Harorat telefonga qanday ta’sir qiladi?

Harorat telefonga qanday ta’sir qiladi?

Yurtimizda qish. Biroq ko‘chaga chiqib, bahor havosini his qilasiz. Hozircha qish avvalgilaridan ko‘ra issiqroq bo‘lib turibdi. Mayli, erta-indin qish qayta qilich yalong‘ochlasa, ajab emas. Gapni havodan boshlaganimizning sababi bor, albatta. Ya’ni mavzu sovuqning bizning doimiy hamrohimiz bo‘lgan smartfonlarga ta’siri. Yaqinda Hi-Tech Mail.Ru sayti mashhur gadjetlarning sovuqqa qanchalar bardoshli ekanini sinovdan o‘tkazdi va ma’lum xulosalarni e’lon qildi.

Eng chidamlilar

Sinov uchun Apple iPhone 6, Lenovo Vibe Shot, Samsung Galaxy S6 edge, Sony Xperia Z5 Compact va LG Class smartfonlari tanlandi. Shuni oldindan ma’lum qilish mumkinki, bu sinovda birinchi o‘rinni yapon flagmani Sony Xperia Z5 Compact egalladi. U nafaqat sovuqqa,balki suvga ham chidamli ekani aniqlandi. Apple iPhone 6 esa muzlab qoldi. Umuman olganda, hech bir mahsulotni -15°C daraja sovuqda ishlatmaslik tavsiya qilinadi.

Dasturchilar fikri

-15°C daraja sovuqda Apple iPhone 6 o‘zining yaxshi tomonlarini ko‘rsata olmadi. Gap shundaki, mazkur smartfon ishlab chiqaruvchilari uni 0°C dan past va 35 °C dan yuqori haroratda foydalanmaslikni maslahat bermoqda.

Apple iPhone 6 16GB

  • OT: iOS 8
  • Protsessor: Apple A8
  • O‘rnatma xotira: 16 GB
  • Foto hajmi: 8 Mpiks
  • Ekran diagonali: 4.7

Ana shunday tavsiya Samsung mutaxassislari tomonidan ham berildi.

Samsung Galaxy S6 Edge 32GB

  • OT: Android 5.0
  • Protsessor: Samsung Exynos 7420
  • Operativ xotira: 3 GB
  • O‘rnatma: 32 GB
  • Foto hajmi: 16 Mpiks
  • Ekran diagonali : 5.1

Quyidagi holatlarda kafolat majburiyatlari bajarilmaydi: agar telefon sinsa, suvga tushib ketsa, baland yoki past haroratda ishlatilsa, yemirilsa, oksidlansa, qurilmaning ichiga turli buyumlar, suyuliklar, hasharotlar tushsa…

LG, shuningdek, Huawei va boshqa ko‘pgina smartfonlarni ham 0°C past va 35 °C dan yuqori haroratda ishlatish tavsiya etilmaydi.

LG Class

  • OT: Android 5.1.1
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 410
  • Operativ xotira: 1.5 GB
  • O‘rnatma xotira: 16 GB
  • Foto hajmi: 13 Mpiks
  • Ekran dioganali: 5

LG mutaxassislarining qayd etishicha: Juda past va juda yuqori haroratda telefon buzilishi, sinishi va hatto portlashi mumkin.

Lenovo  smartfonlarining ishlash diapazoni: -10dan +35 °C gacha.

Lenovo Vibe Shot

  • OT: Android 5.0
  • Protsessor: Qualcomm Snapdragon 615
  • Operativ xotira: 3 GB
  • O‘rnatma xotira: 32 GB
  • Foto hajmi: 16 Mpiks
  • Ekran diagonali: 5

Sony mutaxassislari esa o‘z smartfonlari issiq va sovuqqa bardoshli ekanini aytishdi: -10 dan +45 °C gacha.

Sony Xperia Z5 Compact

  • OS: Android 5.1
  • Protsessor: Qualcomm MSM 8994 Snapdragon 810
  • Operativ xotira: 2 GB
  • O‘rnatma xotira: 32 GB
  • Foto hajmi: 23 Mpiks
  • Ekran diagonali: 4.6

Biroq, sinovda ishtirok etmagan yana bir smartfon borki, bu borada u mutloq ustunlik yoxud rekord ko‘rsatkichga ega. Bu Acer Liquid Z630. Mazkur smartfonni -10 dan +50 °C gacha bo‘lgan haroratda qo‘rqmay ishlatishingiz mumkin.

Acer Liquid Z630

  • OT: Android 5.1.1
  • Protsessor: MediaTek MT6735
  • Operativ xotira: 2 GB
  • O‘rnatma xotira: 16 GB
  • Foto hajmi: 8 Mpiks
  • Ekran diagonali: 5.5

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hozirgi smartfonlar kuchli sovuqqa bardosh bera olmasa, Shimoliy Qutbda yashovchilar nima qiladi? Telefon ishlatmaydimi?

Agar yuqoridagi ko‘rsatkichlar rost bo‘lsa, Arktikada yetakchi brendlarga “non” yo‘q. Chunki u yerlarning o‘z “bo‘risi” bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli sovuq bo‘ldigan joylarda, jumladan,  Arktikaning barcha nuqtalarida maxsus Iridium telefonlari ishlatilar ekan.

Guvohi bo‘lganingizdek, harorat smartfonlarga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Shuning uchun belgilangan darajadan yuqori holatlarda telefondan foydalanmagan ma’qul.