«Hidoyat sari» ilmiy-ma’rifiy onlayn telekanali ish boshladi

  •   DiMaX
  •  310
  •  08.07.2021 09:55

«Hidoyat sari» ilmiy-ma’rifiy onlayn telekanali ish boshladi

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) tizimida «Hidoyat sari» («Haqiqat yo‘lida ko‘rsatma») ilmiy-ma’rifiy onlayn telekanali ishga tushirildi. Bu haqda MTRK rahbari Alisher Xadjayev o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi, deb yozmoqda Daryo.

O‘QING: Mobil operatorni UZREPORT TV sudga berdi

Xadjayevning yozishicha, MTRK arxiv fondida diniy ilmiy ekspertizadan o‘tgan, turli talqinga o‘rin bermaydigan darajada ishonchli ma’lumotlarga asoslangan diniy-tasavvufiy, ilmiy-ma’rifiy, islomshunoslik va tarix, ajdodlar merosi kabi turkum teledasturlar, allomalar haqida hujjatli filmlar bazasi mavjud.

«Shundan kelib chiqqan holda, MTRK OTT (over the top — internet orqali video xizmatlarni taqdim etish usuli — tahr.) platformasida «Hidoyat sari» ilmiy-ma’rifiy virtual (onlayn) telekanalini tashkil etish maqsadga muvofiq», — deyiladi xabarda.

Kecha-kunduz efirga uzatiladigan telekanal quyidagi dasturlarni namoyish etadi:

  • mamlakatda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obod etish, din musaffoligini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat hamda turli millat va e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib etilgan teledasturlar;
  • xalqning diniy savodxonligini oshirish, mamlakatda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va bunyodkorlik ishlari bilan aholini yaqindan tanishtirib borish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chuqur falsafiy va ibratga yo‘g‘rilgan ilmiy-ommabop va badiiy ko‘rsatuvlar;
  • bugungi globallashuv davrida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar hamda oilaviy, odob-axloq va yosh avlod tarbiyasining dolzarb masalalar yuzasidan din sohasi vakillari, mutaxassis va olimlari bilan bahs-munozara va muloqotlar, davra suhbatlari;
  • aholi, xususan, yoshlarni g‘arazli kuchlar va oqimlarning ta’siridan asrash, terrorizm va ekstremizm g‘oyalarining asl maqsadlarini fosh etish, har xil oqimlardan, shu jumladan, «ommaviy madaniyat»ning zararli illatlaridan himoya etishga yo‘naltirilgan maxsus ko‘rsatuv va roliklar.

Ma’lumot uchun, teleradiokompaniyaning «Hidoyat sari» studiyasini va Toshkent Islom Universitetining «Ziyo Media Markazi»ni yaratish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 sentyabrdagi qarori bilan belgilangan.

O‘QING: O‘zbekistonda to‘liq chet tillarida yangi telekanal va radiokanallar ochiladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!