Hamyonbop Doogee S60 Lite – «o‘ldirib bo‘lmas» 4G-smartfon

  •   DiMaX
  •  5510
  •  10.03.2018 17:12

Hamyonbop Doogee S60 Lite – «o‘ldirib bo‘lmas» 4G-smartfon

Bugun – 10 mart kuni «osmon osti saltanati»da Doogee S60 Lite smartfonining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash kerakki, mazkur kompaniya Mobile World Congress 2018 anjumanida boshqalarga o‘xshamagan bir qator qurilmalarini namoyish etgan.

O‘QING: MWC 2018’da rekord: eng antiqa dizaynli smartfonlar va boshqa gadjetlarni kim olib kelgan?

Doogee S60 Lite modeli esa «o‘ldirib bo‘lmas» smartfon hisoblanadi, zero, uning korpusi har xil jismoniy ta’sirlardan himoyalangan. Ishlab chiqaruvchining da’vo qilishicha, IP68 standartiga ko‘ra muhofazalangan mazkur devays ikki metrgacha chuqurlikdagi suv ostida bir soatdan ortiq qolib ketsa ham yana ishlayveradi.

Smartfonning mustahkam korpusi metalldan ishlangan bo‘lib, qirralariga silikon qo‘yilmalar joylangan. Ular qurilma qo‘ldan tushib ketganida zarba kuchini kamaytirishga xizmat qiladi. Doogee’ning ta’kidlashicha, S60 Lite ikki metrgacha balandlikdan yerga tushib ketsa ham unga shikast yetmaydi.

Nomidan ham ko‘rinib turganidek, ushbu smartfon bir necha oy avval taqdim etilgan Doogee S60 modelining biroz arzonlashtirilgan va oddiyroq versiyasidir. Garchi Doogee S60 Lite rasman taqdim etilgan esa-da, ishlab chiqaruvchi uning barcha xususiyatlarini oshkor etishga shoshilmayotir.

O‘QING: 372 ming so‘mdan boshlanuvchi Doogee smartfonlarini AliExpress orqali xarid qiling!

Doogee S60 Lite gadjeti diagonaliga 5,2 dyuymlik IPS-ekran bilan jihozlangan. Piksellar sig‘imi 1920x1080 ni tashkil etuvchi – Full HD formatidagi displeyi ustiga Corning Gorilla Glass 5 himoya oynasi yotqizilgan. Bu esa smartfonning «o‘ldirib bo‘lmas»ligini ta’minlovchi omillardan yana biridir.

Smartfonning «elektron yuragi» sifatida 1,5 GGs takt chastotasida ishlovchi 8 yadroli protsessor xizmat qiladi. Tezkor xotirasi 4 gigabayt, doimiy xotirasi esa 32 gigabayt hajmga ega. Unga xotira kartasi qo‘yish imkoniyati haqida ma’lumot berilmagan.

Doogee S60 Lite’ning 16 megapikselli asosiy kamerasi suv ostida ham suratga ola biladi. Selfilar uchun esa uning ekrani tepasiga 8 megapikselli kamera o‘rnatilgan.

Ushbu smartfonning «quvvat toshi» ham boshqa xususiyatlariga mos holda baquvvat. 5580 mA/soat sig‘imli bu akkumulyator simsiz quvvatlashning Qi texnologiyasini, tag‘in tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi!

Darvoqe, to‘rtinchi avlod uyali aloqa standarti – 4G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi Doogee S60 Lite operatsion tizimining versiyasi ma’lum qilinmagan. Lekin, boshqa bir qator jihatlaridan tashqari, bu telefon NFC moduli bilan ham maqtana oladi. Ya’ni, u Google Pay (avvalgi Android Pay) va shunga o‘xshash to‘lov tizimlari bilan «kelishib» ishlashi mumkin.

Doogee S60 Lite smartfoni mart oyining oxirlarida bozorga chiqarilishi ma’lum qilingan, lekin narxi aytilmagan. Xaridorlarga u uch xil rangda – qora, kumushrang va tillarang korpuslarda taqdim etiladi. Ishlab chiqaruvchining aytishicha, bu smartfon klassik Doogee S60 devaysidan ancha arzon baholanadi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, yangi – «Lite»li modelga 200 AQSh dollarigacha bo‘lgan narx belgilansa kerak.

«Lite»siz – klassik Doogee S60 smartfonini esa onlayn savdo platformalaridan 259 dollarga olsa bo‘ladi. Uning xususiyatlarini ko‘rish hamda buyurtma berish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin.  Agarda onlayn xarid borasida tajribangiz yetarli bo‘lmasa, u holda tovarlarga «Terabayt.uz» saytimiz orqali buyurtma berish imkoni ham mavjud.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.