Hali taqdim etilmagan iPhone 8’ning sifatli fotosuratlari!

  •   DiMaX
  •  1968
  •  11.05.2017 10:35

Hali taqdim etilmagan iPhone 8’ning sifatli fotosuratlari!

Mobil biznesning ancha nufuzli manbalaridan biri – @OnLeaks o‘zining tvitterida iPhone 8’ning bir necha fotosuratlarini e’lon qildi. Bu rasmlar Apple’ning navbatdagi smartfoni tashqi ko‘rinishi haqida tasavvur beruvchi bugungi kundagi eng ishonchli manbalardandir.

Rasmlar CAD-dizaynlarga asoslanganligi, yana @OnLeaks shu paytgacha ham hali rasman taqdim etilmagan ko‘plab qurilmalarning renderlarini e’lon qilib adashmaganligini inobatga olsak, bular – chindan ham iPhone 8’ning fotosuratlaridir.

Turli manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Apple kompaniyasi iPhone 8’ning bir nechta prototipini tajriba qilib ko‘rgan. Shu bois, smartfonning yakuniy versiyasi quyidagi variantidan farqlanishi ham mumkin.

Ta’kidlanishicha, yangi «olmafon»ning o‘lchamlari taxminan 143,5×70,9×7,7 mm.ga teng. 5,8 dyuymga teng diagonalli OLED-displey esa romsiz bo‘lib, «virtual» Home tugmachasini ham o‘z ichiga oladi.

Smartfonning orqa panelida esa, aftidan, vertikal joylashgan qo‘sh kamera bo‘ladi. Shuningdek, barmoq izi skaneri ham, agarda ekran ostiga joylashtirilmasa, orqa paneldan o‘rin oladi.

Tahlilchilardan ayrimlari, iPhone 8 shu yilning iyunidayoq, ya’ni WWDC 2017 konferensiyasida namoyish etilishini aytishmoqda. Ammo Apple o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, uni sentyabrda taqdim etishi ehtimoli yuqoriroq.

Eslatib o‘tamiz, Apple allaqachon iPhone 8’ni ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Avvaliga yangi qurilmaning chizmalarini ko‘rdik, keyin esa shu chizmalarga asoslangan smartfon konseptlari e’lon qilindi. So‘ngroq bo‘lsa iPhone 8 real maketining iPhone 7 bilan qiyoslangan videotavsifini ham ko‘rishga muyassar bo‘ldik.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!