Har 25 nafar foydalanuvchidan bittasi gadjetlar tufayli baxtsiz hodisaga uchraydi

Har 25 nafar foydalanuvchidan bittasi gadjetlar tufayli baxtsiz hodisaga uchraydi

GoCompare taqqoslashlar sayti tomonidan 18-35 yoshdagi mobil aloqa vositalari foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari mobil aloqa vositalaridan foydalanish oqibatida har 25 nafar britaniyalikdan biri baxtsiz yo‘l hodisasiga uchrashini ko‘rsatmoqda.

So‘rovda jami 2 ming qatnashchi o‘smir ishtirok etgan. Ularning 30 foizi yonma-yon turgan yaqinlari va hamkasblari bilan real emas, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda suhbatlashishni afzal ko‘rishlarini, 36 foizi esa kun davomida jonli suhbatdan ko‘ra ko‘proq onlayn suhbat qurishlarini ta’kidlashgan.

Ayniqsa, smartfon va planshetlardagi ijtimoiy media ilovalar, tarmoq va messenjerlar yosh inglizlarning hayotiga katta xavf tug‘dirmoqda. Ular aynan mana shu resurslardan foydalanishlari natijasida kutilmagan falokatlarga duchor bo‘lishayotganini tan olgan.

Har yuz ishtirokchidan 73 nafari mobil aloqa vositalari va ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar orqali yaqinlari bilan muloqot ularga samarali hayot tarzini taqdim qilayotganini aytgan bo‘lsa, 31 nafarining fikricha, ijtimoiy tarmoq va boshqa zamonaviy aloqa vositalaridan ko‘p foydalanish ularni tobora yolg‘izlik girdobiga tortib ketmoqda.

So‘rov ishtirokchilarining 42 foizining tan olishicha, oila a’zolari yoki do‘stlari mobil qurilma vositalarini foydalanish yoki tekshirib ko‘rish uchun olib turishganida ularning bundan jahllari chiqib, asabiylashar ekanlar.

Respondentlarning 50 foizidan oshiqrog‘i mobil qurilmalarisiz turmush tarzlarini tasavvur qila olmasliklarini, ularsiz beorom bo‘lishlarini qayd qilishgan. 27 foiz ishtirokchilar esa smartfon va gadjetlardan foydalanish vaqtini qisqartirishlari zarurligini aytishgan.

“Zamonaviy qurilmalarning hayotimizga xavf tug‘dirayotgani chindan ham jiddiy muammo. So‘nggi vaqtlarda gadjetlardan foydalanish oqibatida salomatligiga shikast yetayotgan mijozlar soni oshib bormoqda,” deydi sug‘urta kompaniyasi vakili Ben Uilson.

Amerikaning The Huffington post internet nashrining yozishicha, avtomobilni boshqarish jarayonida mobil aloqa qurilmalaridan foydalanayotgan haydovchilarning baxtsiz yo‘l hodisasiga uchrash ehtimoli boshqalarnikidan 23 marotaba yuqoriroq bo‘lar ekan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!