Haqiqiy xaker kim? Shudir masala!

Haqiqiy xaker kim? Shudir masala!

2-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining rasmiy veb-saytiga kiberhujum uyushtirildi. O‘shanda saytga Marsh Golden nomli xakerlar guruhi logotipi va "Kiberxavfsizlik markaziga salom" so‘zlari yozib qoldirilgan edi. Garchi sayt administratorlari 10 daqiqa ichida asosiy domendagi barcha ma’lumotlarni qo‘shimcha domenga o‘tkazishgan bo‘lsa ham, internet aholisi buni allaqachon payqab ulgurgan edi. Tabiiyki, voqea shov-shuvga aylandi.

Oradan bir necha kun o‘tib, 4-noyabr kuni My5 telekanalida efirga uzatilgan Markaziy Studiya ko‘rsatuvida 14 yoshli bola ushbu kiberhujumni sheriklari bilan amalga oshirganini da’vo qildi. Biroq, ertasi kuni Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi asl xaker umuman boshqa bola ekanligini oshkor qildi.

Terabayt.Uz olib borgan kichik tekshiruvlarga ko‘ra, My5'ga intervyu bergan bola ham IIV Kiberxavfsizlik markaziga intevyu bergan bola ham bir-birlariga aloqador yoxud ular bitta jamoada. Ushbu masaladan xabardor boshqa bir xaker bergan ma’lumotlarga asoslanib shuni aytishimiz mumkinki, "Marsh Golden" xakerlar guruhi emas, balki Marsh "Golden" nomli xakerlar guruhi a’zosi hisoblanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, asl xaker Namangan viloyatining Norin tumanida yashovchi bola bo‘lib, u 3-noyabr kuni huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan aniqlangan.

"Men bu kiberhujumni 2-noyabr kuni tahminan soat 11:00 larda amalga oshirganman. Shunchaki bu (sayt) zaif ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edim. Bu (zaiflik) haqida 28-oktabr kuni veb-sayt egalariga xabar qilingan, lekin javob kelmagan. Shu sababdan bu ishni amalga oshirgim keldi", - deydi shaxsi ochiqlanmagan yosh xaker.

Uning qo‘shimcha qilishicha, My5 telekanaliga berilgan intervyuda barcha ma’lumotlar yolg‘on.

"Marsh Golden'ni men yaratganman. Telegram kanal ham meniki. Admin ham menman. Va Marsh Golden deb atashimni sababi reper Eminemning "Marsh" nomli qo‘shig‘i bor. Shuni yaxshi ko‘rganim sabab Marsh Golden deb nomlaganman."

Shuningdek, qahramonimiz veb-saytga hujumni Ubuntu operatsion tizimida Python kodi orqali amalga oshirganligini ham ma’lum qilgan va u buning noqonuniy ekanligini bilmaganini aytib, qilgan ishidan pushaymon ekanligini bildirgan.

Hozirda daliliy ashyolar bo‘yicha ekspertiza tayinlanib, holatga huquqiy baho berish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda yoxud tushunarliroq qilib aytganda, Eminem muxlisining kompyuter va telefonlari olib qo‘yilgan. 

Videoda ta’kidlanishicha, butun dunyoda xakerlar shu tartibda ishlashadi, ya’ni ular senat.uz kabi past himoyalangan saytlarni buzib kirib, keyin o‘z nomlarini qoldirishadi. Shu yerda savol tug‘iladi: Oliy Majlis Senatining rasmiy veb-sayti yosh bola buzib kira oladigan darajada kuchsizmi? Albatta, hamma hech qaysi tizim xavfsiz emas, lekin yosh xaker zaiflik haqida sayt administratorlariga unga kiberhujum qilishdan 5 kun avval xabar qilgan, ammo ular shu vaqt oralig‘ida ham og‘izlariga tayyor solib qo‘yilgan oshni ham chaynay olishmagan yoinki, ular videoda aytilganidek davlat va jamiyatga ulkan zarar keltiradigan, insonlarning ijtimoiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hujumga yo‘l ochib berishgan.

O‘QING: Ilon Mask 3 mingdan ortiq Twitter xodimlarini ishdan bo‘shatdi