Hamyonbop Android-smartfonni qanday tanlash kerak?

  •   DiMaX
  •  5548
  •  25.09.2017 12:05

Hamyonbop Android-smartfonni qanday tanlash kerak?

Hozirda smartfonlarning turlari ko‘payib qolgan va ular orasidan har kim o‘z ehtiyojiga, didiga va... hamyoniga qarab, o‘ziga keraklisini tanlab olishi mumkin. Qimmatbaho flagmanlar masalasi tushunarli – ulardan birortasini sotib olsangiz, maza qilib foydalanasiz. Xo‘sh, eng ko‘p ishlab chiqarilayotgan hamyonbop smartfonlar-chi?

Tan olish kerak: ularning ayrimlari o‘z narxiga nisbatan ancha sifatli ham. Lekin ko‘pchiligi bahosiga yarasha – arzonligiga uchib xarid qilsangiz, ko‘p jihatlaridan ko‘nglingiz to‘lmay qolishi mumkin. Shu bois, qimmat bo‘lmagan smartfonlarni ham tanlab, e’tibor bilan xarid qilgan ma’qul.

Agar hamyonbop smartfon olib, keyinchalik afsuslanib qolishni istamasangiz, u holda xariddan avval mutaxassislarning quyidagi tavsiyalariga quloq tuting.

Protsessor va tezkor xotira

Tezkor xotirasining hajmi – arzon smartfonlar uchun eng muhim ko‘rsatkichlardan biridir. Odatda hamyonbop modellarda tezkor xotira kichikroq bo‘ladi, ammo qancha katta hajmli bo‘lsa, qurilma shuncha yaxshi ishlaydi.

2017 yilga kelib, smartfonlar sanoati shunday taraqqiy etdiki, endi tezkor xotirasi 2 gigabaytdan kam bo‘lgan tanlamasangiz ham bo‘ladi. Agar ikki-uchta model orasidan tanlashga qiynalayotgan bo‘lsangiz, u holda RAM hajmi kattaroq bo‘lganiga jiddiyroq qarayvering.

Mutaxassislarning fikricha, tezkor xotira hatto protsessordan ham ko‘proq ahamiyatga ega. Biroq smartfonning «yuragi» hisoblanmish protsessor ham shunga loyiq bo‘lishi kerak. Hozirda ularning munosiblari sakkiz yadroli, takt chastotasi esa kamida 1,3 GGs bo‘lmog‘i lozim, shundan yuqori bo‘lsa yanada yaxshi.

Displey

Bu qismni tanlashda u qadar qiyinchilikka duch kelmaymiz. Sizga FullHD-displey kerak, 1080p – «oltin o‘rtalik». Shundan kamini olmaganingiz ma’qul, bundan kattasining esa smartfonga keragiyam yo‘q.

Kamera

Ko‘pincha yoshlar smartfon tanlashda e’tibor beradigan asosiy mezonlardan biri – kamera. Tag‘inam, uning necha megapikselli ekanligiga ko‘proq ahamiyat qaratiladi.

Lekin sizga kichik bir sirni ochmoqchimiz: megapiksellari ko‘pligi – smartfon kamerasi uchun eng muhim parametr emas. Yaxshisi, past darajada yoritilgan sharoitlarda kamera qay darajada sifatli suratga ola bilishiga e’tibor qaratgan ma’qul.

Agarda qo‘shaloq ob’yektivli yoki optik barqarorlashtirish tizimiga ega kamerali, hamyonbop smartfon uchrab qolsa, qo‘ldan chiqarmagan ma’qul.

Akkumulyator

Akkumulyatorning sig‘imi – qancha katta bo‘lsayam zarar qilmaydigan ko‘rsatkich! Smartfon bitta quvvatlashda qanchalik uzoq vaqtgacha ishlay olsa, shunchalik yaxshi. Imkon qadar ko‘proq sig‘imli batareyaga olavering, kamida 3000 mA/soat bo‘lsin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!