Hali chiqmagan iOS 14 hamda Android 11’dagi zo‘r funksiya Xiaomi smartfonlariga allaqachon qo‘shilyapti!

  •   DiMaX
  •  2400
  •  29.07.2020 13:52

Hali chiqmagan iOS 14 hamda Android 11’dagi zo‘r funksiya Xiaomi smartfonlariga allaqachon qo‘shilyapti!

MIUI 12 grafik qobig‘i ko‘p jihatdan kupertinoliklarning mobil operatsion tizimiga o‘xshab chiqqanidan xabaringiz bor. «Xitoycha Apple» deya tavsiflauvchi Xiaomi kompaniyasi hatto o‘zi taqlid qiladigan korporatsiyadan ham ilgarilab ketmoqchi.

O‘QING: Global barqaror MIUI 12 proshivkasi tarqatilayotgan Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlarining to‘liq ro‘yxati!

Avvalroq taqdim etilgan yangi – iOS 14 operatsion tizim talqinigacha yangilanadigan ayfonlar ro‘yxatini allaqachon e’lon qilganmiz. Unga qo‘shilgan ajoyib imkoniyatlardan biri – iPhone orqa paneliga ketma-ket ikki marta chertish orqali turli amallarning bajarilishidir. Biz mazkur funksiya ishlatib ko‘rsatilgan «jonli» videoni hamda uni qo‘llab-quvvatlovchi ayfonlar ro‘yxatini ham e’lon qilganmiz.

Ma’lum bo‘lishicha, Xiaomi ayni shu funksiyani allaqachon MIUI 12 grafik qobig‘ining beta-versiyasiga qo‘shib ulguribdi! Quyidagi skrinshotga ko‘ra, smartfonning orqa paneliga ikki marta va uch marta chertish amallariga turli funksiyalarni tayinlab qo‘yish mumkin bo‘ladi:

Ta’kidlab o‘tish kerakki, ayni shu imkoniyat Android 11 operatsion tizimiga ham joriy etilmoqda. Uning ishlashi aks ettirilgan ikkita «jonli» videolavhani mana bu xabarimizda ko‘rishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, iOS 14 hamda Android 11 operatsion tizimlarining yakuniy versiyalari foydalanuvchilarga hali kuzda taqdim etiladi. MIUI 12 grafik qobig‘i esa allaqachon Xitoydan tashqaridagi, global proshivkali smartfonlarga ham tarqatila boshlagan.

Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlarining global proshivka, global versiya va xitoycha versiyalari, ularning o‘zaro farqi haqida mana bu maqolamizdan batafsil ma’lumot olasiz.

O‘QING: Faqat mana shu smartfonlargina MIUI 12’ning turli yangi imkoniyatlariga ega bo‘lar ekan!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!