Hindistonni «Jio’lashtirish»: 1,3 milliard aholini BEPUL 4G-aloqa bilan ta’minlab, internetni 5 karra arzonlatgan milliarder!

  •   DiMaX
  •  2307
  •  17.12.2018 18:48

Hindistonni «Jio’lashtirish»: 1,3 milliard aholini BEPUL 4G-aloqa bilan ta’minlab, internetni 5 karra arzonlatgan milliarder!

Neftni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi Reliance Industries xoldingi rahbari Mukesh Ambani o‘z vatani Hindistonda ilk VoLTE-kommunikatsiyalari va 4G-tarmog‘ini taklif etuvchi Jio aloqa kompaniyasini tashkillashtirishga 35 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarfladi. 2016 yili tashkil etilgan ushbu uyali aloqa operatori bepul qo‘ng‘iroqlar va arzon mobil internet taklif etishdan tashqari, atigi 20 dollardan 4G-telefon ham sotadi.

O‘QING: Hindistonlik milliarder: barchaga tekin 4G

Natijada Hindistonda uyali aloqa xizmati narxlari keskin tushdi; shuningdek, 1,3 milliardlik aholiga ega mamlakatning 99 foiz hududiga 4G-internet yetib bordi. Mamlakat ikki yil ichida trafik iste’moli bo‘yicha 155-o‘rindan birinchi o‘ringa chiqib oldi!

Tahlilchilar prognoziga ko‘ra, 2020 yilga borib Jio abonentlari soni 400 million nafarga yetadi, 2021 yilgacha esa bu kompaniya yarim milliardlik foydalanuvchisi bilan hind telekommunikatsiya bozorining yetakchisiga aylanadi. Ammo tinib-tinchimas Mukesh bu bilan ham cheklanib qolmoqchi emas – u Jio bazasida turli kontent, xizmat va reklamalarni pullovchi raqamli platforma tashkil etib, Amazon va Google bilan raqobatga kirishmoqchi.

Jio’ni ishga tushirish va g‘oyalarini amalga oshirish uchun Mukesh olti yil mobaynida o‘zining neft biznesidan kelayotgan mablag‘laridan milliardlab dollarni o‘sha paytda «istiqboli yo‘q» deb hisoblangan yo‘nalishga sarflagan. Keyin esa faol tarzda demping qilgan – xizmatlarini bozorda raqobatchilaridan ko‘ra arzon narxlarda, shuningdek, ularda yo‘q servislarni ham taklif etgan.

Aka-uka milliarderlar haqidagi hind ertagi

Mukesh va Anil Ambanining otasi 1966 yili tekstil sanoati bilan shug‘ullanuvchi Reliance Industries kompaniyasini tashkil etgandi. Keyinchalik u moliya, telekommunikatsiya, energetika, neft va boshqa sohalar bilan shug‘ullanuvchi, umumiy qiymati 110 milliard dollardan oshgan mamlakatdagi eng yirik xolding darajasigacha o‘sib chiqdi.

2002 yili ota insult oqibatida vasiyat qoldirmasdan olamdan o‘tgach, undan qolgan imperiyani aka-uka hamkorlikda boshqara boshladi. Otasining «otkritkadan arzon mobil qo‘ng‘iroqlar» haqidagi orzusini amalga oshirishni o‘z burchi deb bilgan Mukesh 2002 yilning dekabrida CDMA standartida xizmat ko‘rsatuvchi Reliance Infocomm (RComm) telekommunikatsion kompaniyasiga asos soldi. Bu bozorda samarali faoliyat yuritish uchun u ilg‘orroq takliflar berishi kerakligini tushungan Mukesh yuqori tezlikdagi CDMA standartini tanladi – u nafaqat qo‘ng‘iroqlar, balki tezkor internet va boshqa xizmatlarni ham taklif etardi.

RComm aloqa operatori 2003 yilning 28 dekabrida – Mukeshning otasi tug‘ilgan kunida ishga tushdi. Narxlarning tezkorlik bilan tushirib borilishi hamda yangi kontent-servislari evaziga u tezda Hindiston mobil xizmatlar bozoridagi kuchli uchlikka kirib oldi.

2004–2005 yillarda Reliance aktivlari bois aka-uka orasida nizo kelib chiqdi: Anil operatorni kompaniya aktivlari asosida noqonuniy moliyalashtiryapsan, deya Mukeshni ayblardi. Aka-ukaning orasidagi ziddiyatga ona aralashib, ularni kelishtirib qo‘ydi.

Mukeshning oldida ikki yo‘l turardi: u yo muntazam daromad keltirib turuvchi neftni qayta ishlash biznesini, yoki Rcomm’ni tanlashi kerak edi. U aloqa kompaniyasini Anilga qoldirdi va aka-uka o‘zaro raqobatga kirishmaslik haqida shartnoma tuzdilar. Ya’ni, to 2010 yilgacha bir-birining biznesi sohasida kompaniya yarata olmas edilar.

Reliance xodimlarining fikricha, bu ikki aka-ukaning biznesni yuritishga bo‘lgan munosabatlari tubdan farq qiladi. Mukesh uchun RComm hayot-mamot masalasi bo‘lsa, Anil birmuncha soddaroq va ochko‘zroq – u shunchaki biznes yuritib, katta boylik orttirishgagina qiziqardi. Mukesh o‘zining har bir biznesini mayda-chuydalarigacha ishlab chiqardi, har bir jarayonni ichkaridan nazorat qilish uchun soatlab yig‘ilishlar o‘tkazardi.

4G: Mukeshning telekomga shiddatli qaytishi

2010 yili Mukesh Ambani yana telekommunikatsion bozorga qaytishga qaror qildi, ammo endi uning bu boradagi niyatlari ham ulkan edi. Jio kompaniyasi shunchaki mobil operator bo‘libgina qolmasdan, Hindiston bozorining 50 foizini egallovchi, raqamli xizmatlarning barcha turlarini taklif etuvchi ulkan platformaga aylanishi kerak edi.

Kelajakning internetda ekaniga ko‘zi yetgan Mukeshi Ambani endi ovozli qo‘ng‘iroqlarga emas, balki mobil trafikka borini tikdi. Qo‘ng‘iroqni u shunchaki BEPUL qilib qo‘ydi, shu orqali yig‘ilgan abonentlar esa internet bilan bog‘liq xizmatlar va servislarga pul sarflashga tayyor bo‘lishlari kerak edi.

Mukesh o‘z vatanidagi IT-bozorning asosiy muammolaridan birini hal etishga, ya’ni – kishilar uchun tezkor internetga oson va arzon ulana olish imkonini taqdim qilishga bel bog‘ladi. Hindistonning bir milliard aholisi uning shaharlarida istiqomat qiladi, aloqa operatorlari esa shahardan tashqari hududlarda o‘z xizmatlarini rivojlantirmas edilar. Umuman olganda, to Jio paydo bo‘lguniga qadar bu ulkan mamlakatning atigi 20 foiz hududigagina internet kirib borgan edi.

Jio taqdimot marosimida Mukesh bir voqeani gapirib berdi: uning qizi otasining uyida o‘tirib olganicha kurs ishi ustida ishlardi. Bu – butun dunyodagi eng qimmat uy bo‘lib, Arabiston dengizi ko‘rinib turuvchi tepalikka 27 qavat qilib qurilgan binodir. Unda qo‘shimcha inshootlar judayam ko‘p – vertolyot maydonchasi, uy kinoteatri, trenajyor zali, bog‘, basseyn va... bir tiyinga qimmat internet! Yangi aloqa kompaniyasi ayni shu muammoni butun Hindistondan olib tashlashga bel bog‘lagandi.

2010 yilning avgustida Mukesh mamlakatdagi VoLTE’ni qo‘llab-quvvatlovchi 4G-chastotalarga egalik qiluvchi Infotel Broadband Services kompaniyasining 95 foiz aksiyalarini sotib oldi (2013 yili bu tashkilot nomi ham Reliance Jio Infocomm Limited’ga aylantirilgan). O‘sha davrda hali o‘n nafar hindistonlikdan bittasidagina mobil telefon bor bo‘lib, eng yirik operatorlar – Airtel hamda Vodafone India faqatgina uchinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini faol rivojlantirayotgan edi.

Mukesh fikricha, LTE – to‘rtinchi avlod tarmog‘i 3G’ga nisbatan ancha yuqori tezlikni ta’minlaydi, bu esa kontentdan yanada qulay foydalanish imkonini yaratadi: oqimli video va musiqa, messenjerlar va hokazo. Shuningdek, u onlayn xaridlar uchun barqaror ulanishlarni ta’minlashi ham tayin – 3G tarmog‘idagi ulanishlarning beqarorligi onlayn buyurtmalarni rasmiylashtirishga xalaqit berardi. Bundan tashqari, VoLTE ham LTE chastotalarida muloqot qilish imkonini berar, natijada telefonda suhbatlashish davomida ham 4G yoki 3G tarmoqlarida internet uzluksiz ishlab turaveradi.

Hindiston telekommunikatsiya sohasi rahbarlari va tuhlilchilari internet tezligini oshirish kerakligini tushunishar, ammo buning uchun to‘lashga tayyor mijozlarning miqdori yetarli emas, deya shubhalanishardi. Oddiy hindistonlik mobil aloqa uchun oyiga 2 AQSh dollariga yaqin mablag‘ sarflardi va ularning katta ko‘pchiligi ovozli qo‘ng‘iroqlardan foydalanardi.

Raqobatchilar 4G tarmog‘ini ayrim shaharlardagina yo‘lga qo‘yayotgan bir davrda Ambani mamlakatning 18 ming shahri va 200 ming qishlog‘iga – hatto elektr toki ham yetib bormagan hududlarga ham bu texnologiyani yetkazishni istardi! Buning uchun esa 200 mingtacha uyali aloqa minoralari va 212 ming kilometrcha (Yer sharini 6 marta o‘rashga yetgulik!) shisha tolali kabel kerak bo‘lardi. Baza stansiyalarining o‘rnatilishini tezlashtirish uchun Jio ularning hajmini, quvvatini va harakat radiusini kichraytirib, dizaynini o‘zgartirdi. Ular endi palmaga o‘xshagan bo‘lib, arzonroqqa tushar va tezroq o‘rnatilardi.

Mana, yangilangan baza stansiya minoralarining afzalliklari:

  • Yangilangan minora atigi 750 Vt quvvat talab etar va buni batareya blogi ham yetkazib bera olardi; odatiy baza stansiya minorasida esa bu ko‘rsatkich 2,5 kVt.ga teng.
  • Minoralar atrof-muhitni ifloslamasdi, shuningdek, unga qo‘shimcha sovutish jihozlari o‘rnatish ham shartmasdi, hamma qismlari machta ichiga o‘rnashardi.
  • Yangicha minoralar 50 karra kam joyni egallashi ham foyda – ular o‘rnatiladigan yer uchun to‘lovdan anchagina tejaladi.
  • Minoralar kichik qismlardan iborat bo‘lib, ularni o‘rnatishga odatdagisidek bir necha kun emas, balki 5–6 soat yetarli edi.
  • Ular universal bo‘lib, minoralarga ko‘cha yoritqichlari, kuzatuv kameralari, havoni nazorat qilish datchiklari va hokazolar ham o‘rnatish mumkin.
  • Oddiy minora 178-350 ming AQSh dollariga tushsa, Jio minorasining qiymati 140 ming dollardan oshmasdi. Hattoki binolar tomiga o‘rnatiladigan oddiy minoralar ham ulardan qimmat – 160-210 ming dollarga tushadi.
  • Yangilangan minoraning signal uzatish maydoni kichkina – 300-500 metrlarga teng. Tabiiyki, u 5000 metrga signal uzatuvchi oddiy minoradan ko‘ra kam energiya talab etadi.
  • Yangi minora 4G va 5G tarmoqlari orqali uzatiladigan ma’lumotlarni shisha tolasi yordamida qayta ishlay olardi.

Shuningdek, kabellarni muhofaza etish masalasi ham bor, Reliance buning uchun sobiq harbiy xizmatchilardan qo‘riqchilar yolladi, mahalliy aholiga esa minoralarga qarab turganligi uchun haq berib borildi.

2016 yilning sentyabrida Jio ishga tushirilganida, kompaniya barcha telefon qo‘ng‘iroqlari, SMS va hatto mobil internetni ham uch oygacha tekin qilib qo‘ydi, keyin esa bu muddatni olti oyga uzaytirdi. Shundan so‘ng faqatgina mobil internet pulli qilindi, shundayam u raqobatchilari belgilagan narxlardan naq 75 foizga arzon edi.

Jio tarif rejalari, 2016 yil

2016 yili Jio mamlakat aholisining 95 foizini qamrab oldi, tarmoqda zo‘riqish bilan bog‘liq ilk muammolar tug‘ilishi bilan kompaniya yana yarim yilda 45 mingta baza stansiyalari o‘rnatdi – endi aholining 99 foizida 4G-internet bor! Ko‘plab qishloqlar aholisi uchun Jio birinchi internet-provayder bo‘ldi, mobil aloqa bozori esa bu kompaniya faoliyatining ilk yilidayoq birdaniga 150 million foydalanuvchiga o‘sdi.

Jio ravnaqi va raqobatchilar munosabati

Jio kompaniyasi o‘z tarmog‘ini qurayotgan paytda Hindistonda telekommunikatsiya kompaniyalari abonentlarni pasportni tekshirgan holda va yashash joyi tasdiqlansagina ro‘yxatga ola bilar edilar. Ambani esa, hukumat aloqa kompaniyalariga barmoq izi yordamida ro‘yxatga olishga ruxsat berishini kutdi. Jio elektron ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ikki yillik ruxsat olgach, operator o‘z faoliyatini boshladi va 250 million abonent to‘pladi.

Hindiston telekommunikatsiya bozori, 2018 yil

2018 yilning sentyabrida Hindiston oliy sudi qaror chiqardi – unga ko‘ra, shaxsni raqamli tarzda aniqlovchi Aadhaar dasturidan faqatgina davlat foydalanishi mumkin. Telekommunikatsiya kompaniyalari esa qog‘ozli tekshiruv asosida ro‘yxatga olish tizimiga qaytishdi – bunda har bir yangi abonent uchun 35 sent o‘rniga 2 dollar xarajat qilinardi.

Jio harakatlari natijasida Hindistonda mobil internet iste’moli misli ko‘rilmagan darajada o‘sdi. Bu kompaniya ishga tushganidan keyingi bir yil ichida dunyodagi har qanday aloqa operatoridan ko‘proq trafik ishlatdi, mamlakat esa Google Play’dan ilovalar yuklash soni bo‘yicha AQShdan o‘zib ketdi. Mogran Stanley ma’lumotlariga ko‘ra, Jio faoliyat boshlaganidan so‘nggi ikki yilda Hindistonda foydalanuvchining oylik trafik hajmi naq 570 foizga oshdi.

Tabiiyki, yangi aloqa operatorining bu yurishlari raqobatchilariga jiddiy zarba bo‘ldi. Ular bir gigabayt mobil trafik narxini 3 dollardan 60 sentgacha tushirishga majbur bo‘lishdi. Ular Jio’ning narx siyosati monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzmoqda, deya da’vo qilishdi, ammo Hindiston hukumati 2017 yili masalani Jio foydasiga hal qildi – u chindan ham hech qanaqa qonunni buzmagandi.

Mobil trafik narxi, rupiy hisobida

Ambani olis kelajakni ko‘zlab ish tutadi va telekommunikatsiyalar bozorining yarmini o‘ziga olishni mo‘ljallamoqda. Daromad keltirishi nuqtai nazaridan, ovozli qo‘ng‘iroq bozorining qisqarib borishiga qarab, trafik hajmi keometrik progressiya ko‘rinishida o‘sadi. O‘shanda ikkita va undan oshiq SIM-kartaga ega abonentlar samarasi kamroq bo‘lgan operatordan voz kechishadi.

O‘zbekistondagi aksariyat foydalanuvchilar singari, Hindistonda ham abonentlar haqi oldindan to‘lanadigan tarif rejalaridan foydalanishadi va istalgan payti boshqa operatordan yangi SIM-karta olib, unga o‘tib ketaverishadi. Jio nafaqat daqiqalar, balki gigabaytlar bo‘yicha ham manfaatli shartlar taklif etayotgani bois, faqatgina ovozli xizmatlar taklif etuvchi boshqa operatorlarning abonentlari asosiy SIM-karta sifatida Jio’ni tanlayverishadi.

Narx borasidagi kurashlar natijasida Hindistonda bitta mijozdan tushadigan daromad hajmi ham ancha tushdi: 2016 yili operatorlar har bir abonentdan 2,5 dollar foyda ko‘rgan bo‘lsalar, hozirda mazkur ko‘rsatkich 1,53 dollarni tashkil etadi. Jio’da bu qiymat birmuncha yuqori – 1,89 dollar, ammo faoliyatini boshlagan paytdagidan beri pastlab kelayotir.

Keyinroq esa Jio yana bitta ishga qo‘l urdi – smartfonning boshlang‘ich funksiyalariga ega bo‘lgan va 4G tarmoqlarida ishlovchi yangi turdagi «aqlli» telefonlarni yaratdi. JioPhone deb nomlangan bu qurilmani foydalanuvchi atigi 22 dollar evaziga ijaraga oladi; agar smartfonni qaytarsa, unga o‘sha puliyam qaytarib beriladi! 2017 yilning sentyabrida yo‘lga qo‘yilgan ushbu aksiya tufayli kompaniya Hindiston smartfon bozorining 47 foizini egallab, Samsung’dan o‘zib ketdi. Shuningdek, Jio o‘z smartfonlarida qo‘llanayotgan KaiOS operatsion tizimi ishlab chiquvchisining ham 16 foiz aksiyalarini sotib oldi.

Jio hozir ham past narxlarni ushlab turibdi, buning oqibatida Hindistondagi mayda telekommunikatsiya kompaniyalari yopilib ketdi, bozor yetakchilari bo‘lmish Vodafone India hamda Idea Cellular esa yashab qolish uchun birlashishlariga to‘g‘ri keldi. Telenor, Tata va Docomo kabi operatorlar Hindistonni tark etishdi, telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Airtel esa 2018 yil boshida bankrotlik haqida ariza berdi. U keyingi 15 yil ichida ilk bora ziyon ko‘rgani haqida hisobotini e’lon qildi.

Lekin Jio harakatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniya uning o‘z «aka»si – Reliance Communications bo‘ldi. U o‘zining 4G-tarmog‘ini Jio infratuzilmasiga o‘tkazishiga, keyin esa qarzlarini to‘lash uchun 178 ming kilometrlik shisha tolali kabellarini 417 million dollarga sotishiga to‘g‘ri keldi. Rcomm mobil biznesdan chiqib ketib, 50 ming nafar xodimini bo‘shatishga majbur bo‘ldi.

Xo‘sh, innaykeyin-chi?

Jio hozirda konten xizmatlarini, shisha tolali internetni, IoT va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirib, bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Ish boshlaganidan ikki yil o‘tib u o‘z narxlarini pastlatdi, ovozli aloqani esa shunchaki tekin qilib qo‘ydi.

Ambani rejasiga ko‘ra, 2019 yiliyoq Jio bozorda birinchi o‘ringa chiqib oladi va aksionerlar o‘zlari tikkanlaridan ko‘ra ko‘proq daromad olishadi. U Hindistonning borish qiyin bo‘lgan hududlarini ham 4G-tarmoq va shisha tolali internet bilan ta’minlayapti. Darvoqe, Jio – shosselar va temir yo‘l yo‘nalishlarida ham aloqa tarmog‘i bo‘lgan Hindistondagi yagona operatordir. Bharti Airtel, Vodafone Idea va BSNL kabi raqobatchilar bu sinovdan o‘ta olmaganlar.

Shuningdek, Jio mamlakatda Yaponiyaning KDDI operatori bilan VoLTE-rouming borasida bitim tuzgan birinchi operator ham bo‘ldi. Endi yaponiyaliklar Hindistonga safarlarida bu kompaniyaning yuqori tezlikdagi VoLTE-tarmog‘idan foydalanishyapti.

Ko‘ngilochar kontent

Jio strategiyasining yana bir muhim qismi – internet orqali ma’lumotlar uzatishda yetakchi ekanligidir. Mukesh uni uyali aloqa operatori emas, balki raqamli platforma sifatida taqdim etadi. Kompaniya qo‘shimcha servis va ilovalarni ham taqdim etib kelayotir va ularning asosiy qismi kontentga to‘g‘ri keladi.

Mana, Jio ko‘ngilochar kontent-xizmatlari ro‘yxati:

  • JioTV – 500 ta kanaldan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya qiluvchi onlayn-TV.
  • JioCinema – Netflix’ga o‘xshash, faqat Bollivudli onlayn-kinoteatr.
  • JioChat – lahzalik xabarlar almashish ilovasi, messenjer.
  • JioMusic – musiqa striming servisi.
  • Jio4GVoice – VoLTE texnologiyasiga ega bo‘lmagan 4G-smartfonlarda ham uni ishga tushiruvchi ilova.
  • JioMags – jurnallar va gazetalar.
  • JioXpressNews – yangiliklar agregatori.
  • JioSecurity – smartfonlar uchun antivirus.
  • JioCloud – ma’lumotlarni zaxiralash uchun «bulutli» saqlash jihozi.
  • JioMoney Wallet – onlayn to‘lov funksiyali virtual hamyon.

Jio Hindistonda o‘z kontent-servislarini katta muvaffaqiyat bilan joriy eta olgan ilk operator bo‘ldi. Bunda unga mos raqobatchi yo‘qligi ham qo‘l keldi – xalqaro brendlarning aksariyati endi-endi bu mamlakatga kirib kelayotir. Hozirda Jio foydalanuvchilarining 75 foizi telekanallarni oddiy televizordan emas, balki JioTV orqali tomosha qiladi va kompaniyaning boshqa servislari orqali ham kontentdan faol foydalanadi.

JioPhone’da JioTV tomosha qilish

Jio servislari qadam-baqadam tarmoqdan mustaqil bo‘la boshlagan: JioMusic mustaqil Saavn striming ilovasi bilan birlashgan va kompaniya uning 80 foiz ulushiga egalik qilib, Hindistondan tashqari bozorga ham chiqqan.

Jio GigaFiber

2018 yilning 15 avgustida Jio yangi tarmoq – GigaFiber’ni ishga tushirdi; bu – yuqori tezlikda keng polosali internet bo‘lib, xuddi mobil aloqadagi kabi qo‘shimcha kontent-xizmatlariga ham ega. GigaFiber ham 4G tarmog‘i infratuzilmasi bazasida yaratilgan.

Bundan tashqari, Jio shisha tolali kabel asosida uylar va ofislar uchun internet xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarni ham sotib ola boshlagan. 2018 yil oktyabrda RIL uylarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib bora olish uchun ikkita kabelli operator – Den va Hathway aksiyalarining nazorat paketlarini xarid qilgan.

Buyumlar interneti, «sun’iy ong» va elektron tijorat

Jio boshidanoq 5G va hatto 6G tarmoqlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda, ular kelajakda – haydovchisiz avtomobillar, «aqlli» uylar va shaharlar uchun kerak bo‘ladi. Millionlab qurilmalardan keluvchi axborotlarni qayta ishlash uchun nafaqat yuksak tezlik, balki uzluksiz ishlash ham kerak bo‘ladi va Jio o‘z tarmoqlarida buni taklif eta oladi.

Bugungi kunda Jio mashinaviy ta’lim asosida rentgen tasvirlari va MRT tahlilini rivojlantirmoqda. Shuningdek, xolding «sun’iy ong» bazasidagi Embibe ta’lim platformasi aksiyalarining 73 foizini ham sotib olgan.

Mukesh 2006 yili Hindistondagi eng yirik riteylerga aylangan Reliance Retail’ni ishga tushirdi. 2018 yil iyulida esa u Jio va Reliance Retail’ni elektron tijorat bozoridagi yangi ishtirokchi sifatida birlashtirish rejasini e’lon qildi.

Hindiston telekommunikatsiyalar bozoriga Jio ta’siri

IndiaTimes nashri keltirgan statistikaga ko‘ra, Jio faoliyat boshlaganidan keyingi ikki yil ichida Hindiston uyali aloqa bozori quyidagi o‘zgarishlarga uchradi:

  • Mobil trafik iste’moli har oyda 200 million gigabaytdan 3,7 milliard gigabaytga yetdi.
  • 1 gigabayt mobil trafik narxi 3,5 dollardan 20 sentgacha pasaydi.
  • Hindiston mobil trafik iste’moli bo‘yicha 155-o‘rindan birinchi o‘ringa chiqib oldi.
  • Uyali aloqa operatorlari soni qisqardi – o‘sha paytdagi o‘ntacha kompaniyadan hozir uchtasigina raqobatga dosh berib «yashab» turibdi. 2018 yilning oktyabrida Bharti Airtel o‘zining 2,4 million abonentini yo‘qotdi, Vodafone India va Idea esa 2018 yil avgustida birlashishdi – ularning abonentlari tegishlicha 2,6 va 4 millionga qisqargan edi. Jio esa 13,1 million nafar yangi abonentga ega bo‘ldi.
  • Hindistondagi BARChA smartfonlar 4G-VoLTE tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘ldi; agarda apparat qismi bunga imkon bermasa, buni amalga oshiruvchi Jio ilovasi bor!
  • Jio ikki yilda 252,3 milliondan oshiq foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Uning har bir abonenti bir oyda o‘rtacha 10,6 GB trafik ishlatadi va 744 daqiqa ovozli suhbatlashadi.

Bulardan tashqari, Jio global korporatsiyalarning Hindiston bozoriga qiziqishlariga ham ta’sir ko‘rsata oladi. Hozirdanoq Google, Facebook, Amazon, Walmart kabilar o‘z mahsulotlarini bu mamlakat bozorida rivojlantirishga sarmoya kiritishmoqda. Tabiiyki, sarmoyalarini oqlashlari uchun ularga imkon qadar ko‘proq internet foydalanuvchisi kerak, buni esa aynan Jio ta’minlay oladi.

2018 yilning yozida Reliance Industries kapitalizatsiyasi 100 milliard dollardan oshdi, Jio’ning o‘zi esa 25 milliardga bahonalmoqda. Mukesh Hindistonning 1,3 milliardlik aholisiga tezkor va arzon internet hamda yangi texnologiyalarni taqdim etib, boylar va kambag‘allarning texnologik imkoniyatlarini tenglashtirdi. Uning telekommunikatsiya xizmatlari bozoriga qaytish haqidagi tavakkalga asoslangan qarori o‘zini to‘laligicha oqladi.

Mukesh esa endi Airtel emas, balki Google va Netflix’ga qarshi raqobatga kirishgan – Jio bazasida raqamli platforma shakllanib borayotir. U hindistonliklarning odatiy hayot tarzini o‘zgartirishda davom etadi, shu bilan birga, hamisha iste’molchiga manzur, daromadli va inqilobiy bo‘lib qolish uchun zamonaviy aloqa operatori qanday rivojlanishi kerakligini o‘z misolida namoyon qilaveradi.

O‘QING: Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda mobil telefonlar ishlab chiqaradi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.