Hamyonbop va aqlli 4K-televizor – Redmi A55 taqdim qilindi

  •   DiMaX
  •  856
  •  19.09.2020 09:49

Hamyonbop va aqlli 4K-televizor – Redmi A55 taqdim qilindi

Xiaomi o‘zining o‘n yillik yubileyida jahondagi ilk shaffof televizor – Mi TV Lux Transparent Edition modelini taqdim etgan edi. Uning arzonchi brendi esa kuni kecha o‘z aqlli televizorlarining yangi – Redmi Smart TV A turkumini chiqarayotganini e’lon qilgan.

O‘QING: Xiaomi dunyodagi ilk shaffof televizorning asosiy sirini oshkor etdi

Va nihoyat, mazkur turkumning ilk vakili – Redmi Smart TV A55 modelini rasman taqdim etdi. Uning nomidan ham anglashilib turgan 55 dyuymlik displeyi 3840x2160 piksellik aniqlikda tasvir uzatadi. Yupqa romga ega bo‘lgan ekrani 4K HDR hamda tasvirni yaxshilash texnologiyalari bilan boyitilgan.

HDR hamda tasvirni intellektual yaxshilash texnologiyalari

Yangi televizor MIUI for TV 3.0 operatsion tizimiga ega; bu – Android TV tizimining Xiaomi interfeysli modifikatsiyasidir. Mazkur tizimdagi PatchWall texnologiyasi foydalanuvchi ko‘proq nimani tomosha qilayotganidan kelib chiqib kontent va ilovalarni tavsiya etadi.

O‘QING: 4K-televizorlar savdosida yuksalish: bozorning yarmini ikkitagina kompaniya band etdi!

Redmi Smart TV A55 jamlanmasida boshqaruv pulti bor, lekin uning o‘rniga smartfondagi ilovani qo‘llasa ham bo‘ladi. Bu televizor Mijia / Mi Home ilovasi orqali Xiaomi ekotizimining boshqa gadjetlari bilan sinxronlashadi. Mazkur qurilma orqali ovozli buyruqlar yordamida aqlli uy qurilmalarini boshqarish imkoni ham bor. Kompaniya yana interfeys bo‘ylab navigatsiyani osonlashtiruvchi yangi – Minimalist Mode rejimini ham namoyish etgan.

Televizorning apparat ta’minoti asosini 4 yadroli MediaTek 9632 protsessori tashkil etadi; uni 1,5 gigabaytlik tezkor hamda 8 gigabaytlik doimiy xotira bilan ta’minlashgan. Redmi Smart TV A55 korpusida ikkitadan HDMI va USB 2.0, shuningdek Ethernet, S/PDIF hamda AV-portlari mavjud. Ovozning sifatli yangrashi uchun televizorga DTS stereotizimi joriy etilgan.

Xiaomi ushbu televizori uchun allaqachon o‘z yurtida 260 AQSh dollariga teng narxda oldindan buyurtma ola boshladi. Redmi Smart TV A55 ochiq savdoga 30 sentyabrda chiqariladi, o‘shanda uning narxi 295 dollarga ko‘tariladi.

O‘QING: Redmi bu mahsuloti bilan bozorni «portlatdi»!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!