Hamyonbop rekordchi: Galaxy M51 naq 7000 mA/soatlik akkumulyator bilan chiqyapti!

  •   DiMaX
  •  7251
  •  22.08.2020 09:54

Hamyonbop rekordchi: Galaxy M51 naq 7000 mA/soatlik akkumulyator bilan chiqyapti!

Samsung arzon smartfonlar turkumidagi Galaxy M21, Galaxy M30s hamda Galaxy M31 modellarini naq 6000 mA/soatlik akkumulyator bilan jihozlagan. Ulardan so‘ng Galaxy M31s telefoni ham shunday «beli baquvvat» bo‘lib chiqqan.

O‘QING: Atigi 128 dollarga uch kamerali, 6000mAh batareyali va o‘yinbop protsessorli smartfon chiqdi!

Janubiy koreyalik texnogigantning Galaxy M turkumidagi navbatdagi smartfon esa bu borada rekord o‘rnatadi. Ya’ni, Galaxy M51 smartfonining akkumulyatori «avtonomlik monstrlari» deya maqtalgan yuqoridagi modellarnikidan ham ustun – naq 7000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega!

Shu bilan birga, PriceBaba resursi o‘z manbalariga tayanib, Samsung Galaxy M51 modelining boshqa texnik xususiyatlarini ham e’lon qilgan. Unga ko‘ra, bu smartfon diagonaliga 6,7 dyuymlik Super AMOLED ekran bilan ta’minlangan. Displeyda tasvir aniqligi Full HD+ formatida, ya’ni 1080x2400 piksellik.

Galaxy M51 korpusi o‘lchamlari 163,9x76,3x9,5 millimetrga teng bo‘lib, vazni 213 gramm tosh bosadi. Kompaniya yana unda yangi avlod – Bluetooth 5.0 interfeysini hamda USB 2.0 Type-C portini ham qo‘llayapti.

O‘QING: Realme C15 chiqdi – kvadrokamerali va batareyasi 6000 mA/soatlik arzon smartfon!

Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, Galaxy M51 modeli Qualcomm Snapdragon 730G protsessori bazasida ishlaydi, uni allaqachon Geekbench servisida sinab ham ko‘rishgan. Samsung uni 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor hamda 128 gigabaytlik doimiy xotira bilan taklif etadi.

Galaxy M51 kvadrokamerasi 64 + 12 + 5 + 5 megapiksellik datchiklardan iborat. Kompaniya uni Android 10 operatsion tizimi asosida tayyorlangan One UI 2.1 grafik qobig‘i bilan ta’minlayapti.

Eslatib o‘tamiz, Galaxy M51 allaqachon Samsung rasmiy saytiga ham chiqqan. Uning texnik xususiyatlari borasidagi asosiy ma’lumotlar esa undan ham avval AQShning Federal aloqa komissiyasi – FCC bazasida berilgan edi.

Samsung ushbu modelini kuzning boshida (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra – 4 sentyabr kuni) Hindistonda namoyish etishi kutilmoqda. Devaysning narxi hozircha noma’lum, lekin yuqoridagi texnik jihatlariga qaraganda, unchalik arzon bo‘lmasligi turgan gap.

O‘QING: Bor-yo‘g‘i 107 dollarga ulkan ekran va 6000 mA/soatlik akkumulyatorli smartfon chiqdi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!