo‘lsa, ikkinchisi yorug‘likni (tasvirni) o‘ziga oladi (xuddi kamera ob’yektivi kabi) va narigisiga uzatadi. Natijada devaysning o‘zi butkul shaffof bo‘ladi – narigi tomonidagi tasvir buyoqdagi displeyda to‘laligicha aks etadi. Patentga ko‘ra, smartfonning har ikkala displeyi ham asosiy (aks ettiruvchi) va «ko‘ruvchi» (suratga oluvchi) bo‘la oladi; bu ayni paytda qaysi tomoni bilan ishlatilayotganiga bog‘liq bo‘ladi.

O‘QING: BUNAQASI BO‘LMAGAN: Sony shaffof buklama smartfon tayyorlayapti!

  1. Huawei P20 va P20 Pro smartfonlari Android 9.0 Pie asosidagi EMUI 9 proshivkasiga yangilana boshladi.

Ushbu apdeyt xitoylik gigantning mazkur flagmanlari egalariga bir qator yangi imkoniyatlarni baxsh etadi. Jumladan, bu smartfonlar endi to‘liq ekranli ishoralar orqali boshqarilishi mumkin. Bulardan tashqari, endi tizimning ekrandagi teginishlarni sezishi 25,8 foizga tezlashgan. Shuningdek, Huawei P20 va P20 Pro flagmanlari ikkinchi avlod GPU Turbo texnologiyasiga ham ega bo‘ldi.

Ayni damda Android 9.0 Pie asosidagi EMUI 9 proshivkalari faqat Xitoydagina tarqatilmoqda, ammo boshqa mamlakatlardagi foydalanuvchilarga ham bu apdeyt yaqin orada kelib qoladi.

  1. Xiaomi kompaniyasi Redmi 4X va Redmi 4A uchun global MIUI 10 proshivkasini taqdim etdi.

Bunda har ikkala modelda ham operatsion tizim Android 7.1 Nougat versiyasida qolgan, faqatgina grafik qobiq yangilangan, xolos. Umuman olganda, bunda tizimning interfeysigina o‘zgargan: bildirishnomalar paneli hamda ovoz balandligi sozlagichi Android 9 Pie uslubiga o‘tkazilgan, oxirgi qo‘llangan ilovalar menyusi vertikal tus olgan, standart ilovalar yangilangan.

Redmi 4X uchun yangi proshivka hajmi 316 MB bo‘lib, oktyabr oyidagi xavfsizlik yangilanishlarini ham o‘z ichiga oladi. Redmi 4A uchun taqdim etilgan yangilanish esa 268 MB bo‘lib, faqat iyul oyigacha bo‘lgan xavfsizlik patchlariga ega.

O‘QING: RASMAN: Xiaomi hech qachon MIUI 10’gacha yangilanmaydigan 20 ta modeldagi smartfonlarini e’lon qildi

  1. Google korporatsiyasi Hangouts hamda Allo messenjerlarini yopmoqda.

Hangouts servisi 2013 yili taqdim etilgan bo‘lib, Google Play’da allaqachon bir milliard martadan oshiq yuklangan. Ayni damda u alohida servis sifatida mavjud bo‘lib, Gmail va boshqa ayrim Google mahsulotlariga joriy etilgan. Garchi aniq vaqtlari aytilmayotgan esa-da, Hangouts servisi 2020 yilda to‘liq tugallanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng uning Hangouts Chat hamda Hangouts Meet variatsiyalari biznes uchun ilovalar to‘plami – G Suite doirasida «yashab» qolishi aytilgan.

Shuningdek, qidiruv giganti Allo messenjerini ham tugallashi xabar qilinmoqda. 2016 yilning o‘rtasida taqdim etilgan ushbu ilova 2019 yilning mart oyida yopilishi aytilayotir. Shundan so‘ng uning ayrim funksiyalari Messages servisiga o‘tkaziladi va Google uni takomillashtirishga yanada ko‘proq e’tibor qaratadi.

  1. Galaxy S10+ taqdimotidan avval uning klonini «jonli» ko‘rsatishdi.

Xitoyliklarning chaqqonligiga qoyil qolmay iloj yo‘q – Samsung hali namoyish etib ulgurmagan flagmanining klonini yaratishibdi. Xuddi renderlarda ko‘rsatilayotgan Galaxy S10+ kabi, uning ham bosh kamerasi gorizontal joylashgan. Qadog‘i ham janubiy koreyalik gigantning mahsulotlari uslubida.

Ammo uning qalbaki ekanligini payqash qiyin emas – bunga quyidagi maqolamizga joylangan videoda o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkin.

O‘QING: «JONLI» VIDEO: Allaqachon «xitoycha» Samsung Galaxy S10+ chiqdi!

  1. Xiaomi korporatsiyasi ZMI bilan hamkorlikda ZMI Aura poverbankini taqdim etdi.

Xiaomi ZMI Aura plastik korpusga ega bo‘lib, sig‘imi 20 000 mA/soatni tashkil etadi. Uning an’anaviy microUSB, zamonaviy USB Type-C portlari hamda 27 vattlik tezkor quvvat oluvchi ikkita kiruvchi USB-tirqishi mavjud. LED-displeyga ega ushbu portativ akkumulyator Xitoyda 5 dekabr kuni, 29 AQSh dollariga teng narxda savdoga chiqqan.

  1. Gizmochina portali Samsung Galaxy S10’ning sifatli suratlarini e’lon qildi.

Rasmlarga ko‘ra, ushbu flagmanning asosiy kamerasi gorizontal joylashgan bo‘lib, yurak urishi chastotasi datchigi hamda fotochaqnoq, shuningdek daktiloskopik datchik bilan birga yaxlit blokda joylashgan. Galaxy S10 korpusining pastki qirrasida zamonaviy USB Type-C porti hamda standart 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi ko‘zga tashlanadi. Old paneliga kelsak, ekranning yon tomonlari umuman romsiz, faqat pastki va yuqori qismida ensiz hoshiyalar mavjud.

Shunisi ham borki, yuqoridagi suratlardagidan farqli tarzda, Samsung Galaxy S10 modellarida ekranda selfi-kamera uchun «tirqish» ochilganligi haqida xabarlar ko‘proq chiqmoqda.

O‘QING: Uchtalik kamerali Samsung Galaxy S10 ikkita «jonli» suratda!

  1. «Teshik» ekranli smartfonni birinchi bo‘lib taqdim etishga uchta smartfonsoz harakat qilmoqda.

Umuman olganda, dastlab Samsung o‘zining Galaxy A8s modelida old kamera uchun ekranda «tirqish» ochayotganini e’lon qilgandi. Ammo «tirqish»li displeyga ega ilk smartfonni taqdim etayotganini birinchi bo‘lib Huawei rasman e’lon qilgan, tag‘in boshqalardan «bir qadam oldinda» ekanini aytib maqtangan ham edi. Shunday bo‘lsa-da, janubiy koreyalik kompaniya «otni qamchilab» qoldi...

Xullasi kalom, Samsung Galaxy A8s modeli 10 dekabrda, Huawei Nova 4 smartfoni 17 dekabrda, Lenovo Z5S esa 18 dekabrda namoyish etiladigan bo‘ldi.

  1. AnTuTu eng kuchli Android-smartfonlarni e’lon qildi.

Bu galgi reytingda ham Huawei flagmanlari eng yuqori o‘rinlarni band etgan – bularning barchasi Kirin 980 protsessorining sharofatidir. Umuman olganda, eng samarador to‘rtta smartfon ham xitoylik texnogigantga tegishli: Mate 20, Mate 20 X, Huawei Mate 20 Pro va Honor Magic 2.

Kuchli o‘ntalikka kirgan boshqa smartfonlar bilan tanishish va barchasining AnTuTu’da olgan ballarini ko‘rish uchun quyidagi maqolamizga o‘tishingiz mumkin:

O‘QING: AnTuTu reytingi: 2018 yil dekabrgacha eng zo‘r Android-smartfonlar!