HDR va Dolby Vision nima va ular qanday vazifani bajaradi?

HDR va Dolby Vision nima va ular qanday vazifani bajaradi?

So‘nggi yillarda displeylar yuqori sifatli surat va videolarni tasvirlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda hamda ular uchun yangidan yangi texnologiyalar yaratilmoqda. Biroq texnologiyalarning barchasi ham HDR yoki High Dynamic Range (Yuqori dinamik diapazon) kabi tasvirga katta ta’sir o‘tkazgani yo‘q. 

HDR tasvir sifatini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, HDR funksiyasi tasvirga uning Full HD (1080p) dan 4K yoki 8K formatga o‘tishdan ko‘ra ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi.

HDR o‘zi nima?

HDR - bu video kontent yaratuvchilariga yuqori yorqinlik va ranglarning aniqligi taqdim etuvchi hamda yaxshi kontrastli videolar yaratish imkonini beruvchi texnologiya. HDR ko‘pincha kinoteatrlarda qo‘llanilsada, u smartfon, televizor va planshetlarda tobora ommalashib bormoqda.

Umumiy olganda HDR'ning besh xil turi mavjud. Ularning ikkitasi statik, uchtasi dinamik format qatoriga kiradi. Statik formatdagi HDR10 deyarli barcha HDR'ni qo‘llab-quvvatlovchi displeylarda uchraydi. 

Statik formatda HDR kontentini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar video davomida bir martta aniqlanadi. Video boshlanishi bilan bu ma’lumotlar o‘zgarmaydi. 

Dinamik formatning eng ko‘p tarqalgan turi bu HDR10+ hisoblanadi. Statik formatlardan farqli o‘laroq, dinamik format tomosha qilayotgan videoga moslashishi mumkin, ya’ni har bir sahnaga qarab HDR elementlarini ko‘paytiradi yoki qisqartiradi. HDR'ni bu tarzda yaratish uchun esa ko‘proq ma’lumot kerak bo‘ladi. 

Dolby Vision nima?

Dolby Vision - bu Dolby Labs tomonidan ishlab chiqilgan dinamik HDR format. Tasvirni sahnama-sahna (hatto kadrma-kadr) asosida sozlash orqali bu funksiya yuqori darajadagi ranglar aniqligini taqdim etadi. Ekrandagi har bir tasvir optimallashtirilgan bo‘lishi uchun u doimiy ravishda tasvirga o‘zgarishlar kiritadi. 

Dolby Vision oddiy HDR10'ga qaraganda yuqori yorqinlik darajasini taqdim etadi. HDR10 maksimal 1000 nit yorqinlik darajasini qo‘llab-quvvatlasa, bu ko‘rsatkich Dolby Vision'da 10,000 nitni tashkil qiladi. 

Xuddi shunday ustunlik ranglar aniqligida ham mavjud. HDR10 kontent 10 bit ma’lumotlardan foydalangan holda ranglarnini tanlash imkonini beradi, Dolby Vision'da esa bu 12 bitgacha oshirilgan. Bu raqamlar orasida unchalik katta farq yo‘q deyishga shoshilmaslik kerak. Ikki bit ham katta farqlarni yuzaga keltiradi. 10 bit bilan bitta asosiy rangning 1024 turini tanlash mumkin. Bu bir milliarddan ortiq ranglarni taqdim etadi. 12 bitda esa bitta asosiy rangning 4096 ta turini tanlash mumkin, bunda umumiy 68 milliarddan oshiq ranglar kelib chiqadi. 

O‘QING: O‘tgan oyda dunyo bo‘ylab eng ko‘p yuklab mobil o‘yinlar 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!