Havonamlagich qanday texnika?

Havonamlagich qanday texnika?

Quruq havo salomatlikka ziyon yetkazishini ayrimlar bilavermaydi. Maishiy texnika do‘konlarini kezib havonamlagich nomli qurilmaga ko‘zingiz tushgandir. Ular faqatgina narxi va ko‘rinishi bilangina emas, namlatish texnologiyasi bilan ham bir-biridan farq qilishidan xabardormisiz?

Keling, havonamlagich (rus. uvlajnitel vozduxa, ing. Humidifier) qanday ishlashi, uning turlari, afzallik va kamchiliklari to‘g‘risida hikoya qilamiz.

  1. An’anaviy havonamlagichlar

Odatda, korpusi plastikdan ishlanadi. Bug‘lantiruvchi filtr va motor pompa bilan ventilyatorni harakatga keltiradi. Pompa suvni filtrning mahkamlagich ramkasigacha ko‘taradi, uning bor bo‘yicha teshiklar ochilgan tarnovchasi bor. Suv undan filtr bo‘ylab pastga oqadi va doimo namlab turadi. Ortiqcha suv yana rezervuarga tushadi. Ventilyator namlangan filtr orqali havoni xonaga haydaydi.

Pompasiz an’anaviy havonamlagichlar ham uchraydi. Uning filtri pastdagi rezervuar suvidan namlanib turadi. Rezervuar olib-qo‘yiladigan yoki korpusning bir qismida joylashgan bo‘lishi mumkin. Maishiy havonamlagichlarning suv sarfi ko‘pi bilan soatiga 900 ml.

Afzalliklari:

  • Tabiiy ravishda namlantiradi. Narsalarga oq karash (vodoprovod suvidagi kalsiy va magniy tuzlari) qatlami o‘tirib qolmaydi
  • Yuqori darajada sifatli namlantiradi
  • Foydalanish oson
  • Qizimaydi
  • Energiya iste’moli kam

Kamchiliklari:

  • Namlash darajasi 60 foizga yaqin (muayyan haroratda havoning namlikka ta’sirchanligiga bog‘liq)
  • Narxi baland
  • Filtrini almashtirish qo‘shimcha xarajat talab qiladi

Xarid qilayotganingizda ish unumdorligiga, namlantirish maydoni hajmi va suv rezervuari sig‘imiga, almashtiriladigan filtrlarining bahosiga, oson yig‘ilishiga (razborka-sborka) e’tibor bering.

Asosan, BRUNE, Stadler Form, Boneco, Element, Philips firmalari ishlab chiqaradi.

  1. Ultratovushli havonamlagichlar

Mazkur qurilmada suv rezervuardan membranaga ko‘tariladi va yuqori chastotali (ultratovushli) tebranishlar uni zarraga aylantiradi. Kichik ventilyator havoni haydashi natijasida suv zarralari tumani havoga purkaladi. Bakka suv soladigan maxsus kartrij o‘rnatilgan, u atrofdagi narsa-buyumlarda oq karash qatlam o‘rnashib qolmasligi uchun suvni har xil tuzlardan tozalaydi. Agar suv juda qattiq bo‘lsa, to‘g‘ri kelmaydi, shuning uchun avvaldan yumshatilgan suv quygan ma’qul. Suv sarfi ko‘pi bilan soatiga 600-700 ml.

Zamonaviy ultratovushli havonamlagichlarning aksariyati elektron usulda boshqariladi: bir necha rejimda ishlaydi, belgilangan namlikni hosil qila oladi (gigrostati bor), havoni ionlashtiradi, bug‘ning haroratini oshirish uchun suvni qizitadi. Havoni namlatish darajasi chegaralanmagan, keragicha namlatsangiz bo‘ladi (masalan, oranjereya uchun).

Afzalliklari:

  • Namlantirish darajasini tanlash mumkin
  • Keragicha namlantirish mumkin
  • Ish rejimi har xil
  • Yumshatuvchi arzon kartrij ishlatiladi
  • Energiyani kam iste’mol qiladi (suvni isitishni hisobga olmaganda)
  • Hamyonbop narxda turli rusumlari bor

Kamchiliklari:

  • Qattiq suv quyilganda mebelda karash qatlam yuzaga keladi
  • Havoni sekin namlantiradi
  • Qurilmaning yonidagi havo yaxshiroq namlanadi
  • Havonamlagichning yonida halqobcha yuzaga kelishi mumkin

Xarid qilayotganda ish unumdorligi, namlantirish maydoni hajmi, suv rezervuari sig‘imi, tegishli darajada namlantirish funksiyasi, “issiq bug‘” rejimi va oson yig‘ilishiga e’tibor bering.

Asosan, Ballu, Electrolux, Boneco, Timberk, Polaris, NeoClima firmalari ishlab chiqaradi.

  1. Bug‘li havonamlagichlar

Bug‘li qurilmada suv rezervuardan isitkich-taglikka o‘tadi (zamonaviy choynakka o‘xshash) va bug‘ga aylanib bir oz soviydi hamda alohida kanal orqali xonaga tarqaladi. Qaynatilgani sabab mikrob va bakteriyadan xoli sof bug‘ chiqadi. Agar havonamlagich elektron va gigroskop o‘rnatilgan bo‘lsa, belgilangan namlikni saqlay oladi.

Bug‘li havonamlagichlarning namlantirish intensivligi turlicha, havoni xushbo‘ylashtiruvchi va ionlashtiruvchi turlari ham bor. Namlashtirish darajasining chegarasi yo‘q, 90 foizgacha yetkazish mumkin. Ammo havo namligini bu qadar oshirish tavsiya etilmaydi, chunki salomatlik uchun xavflidir. Bug‘li havonamlagichlarning kamchiligi energiyani ko‘p iste’mol qilishidir. Suv sarfi soatiga 180-500 ml.

Afzalliklari:

  • Namlashtirish darajasi chegara bilmaydi
  • Belgilangan darajada havo namligini saqlaydi (elektron boshqaruvli bo‘lsa)
  • Ish rejimlari turlicha
  • Narsa-buyumlarda oq karash qoldirmaydi
  • Sarflaydigan materiali yo‘q

Kamchiliklari:

  • Suv qaynatishi tufayli ehtiyotkorlik talab etiladi
  • Iliq bug‘ havo haroratini oshirib yuboradi
  • Boshqa turdagi havonamlagichlarga qaraganda elektrni ko‘p iste’mol qiladi
  • Ko‘pik qoldig‘idan tozalab turish lozim

Xarid paytida ish unumdorligi, namlantiradigan maydoni hajmi, suv rezervuari sig‘imi, ish rejimlari, oson yig‘ilishiga e’tibor bering.

Asosan, Boneco, Breurer, Stadler Form, DeLonghi firmalari ishlab chiqaradi.

  1. Havoni yuvish

Havonamlagich ishlab chiqaruvchi firmalar, nafaqat havoni namlash, balki tozalashga ham e’tibor qaratmoqda. Qurilmaga rel’yefli aylanuvchi plastik disklar joylangan bo‘lib, o‘rnatiladigan bakdan unga suv uzatiladi. Havo ventilyator yordamida disk orqali haydab, namlanadi va albatta, kattaroq chang zarralari, tuk, soch tolasi kabi chiqindilar ichkarida qoladi.

Ammo bu jarayonda havo batamom tozalanadi, deb hisoblamang va reklamadagi va’dalarga uchmang, chunki mayda changni tozalay olmaydi.

Qurilma elektron tarzda boshqarilishi, displey, gigrostati, termometri bo‘lishi mumkin. Bu turdagi maishiy havonamlagichlarning suv sarfi 500 ml/soat atrofida.

Afzalliklari:

  • Yirik changlardan havoni tozalashi
  • Belgilangan darajada havo namligini saqlashi (rusumiga bog‘liq)
  • Narsa-buyumlarda karash qoldirmaydi
  • Sarflaydigan materiallari yo‘q
  • Energiya iste’moli kam

Kamchiliklari:

  • Mayda dispersli eng xavfli changlardan havoni tozalay olmaydi
  • Havoni namlantirish tezligi past
  • Boshqa turdagi havonamlagichlarga qaraganda murakkabroq tuzilgan

Xarid paytida ish unumdorligi, namlantiradigan maydoni hajmi, suv baki sig‘imi, boshqaruv tizimiga (elektron boshqaruvlisi qulay), oson yig‘ilishiga e’tibor bering.

Asosan, Electrolux, Venta, Boneco, Ballu firmalari ishlab chiqaradi.

  1. Iqlim majmuasi bilan havoni namlantirish

Iqlik majmuasi (klimaticheskiy kompleks) havoni chang, bakteriya, virus, yoqimsiz hid va allergenlardan tozalashga mo‘ljallangan filtrlar tizimiga ega maishiy texnikadir. Ushbu qurilma uy iqlimini yaxshilashga kompleks ravishda yondashadi.

Odatda iqlim majmuasining havonamlagichi an’anaviy tarzda ishlaydi, ya’ni suvga to‘yingan havo xonaga purkaladi. Ultratovushli havonamlagichli iqlim majmuasi kam uchraydi. Iqlim majmuasining birlamchi vazifasi havoni namlash emasligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Qolaversa, bu qurilma qimmat turadi. Agar xonadoningiz havosini namlash siz uchun birinchi darajali bo‘lsa, havonamlagichning o‘zini sotib olishni tavsiya qilamiz.

  1. Bularni ham hisobga oling

Ishlab chiqaruvchi firma havonamlagichning tozalash maydoni kattaligini reklama qilganiga uchmang. Esda tuting: reklamada ideal sharoitda ishlatish nazarda tutiladi, ya’ni xona ichidagi to‘siqlar yo‘q, tashqaridan havo kirmaydi, tashqi harorat ta’sir qilmaydi va hokazo. Turmush sharoitida esa buning iloji yo‘qligi aniq. Qolaversa, xona shiftining balandligi ham ta’sir ko‘rsatadi.

Eng sershovqini bug‘li havonamlagichdir. Choynak singari shaqillab qaynagan ovoz chiqaradi.

Ultratovushli havonamlagichlar aholi orasida keng tarqalgan. Magazinlarda ko‘p uchraydi. Ammo ular havoni sekin namlatadi. Ultratovushli havonamlagichdan huzurlanaman desangiz, yonida o‘tiring, shundagina ta’siri seziladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!