Hisobdagi mablag‘ni qanday tejash mumkin?

Hisobdagi mablag‘ni qanday tejash mumkin?

Hisobdagi mablag‘. Ha, bu masala bugun barchani birdek o‘ylantiradi. “Yaqinda olgan megabaytlarim buncha tez tugayapti” yoki “Internetni yoqib qo‘ysam, mablag‘ tez kamayib ketayati”, degan gaplarni tez-tez eshitib turamiz. Bu holat sizga ham begona emas. Sababini atrofdan izlab, aybdorlarni ham darrov topa qolamiz. Biroq, bu o‘zimizga ham bog‘liq ekanini bilmaymiz. Biz quyida sizga mablag‘ning tez ketishiga sabab bo‘luvchi ba’zi omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida tavsiya beramiz.

Aytish kerakki, zamonaviy telefonlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri, ularning tizimi hamda ko‘plab ilovalari internetga chiqishga mo‘ljallangan ekanida. Masalan, ob-havo ma’lumotini yangilash, pochtani tekshirish, ijtimoiy tarmoqlardagi xisobga olish qaydlarini sinxronlash va hakazo. Boshqacha aytganda, imkoniyat va qulayliklar tizimi bevosita internet tarmog‘iga ulanish bilan bog‘liq. Tarif rejasiga asosan mobil internetdan foydalanish xamyonga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Xo‘sh, sarflanadigan xarajatlarni tejash yo‘li bormi? Albatta, bor!

Eng oddiy usul qurilmadagi internet sarfini kamaytirish hisoblanadi. Bunga qanday erishish mumkin?

Birinchi galda qurilmadagi hisobga olish qaydlari sozlamasida mavjud dasturlarning avtomatik sinxronlanishini bekor qilish kerak. Buning uchun “Sozlashlar”(Nastroyki)ga kirasiz. “Hisobga olish qaydlari va sinxronlash”(Uchetnie zapisi i sinxronizatsiya)da “Avtosinxronlash”(Avtosinxronizatsiya)ni bekor qilasiz.


Shuningdek, telefon sozlamalaridagi “Trafik nazorati” (Kontrol trafika) degan qismini topib, u orqali Wi-Fi va mobil tarmog‘i ma’lumotlar o‘tkazuvini alohida nazorat qilishingiz mumkin.  Shu yerning o‘zidan umuman ma’lumotlar o‘tkazuvini, ya’ni internetdan foydalanishni o‘chirish mumkin.

Operatsion tizim belgilangan vaqt mobaynida foydalanilgan trafik grafigini  hamda qaysi ilovalar ko‘proq internet sarflayotganini ko‘rsatib beradi. Ilovani bosib, aynan unga sarflanadigan internet miqdorini ko‘rish mumkin.

Qolaversa, mobil internetning qo‘shimcha ilovasida ma’lum muddatda sarflanadigan trafikni chegaralash mumkin.  Cheklash huddi o‘sha jadvalda alohida  belgilanadi, bu esa o‘z navbatida internet sarfi chegara, ya’ni limitdan ortib ketish ehtimoli borligi haqida sizni ogohlantiradi.  Agarda trafik tugasa, moslama avtomatik tarzda ma’lumotlar o‘tkazuvini to‘xtatib qo‘yadi.

Shuningdek, ilovalarni yangilash uchun ham ko‘p miqdorda trafik sarflanadi. Ularni yuklashda telefoningiz operatsion tizimiga mos keluvchi ilovalar virtual do‘koniga o‘tib, ilovalarni “Avtoyangilash” «Avtoobnovleniye prilojeniy» bo‘limida faqat Wi-Fi orqali yangilashni tanlash kerak. Yoki umuman avtoyangilashni bekor qilish zarur.

Ana shunday tartibda siz hisobingizdagi mablag‘ning turli isroflariga chek qo‘yishingiz mumkin.

Umid qilamizki, bizning tavsiyalarimiz sizga asqotadi. Agar sizda boshqa maslahat, tavsiya yoki fikrlaringiz bo‘lsa, mazkur ma’lumot ostida o‘z izohingizni qoldirishingiz mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!