«Hamyonbop» iPhone Xr ham namoyish etildi – Face ID yuz skaneriga ega eng arzon ayfon!

  •   DiMaX
  •  3338
  •  13.09.2018 11:47

«Hamyonbop» iPhone Xr ham namoyish etildi – Face ID yuz skaneriga ega eng arzon ayfon!

Apple korporatsiyasi 2018 yilning 12 sentyabr kuni, o‘z shtab-kvartirasi yonida joylashgan Stiv Jobs nomidagi Teatrda taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Unda eng kutilgan gadjetlar – yangi avlod ayfonlari edi.

O‘QING: Eng ilg‘or protsessor va kuchli kameraga ega iPhone Xs hamda iPhone Xs Max taqdim etildi (+video)

«Olmali» korporatsiya bu tadbirda ikki modeldagi eng ilg‘or ayfonlari– iPhone Xs va iPhone Xs Max’dan tashqari, iPhone Xr rusumli nisbatan hamyonbop smartfonini ham taqdim etdi. Lekin ham flagman modellardagi kabi kuchli protsessor va to‘laqonli Face ID yuz skaneriga ega.

iPhone Xr smartfoni (avvalgi xabarlarda iPhone Xc deb ham nomlangan) diagonaliga 6,1 dyuymlik IPS-ekranga ega bo‘lib, displeyining tepa qismida «kemtik» mavjud. Ushbu «o‘yiq»da old kamera va TrueDepth tizimi datchiklari o‘rnatilgan, ya’ni bu yilgi arzon ayfon ham, xuddi iPhone Xs flagmanlaridagi singari yuzni tanish – Face ID texnologiyasi bilan ta’minlangan.

Flagman modellardagi kabi, mazkur ayfonga ham 7 nanometrlik texnologik jarayon asosidagi 8 yadroli Apple A12 Bionic protsessori o‘rnatilgan.

Ushbu modelning asosiy kamerasi yakka sensorli, ammo u ancha ilg‘or va sifatli. 12 megapikselli bo‘lsa-da, ko‘plab dasturiy algoritmlar evaziga u ajoyib suratlar olishga qodir.

iPhone Xs hamda iPhone Xs Max flagmanlari IP68 standartiga ko‘ra suvdan himoyalangani sababli 2 metrgacha suv ostida yarim soatgacha ham zararlanmay qola oladi. iPhone Xr modeli esa IP67 standartidagi muhofazaga ega, ya’ni suvga tushganidan keyin qisqa muddat o‘tib, ziyon yetishi mumkin.

Apple ushbu smartfonini bir nechta ranglardagi, jumladan – qora, moviy, oq, qizil va sariq tusli korpuslarda ishlab chiqaradi. Doimiy xotirasi 64 gigabayt hajmli bo‘lgan boshlang‘ich iPhone Xr versiyasiga 749 AQSh dollari miqdorida narx belgilangan. Mazkur smartfon uchun oldindan buyurtma olish 19 sentyabrdan boshlansa-da, ilk xaridorlar qo‘liga u 26 oktyabrdagina tegadi.

Uchta modeldagi yangi ayfonlarning xususiyatlarini taqqoslab ko‘rish uchun mana bu havola orqali o‘tishingiz mumkin. Avvalgi yillarda taqdim etilgan ayrim rusumlardagi esa iPhone’larni O‘zbekistonning istalgan yeridan onlayn xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Terashop.uz’dagi barcha iPhone’lar narxlari – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi! (2018 yil 10 sentyabr)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!