Honor 60 hamda Honor 60 Pro smartfonlari taqdim etildi

Honor 60 hamda Honor 60 Pro smartfonlari taqdim etildi

Huawei'dan ajralib chiiqan Honor yanvar oyida o‘zining ilk smartfonini taqdim etgan edi. Iyun oyida kompaniya Google mobil servislarga ega bo‘lgan Honor 50 seriyasini taqdim etdi. Kecha esa kompaniya yangi Honor 60 hamda 60 Pro smartfonlarining taqdimot namoyishini o‘tkazdi.

O‘QING: Huawei yangi buklanuvchi smartfonni taqdim etadi

Honor 50 seriyasidagi smartfonlar Snapdragon 778G chipiga ega bo‘lgan edi. Yangi Honor 60 smartfonlari esa Snapdragon 778G+ chipi bilan jihozlandi.

Snapdragon 778G+ avvalgi avvalgi 778G kabi 6 nanometrlik jarayon asosida yaratilgan, biroq chipdagi Kyro 670 yadrosi endi 2.5 gigagertsda ishlaydi (778G'da 2.4 gigagerts edi). Shuningdek, Adreno 642L garfik protsessori avvalgisiga qaraganda 20% yuqori unumdorlikni taqdim etadi.

Xuddi avvalgi avlod kabi bir necha texnik jihatlarni hisobga olmaganda, ikkala smartfon bir-biriga juda o‘xshash.

Honor 60 hamda 60 Pro smartfonlari 120Hz yangilanish chastotasida ishlovchi OLED displeyi bilan jihozlangan. Ikkalasi ham DCI-P3 rang maydoni hamda HDR10 funksiyasiga (Pro modelda HDR10+) ega.

Smartfonlardagi farqlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Honor 60 Pro to‘rtala cheti qayrilgan displeyga ega. Shuningdek, Pro modelining displeyi 6.78 dyuym bo‘lib, oddiy modelnikidan ko‘ra kattaroq.

Honor 60 esa chetlari ikki tomoni qayrilgan 6.67 dyuymli displey bilan jihozlangan.

Ikkala smartfonga o‘rnatilgan asosiy kameraning rezolyutsiyasi 108 megapikselni tashkil qiladi. Ushbu kamera 2.1µm piksel kattaligiga ega.

Pro model 122° ko‘rish burchagiga ega bo‘lgan 50MP ultrakeng kamera bilan jihozlangan. Ushbu kamera avtofokus hamda makro funksiyalariga ega.

Oddiy model esa eski 8MP ultrakeng kamera bilan jihozlangan. Uchinchi kamera sifatida ikkala smartfonga 2MP sath sensori o‘rnatilgan.

Selfi kamera haqida ma’lumot beradigan bo‘lsak, Honor 60 qurilmasi 32MP kamera, Pro model esa 50MP kamera bilan jihozlangan.

Honor'ning ta’kidlashicha, smartfonlarda turli xil vlog yozish turlari mavjud. Sun’iy intellekt yordamida qo‘lni ko‘tarish, kaftni bukish va aylantirish orqali kamerani boshqarish, old kameradan orqa kameraga o‘tish amallarini bajarish mumkin.

Ikkila smartfonga 4,800 mAs sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan. Bu borada yangi qurilmalar sezilarli darajada o‘sishga erishgan. Avvalgi Honor 50 smartfoni 4,000 mAs, 50 Pro esa 4,300 mAs akkumulyator bilan jihozlangan edi.

Shuningdek, Honor 60 hamda 60 Pro modellari 66 vattda quvvat oladi. 50% quvvat yig‘ish uchun smartfonlar 15 daqiqa vaqt sarflaydi. Biroq, avvalgi Honor 50 Pro 100 vatt quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lib, to‘liq quvvatlanish uchun atigi 25 daqiqa vaqt sarflar edi.

Yangi smartfonlar Android 12 operatsion tizimiga asoslangan Magic UI 5.0 garfik qobig‘ida ishlaydi. Yangi grafik qobig‘i takomillashtirilgan maxfiylik va xavfsizlik tizimlari hamda yangi funksiya va imkoniyatlarni taqdim etadi.

Xitoyda smartfonlarga oldindan buyurtma berish boshlandi. Ularning narxi quyidagicha:

Honor 60 (8/128GB) - 425 dollar
Honor 60 (8/256GB) - 475 dollar
Honor 60 (12/256GB) - 525 dollar

Honor 60 Pro (8/256GB) - 580 dollar
Honor 60 Pro (12/256GB) - 630 dollar

Hozircha smartfonlar xalqaro bozorga qachon sotuvga chiqishi haqida hech qanday ma’lumot berilmadi.

O‘QING: Uzoq kutilgan Snapdragon 8 Gen1 chipi taqdim etildi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!