Hali taqdim etilmagan Samsung Galaxy S8 Active suratlari tarqaldi

  •   DiMaX
  •  1553
  •  19.07.2017 14:11

Hali taqdim etilmagan Samsung Galaxy S8 Active suratlari tarqaldi

Smartfonlar bozorida yetakchilikka intilish ishlab chiqaruvchilarni yangi-yangi g‘oyalar sari undashi aniq. Juda bo‘lmaganda, mavjud qurilmalarning birmuncha rivojlantirilgan talqinlarini ishlab chiqarish amaliyoti ham qo‘llanadi. Jumladan, mart oyi oxirida Galaxy S8 flagmanini taqdim etgan, tez orada Galaxy Note 8 modeli taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Samsung yana bir – Galaxy S8 Active gadjetini ham tayyorlayotgani xususida xabarlar bor.

Kechagina Amazon saytida ayni shu Samsung Galaxy S8 Active qurilmasining suratlari paydo bo‘ldi. Ularni gadjetlar uchun aksessuarlar, jumladan, ekranlarga himoya plyonkalarini sotuvchi OTOMON kompaniyasi saytga joylagan.

Geeky Gadgets sayti xabariga ko‘ra, S8 Active o‘zining «ajdodi» – Galaxy S8 modelidan bir nechta parametrlariga ko‘ra farqlanadi: displey chekkasi qayrilma emas, chegaralari esa birmuncha kengroq ko‘rinadi. Gadjetning old tomoni tasviriga qaraganda, har ehtimolga qarshi smartfon chekkalari mustahkamlangan bo‘ladi. Uni o‘chirib-yoqish hamda bloklash/blokdan chiqarish tugmachasi o‘ng yonida, ovozni sozlash va Bixby yordamchisini chaqirish tugmachalari esa – o‘ng yonida joylashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, devaysning orqa paneli ko‘rinishidan Galaxy S8 modeliga o‘xshab ketadi, ammo unga nisbatan ancha mustahkam va ishonchliroq bo‘ladi. Aftidan, bu smartfon ekstremal sharoitlarda ham foydalanishga mo‘ljallab chiqarilmoqda.

Boshqa xususiyatlariga kelsak, Galaxy S8 Active gadjetiga diagonaliga 5,8 dyuym o‘lchamli QHD-displey o‘rnatiladi. Uning tezkor xotirasi 4 gigabayt, ichki xotirasi esa 64 gigabayt hajmga ega. Smartfon «yuragi» bo‘lib Snapdragon 835 chipi xizmat qiladi; shuningdek, Exynos 8895 protsessori o‘rnatilgan varianti ham chiqarilishi mumkin.

Qurilmaga Android 7.0 Nougat tizim versiyasi o‘rnatilgan holda ishlab chiqariladi, shuningdek, unda Samsung’ning o‘z foydalanuvchi interfeysi ham ishlaydi.

Samsung Galaxy S8 Active modelining ishlab chiqarilish sanasi xususida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Uning narxi esa 699 dan 749 dollargacha atrofida bo‘lishi taxmin qilinayotir.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, Samsung o‘zining oldingi flagmani – Galaxy S7 modelining ham Active modifikatsiyasini ishlab chiqargan. U zarbaga chidamli displeyi, akkumulyatorining sig‘imi kattaligi, orqa paneliga rezina o‘rnatilganligi, burchaklaridagi maxsus bamperlari, sensor tugmachalar o‘rniga mexanik tugmachalar o‘rnatilganligi bilan ajralib turadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!