Hammaga kerak bo‘luvchi eng foydali 20 ta sayt bilan tanishamiz

Hammaga kerak bo‘luvchi eng foydali 20 ta sayt bilan tanishamiz

Internetda foydali veb-sayt topish oson emas. Xalqaro tarmoqda milliarddan ortiq saytlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyatini foydali deb bo‘lmaydi.

O‘QING: Videomontaj oson bo‘lishi kerakmi?

Albatta, foydali va ommabop saytlar ham talaygina va ularni bilib qo‘yish hech qachon zarar qilmaydi. Quyida sizga kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng kerakli 20 ta sayt bilan tanishamiz.

1. Student.com

Agar xalqaro talaba bo‘lsangiz va kollej/universitetingiz yaqinidan hamyonbop turar-joy qidirayotgan bo‘lsangiz, ushbu sayt sizga qo‘l keladi. Saytda yuzlab shaharlardagi turar-joylarni topish mumkin. Saytdan foydalanish butunlay tekin.

2. Inner Body

Ko‘plab boshqa ma’lumotlar bilan birga ushbu sayt inson anatomiyasini interaktiv usulda o‘rganish imkonini beradi. Inson tanasining turli tizim va qismlarini oson o‘rganish niyatida bo‘lsangiz, saytga tashrif buyuring. Inner Body, shuningdek, tibbiy sinovlar, tibbiy mahsulotlar va tele-meditsina kabilarni ham taklif qiladi.

3. CleanPNG

Ushbu sayt sizga orqa fonsiz yuqori sifatli PNG rasmlarni taqdim etadi. Broshyura, banner, vebsayt va h.k. larda ishlatishingiz mumkin bo‘lgan millionlab PNG rasmlarni aynan shu yerdan topasiz. Saytda hech qanday cheklov mavjud emas, registratsiya talab qilinmaydi.

4. Pixlr

Pixlr yordamida Photoshop yoki GIMP kabi dasturlarsiz, brauzeringizning o‘zidan turib rasmlarni tahrirlashingiz mumkin. Ushbu xizmatdan foydalanish oson. Agar qo‘shimcha funksiyalarga murojaat qilmasangiz, saytdan tekin foydalanasiz. Hech qanday murakkab asboblarsiz, Pixlr'dan istalgan brauzer va qurilmada foydalanish mumkin.

5. Pixabay

Ko‘plab oddiy foydalanuvchilar uchun Shutterstock singari saytlar qimmatlik qiladi. Pixabay esa bunga muqobil bo‘la oladi. Saytda ikki milliondan ortiq royalti-fri (mualliflik gonorari to‘lanmaydigan) rasmlar, illustratsiyalar, videolar va vektor grafikalar bor. Ularni tekinga yuklash mumkin.

Elementar dizayn bilan shug‘ullanuvchilar yoki biror loyiha uchun tekin stok foto qidirayotganlarga Pixabay qo‘l keladi.

6. Privnote

Privnote yordamida o‘qilganidan keyin o‘chib ketuvchi qaydlar jo‘natish mumkin. Bu kimgadir maxfiy ma’lumot jo‘natayotganingizda qo‘l keladi.

Saytda bir qator funksiyalar mavjud bo‘lib, xabar qachon o‘chib ketishini belgilashingiz, qo‘shimcha himoya uchun xatga parol qo‘yishingiz va xat yo‘q qilinganidan keyin elektron pochta orqali xabar berilishini belgilab qo‘yishingiz mumkin.

7. Skyscanner

Sayohat qilayotganda pul tejashni kim ham xohlamaydi? Reys bron qilayotganingizda bu sayt qo‘l keladi, chunki u sizga qator kriteriyalarga asosan eng arzon chiptalarni ko‘rsatib beradi. Ushbu usul har bir aviakompaniya saytiga alohida-alohida kirib chiqishdan ko‘ra ancha vaqtni tejaydi.

Chiptalar bilan birgalikda sayt mehmonxona va avtomobil ijarasi chegirmalarini ham ko‘rsatib beradi.

8. Spotahome

Agar o‘rtacha uzoq yoki uzoq muddatga uy yoki kvartira ijaraga olmoqchi bo‘lsangiz, mana shu saytni eslab qoling. Spotahome'da uylarga virtual sayohat qilishingiz va ularning HD rasmlarini ko‘rishingiz mumkin.

Ayni damda, saytda Yevropaning ko‘plab shaharlaridagi uylar va kvartiralar ro‘yxati keltirilgan. Agar siz ham qadimiy qit’aga ko‘chib ketayogan yoki uzoq muddatga jo‘nab ketayogan bo‘lsangiz, eslab qoling: Spotahome.

9. Down for Everyone or Just Me

Qaysidir saytga kira olmayapsizmi? Faqat siz kirolmayapsizmi yoki boshqalardayam shu muammomi? Buni bilish uchun Down for Everyone or Just Me saytidan foydalaning. Saytga kirib, muammoli sahifa URL'ini kiriting. Agar bu sayt orqali ham ko‘zlangan sahifa ochilmasa, demak, muammo faqat sizdamas. Saytga, shuningdek, qisqaroq downfor.io manzili orqali ham kirsa bo‘ladi.

10. Bachelorstudies

Ushbu veb-sayt mamlakat, til, narx, vaqt va h.k. lar borasidagi tanlovingizga asoslanib, sizga mos bakalavr kurslarini topib beradi. Saytda, shuningdek, yangi qo‘shilgan kurslar va eng ommabop yo‘nalishlar ro‘yxati ham bor.

O‘QING: Talabaga kerak bo‘lgan 9 bepul ilova

11. Ninite

Yangi Windows kompyuterni sozlayotganda sizga, albatta, Ninite sayti kerak bo‘ladi. Bosh sahifada eng ommabop dasturlar bor. Yuklab olmoqchi bo‘lgan barcha dasturlaringizni tanlab, tugmani bosing. Ninite ularning hammasini o‘rnatib beruvchi faylni qurilmangizga yuklaydi. Agar MacBook ishlatsangiz, macapps.link saytidan foydalaning.

12. Lucidchart

Lucidchart sayti sizga diagramma va jadvallar yaratish imkonini beradi.

Saytdan foydalanib, ma’lumotlarni chiroyli diagrammalarga aylantirish mumkin. Sizdan hech qanday maxsus dasturni o‘rnatish talab qilinmaydi; brauzerning o‘zidan ishlaysiz. Tekin rejada uchtagacha hujjat bilan ishlab, hamkasblar bilan hamkorlik qilish mumkin. Qo‘shimcha funksiyalar kerak bo‘lsa, pullik rejaga o‘tsangiz bo‘ladi.

13. Eat This Much

Eat This Much avtomatik diyeta tuzib beradi. Qancha kaloriya iste’mol qilmoqchi ekaningiz va kuniga necha marta taomlanishni rejalashtirayotganingizni kiriting. Servis sizga diyeta rejasini tuzib beradi. Sayt sizga har hafta qanday meva-sabzavot sotib olishingiz kerakligi haqida email jo‘natib turadi, taomlarni qanday tayyorlash kerakligini o‘rgatadi va ma’lumotlaringizni yangilab boradi.

14. JustWatch

Kino va teleko‘rsatuvlar ishqibozlariga JustWatch juda qo‘l keladi. Saytning eng foydali funksiyasi qaysi kinoni qayerda ko‘rish mumkinligini aytib berishidir. Sayt, shuningdek, sizga qaysi kinolarni ko‘rish borasida ham tavsiyalar berib boradi.

15. HowLongToBeat

Video o‘yinlarni oxirgi bosqichgacha o‘ynashga ancha vaqt ketishi mumkin. Qancha vaqt ketishini esa sizga mazkur sayt ko‘rsatib beradi. O‘ynamoqchi bo‘lgan o‘yiningizni HowLongToBeat'da qidiring va o‘yinni tugatish uchun qancha vaqt ketishini bilib oling.

16. Fast.com

Joriy tarmoq ulanish tezligiga qiziqyapsizmi? Unda, Netflix yaratgan fast.com saytini oching, joriy ulanish tezligini bilib oling. Bu uyali aloqa nuqtalari, uyingiz yoki tekshirmoqchi bo‘lgan boshqa tarmoqlar uchun ishlaydi.

To‘g‘ri, mazkur vazifani bajaradigan boshqa saytlar ham bor, lekin brauzerga fast.com deb yozish har qanday qurilmada oson va sodda.

17. FlightStats

Jahongashta, talaba, biznesmen bo‘lasizmi — bundan qat’i nazar, ushbu sayt istalgan parvoz ma’lumotlarini kuzatish imkonini beradi. Parvoz raqamini kiritib, real vaqt rejimida samolyot qayerda uchib ketayotganini bilib oling.

18. Every Time Zone

Mamlakatlar o‘rtasidagi vaqt tafovutini hisoblab chiqish ko‘pchilik uchun oson emas. Ushbu sayt ayni damda dunyoning yirik shaharlarida soat necha bo‘lganini taqqoslab ko‘rsatadi.

19. PDF Escape

Ushbu onlayn PDF muharriri ortiqcha ilovalarni o‘rnatmasdan turib PDF fayllarni tahrirlash imkonini beradi. Uning yordamida fayllarni annotatsiya qilish va PDF blankalarni to‘ldirish mumkin.

20. Infogram

Mazkur veb-sayt bilan chiroyli inforgafikalar, shuningdek, jadval, hisobot va ijtimoiy tarmoq uchun vizual qo‘llanmalar yaratish mumkin. Zamonaviy muharrir yordamida ma’lumotni qiziqarli usulda taqdim etishingiz mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Internet haqida qiziqarli faktlar