Hayajonli xulosalar: olimlar Bermud uchburchagida kemalarning g‘oyib bo‘lish sababini aniqlashdi

  •   Saroy
  •  6106
  •  04.08.2018 17:04

Hayajonli xulosalar: olimlar Bermud uchburchagida kemalarning g‘oyib bo‘lish sababini aniqlashdi

Sautgempton universiteti olimlari Bermud uchburchagi jumbog‘ini yechishganini ma’lum qildi. Tadqiqotchilarning fikricha,  Atlantika okeanining ushbu hududida kemalarning g‘oyib bo‘lishiga adashgan, darbadar to‘lqinlar sabab bo‘lgan. Mutaxassislar Bermud uchburchagining kompyuter modelini tahlil qilib, shunday xulosaga keldilar. Ularning ta’kidlashicha, to‘lqinlarning balandligi 30 metrgacha yetgan. Ma’lum bo‘ldiki, bunday to‘lqinlar hatto uzunligi 180 metrgacha yetadigan ulkan laynerlarni ham parchalab yuborishi mumkin. Rossiyalik ekspertlarning fikricha, ushbu hududlarning  asosiy xavfi kutilmaganda sodir bo‘ladigan po‘rtanalardir.

Shu vaqtgacha Bermud uchburchagida kemalarning  izsiz g‘oyib bo‘lishiga sabab bo‘luvchi bir nechta versiyalar mavjud edi. Masalan ayrim olimlarning fikricha,  kemalar kuchli Golfstrim oqimi tufayli shunchaki borar manzilini topolmay adashib qolgan. Boshqa bir   olimlar guruhi esa, jumboqli fojealar shelfostida muttasil ravishda kuchli metan otilib turgan va issiq gaz suvning zichligini shu qadar pasaytirganki, natijada kemalar suv yuzasida tura olmay cho‘kib ketgan, degan fikrni ilgari so‘rgandi.

Ayrim gepotezalarga ko‘ra, to‘lqinlar ma’lum bir sharoitlarda infratovush keltirib chiqarishi mumkin. Olimlarning fikricha, mazkur tovushlar ekipaj a’zolariga afsonaviy sirli sirenalar kabi ta’sir etishi mumkin va bu sirli ohanglar dengizchilarning aql-idrokini xiralashtirib qo‘ygan.

Ammo Sautgempton universitetining britaniyalik tadqiqotchilari tomonidan Bermud uchburchagida kemalarning sirli ravishda g‘oyib bo‘lishiga keltirilgan sabablar anchayin ishonchli chiqmoqda. Ularning fikricha, barcha ayb ulkan to‘lqinlarda.

Atlantikaning ushbu hududi sirini yechish uchun olimlar kompyuterda  «iblis uchburchagi»ni modellashtirishdi. Mavjud meteorologiya va jo‘g‘rofiy ma’lumotlarga asoslanib, olimlar aniqlashdiki, bu hududda doimiy ravishda kuchli   dovullar bo‘lib turadi va u o‘z navbatida darbadar to‘lqinlarni vujudga keltiradi. Bunday to‘lqinlarning ushbu xavfli hududda suzib o‘tayotgan kemalarga qanday ta’sir etishini tushunish uchun, olimlar virtual to‘fonga kompyuterda modullashtirilgan «Siklop» kemasini jo‘natdi.

Ushbu kemaning muqobili, ya’ni shu nomdagi Amerika kemasi 1918 yilda Rio-de-Janeyro portidan AQShga jo‘nab ketgan edi. 180 metrli kema bortida 10 ming tonna marganets rudasi bor edi hamda 300 nafar yo‘lovchi ham ketayotgan edi. Afsuski, «Siklop» belgilangan manzilga yetib kela olmadi. Oxirgi paytda kemani Barbadas hududida ko‘rishgan, shundan keyin kema izsiz g‘oyib bo‘lgan. Qanchalik sinchiklab qidirilmasin, kemaning na siniq parchalari, na halok bo‘lgan odamlarning jasadlarini topish mumkin bo‘ldi.

Kompyuterda yaratilgan hamda 30 metrli to‘lqin hukmida qolgan «Siklop»ning taqdiri  unchalik jumboqli kechmadi: ulkan kema ikki bo‘lakka bo‘linib ketdi va bir zumda suv ostiga g‘oyib bo‘ldi.

«Kema ustiga yopirilgan suv bosimiga chiday olmadi. «Siklop» ikki daqiqada cho‘kib ketgan. Demak, aytish mumkinki, Bermud uchburchagida g‘oyib bo‘lgan kemalarning aksariyatini ham ana shunday fojeali taqdir qarshi olgan», — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Saymon Bosall.  

Britaniyalik geograflar ta’kidlashicha, Bermud uchburchagida kemalarning g‘oyib bo‘lishi dunyo okenlarining boshqa hududlarida yuz berayotgan shu kabi halokatlardan ko‘p emas va endi shunday xulosa chiqarish mumkinki, bularning barchasiga sabab  tabiyat keltirib chiqaradigan hodisalardir.

O‘z navbatida, rossiyalik olimlar britaniyalik hamkasblarining xulosalari adolatli ekanini ta’kidladilar va shuni qo‘shimcha qildilarki, ulkan darbadar  to‘lqinlar aksariyat hollarda kemalarning halokatiga sabab bo‘ladi.

«Atlantikada bunday to‘lqinlar 25 va undan ham baland bo‘ladi. Bermud uchburchagida esa yana ko‘plab tropik tayfunlar ham bo‘lib turadi. Shu bois to‘fonlar bo‘lib o‘tishi natijasida bu joylardagi to‘lqinlar juda baland bo‘ladi», — deydi M.V. Lomonosov nomidagi MDU geografiya fakulteti dekani Sergey Dobrolyubov.

Ekspertning ta’kidlashicha, darbadar to‘lqinlarning asosiy xavfli tomoni ularning qo‘qqisdan paydo bo‘lishi va uning vujudga kelish sababi bitta emasligidadir.

«Agar to‘fon yaqinlashib kelayotganini ogohlantirish mumkin bo‘lsa, darbadar to‘lqinlar esa paydo bo‘lgan joyidan minglab kilometr uzoqqa ketishi mumkin va keyin kutilmaganda kemaga yopirilishi mumkin», — deya ta’kidlaydi Dobrolyubov.

Bugungi kunda darbadar to‘lqinlar haqidagi ma’lumotlar sun’iy yo‘ldosh («Atlas voln» (Wave Atlas) orqali  doimiy ravishda Yerga kelib turadi. Ekspertlar esa yo‘ldosh aniqlagan  to‘lqin vujudga keladigan nuqtani xaritada belgilab qo‘yadi. Mutaxassislar hisob-kitobicha,  agar loyihaning dastlabki xulosalari muvaffaqiyatli, deb tan olinsa,  doimiy ravishda yangilanib turadigan mana shunday atlas  dengiz qatnovi xavfsizligini yanada ishonchliroq ta’minlashi mumkin bo‘ladi.   

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!