Hamyonbop va kuchsizroq smartfonlar uchun sakkizta «yengil» ilova

  •   DiMaX
  •  2360
  •  19.06.2018 11:06

Hamyonbop va kuchsizroq smartfonlar uchun sakkizta «yengil» ilova

Mobil qurilmalar rivojlanib, kuchaygani sayin ular uchun ishlab chiqilayotgan ilovalar ham takomillashtirilib borayotir. Ammo bu dasturlarning aksariyatini nisbatan eski modellardagi hamda hamyonbop (ichki xususiyatlari pastroq) smartfonlar «ko‘tara olmasligi» mumkin.

O‘QING: Eng arzon smartfonlar: ularga qanday protsessorlar qo‘yiladi?

Shu bois ham ishlab chiquvchilar ayrim ilovalarning nisbatan «yengil» versiyalarini taqdim etishgan – ularda faqat eng kerakli funksiyalargina qoldirilgan bo‘ladi. Bugun Android-smartfonlarga moslangan shunday «yengil» dasturlardan ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.

BRAUZERLAR

  1. Opera Mini

Eng ommabop brauzerlardan birining yengillashtirilgan talqini. Lo‘nda interfeysidan tashqari, Opera Mini bir nechta yoqimli funksiyalarga ega. Masalan, reklamalarni bloklash, trafikni tejash, desktop Opera bilan sinxronlashish kabilar.

Opera Mini ilovasini ushbu havola orqali smartfoningizga yuklab olishingiz mumkin.

  1. Yandeks.Brauzer Layt

«Yandeks» kompaniyasi brauzerining muxlislari uchun uning «yengil» Android-ilovasi ham yaratilgan. Uning hajmiyam ikki megabaytdan salgina oshadi, tizim resurslarini ham ko‘p talab etmaydi. Yana bir qulay tomoni – «Yandeks.Brauzer Layt» ilovasini bevosita smartfonning o‘z xotirasiga emas, balki microSD-kartaga o‘rnatish imkoni ham mavjud.

Android-smartfoningizga «Yandeks.Brauzer Layt» brauzerini mana bu havola yordamida o‘rnatib olasiz.

  1. UC Browser Mini

UC Browser ilovasini ko‘pchilik ishlatadi, ammo uning mini-versiyasi yanada ixcham. Hajmi bir megabaytdan salgina oshsa ham, bu mini-brauzer ko‘p yaxshi funksiyalarga ega. Jumladan – tezkor yuklovchi, inkognito rejimi va tungi – to‘qrang mavzu kabilar.

UC Browser Mini brauzerini ko‘chirib olish uchun mana bu havola orqali o‘tasiz.

O‘QING: Smartfondan o‘chirish kerak bo‘lgan 5 ta ilova

IJTIMOIY MULOQOT ILOVALARI

  1. Skype Lite

Barchaga ma’lum va mashhur «Skayp»ning layt-versiyasi, u texnik jihatlari kuchsiz qurilmalar uchun maxsus ishlab chiqilgan. «Yengil» bo‘lishiga qaramasdan, to‘laqonli Skype’ning eng kerakli barcha funksiyalarini bajara oladi.

Skype Lite ilovasi mana bu havola yordamida yuklab olinadi.

  1. Facebook Lite

Bu – Facebook kliyentining «yengil» talqini. U smartfon resurslarini va quvvatini kamroq sarflaydi. Hatto internet tezligi past bo‘lsa ham «oddiy» versiyaga nisbatan tezroq ishlay oladi.

«Yengil» Facebook dasturini ushbu havola orqali ko‘chirib olish imkoni bor.

  1. Messenger Lite

Ko‘pchiligimiz foydalanayotgan Facebook Messenger’ning «parhezbop» versiyasi. Hajmi 10 megabaytdan kamroq bo‘lgan bu «yengil» messenjer Android operatsion tizimining 2.3 – Gingerbread’dan boshlangan barcha versiyalariga tushadi. Eng kerakli funksiyalar – qo‘ng‘iroq, xabarlar, videoaloqa funksiyalari mavjud.

Messenger Lite dasturini Google Play katalogidan mana bu havola orqali yuklay olasiz.

SMARTFONGA XIZMAT KO‘RSATUVChI ILOVALAR

  1. Dr.Web Light

Taniqli antivirusning «taroshlangan» – keraksiz qo‘shimcha funksiyalari olib tashlangan versiyasi. Fayl tizimini real vaqt rejimida skanerlab, tekshira oladi, tovlamachi-bloklovchilar qulflab qo‘ygan qurilmani yecha oladi. Yana bularning barchasini tizimga ortiqcha yuk solmasdan eplaydi.

Dr.Web Light ilovasini ushbu havola yordamida smartfoningizga yuklab olishingiz mumkin.

  1. Clean Master Lite

Smartfonning xotirasini tozalovchi va tezkor xotirasini bo‘shatuvchi Clean Master dasturining layt-talqini. Hajmi 5 megabaytdan salgina oshadi, ammo o‘z ishini puxta bajara oladi, hatto antivirus funksiyasi ham bor.

Smartfoningizni «yengillashtirib» turuvchi Clean Master Lite ilovasini mana bu havola orqali yuklab olasiz.

Aytish kerakki, yuqoridagi «yengil» ilovalar o‘zlarining to‘laqonli talqinlariga nisbatan smartfon xotirasini, tizim resurslarini va akkumulyator quvvatini kamroq sarflaydi.

O‘QING: Qaysi Android-ilovalar batareya quvvatini eng ko‘p sarflaydi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.