Honor 8X ishlatish sizga obro‘ keltiradimi? (+foto va video)

Honor 8X ishlatish sizga obro‘ keltiradimi? (+foto va video)

O‘rta toifadagi budjet smartfonlar ishqibozlari uchun Huawei Honor (ing. Honor — obro‘) 8X smartfonini taqdim etadi. Devays kompaniyaning bunday toifadagi yagona qurilmasi emas. Umuman olganda, Xitoy kompaniyasi bu turdagi smartfonlar bilan bozorni to‘ldirib yuborgan.

Nafis dizaynli Honor 8X katta ekran, ikkita kamera, toifasiga mos Kirin chipi hamda yetarlicha katta sig‘imli akkumulyatorga ega. Xuddi shu xarakteristikalar Honor Play, Note 10, View 10; Mate 20 Lite, nova 3, nova 3i, Y9 va boshqa smartfonlarda ham bor. Xo‘sh, unda, Honor 8X'ning o‘ziga xosligi nimada? Keling, quyida smartfonni tahlil qilib chiqish bilan ushbu savolga javob topamiz.

Mate 20 seriyasi qurilmalariga flagman Kirin 980 chipi o‘rnatilishi boshlanishi bilan avvalgi 970 flagman modeli avtomotik ravishda o‘rta toifa protsessorlari qatoriga tushib qoldi. Demak, endi o‘rta toifadagi Kirin 970'ning ko‘proq smartfonlarga o‘rnatilishini kutsak bo‘ladi. Vaholanki, negadir o‘rta toifa Honor 8X'da bu protsessor o‘rnatilmadi.

Honor 8X 6,5" 1080p o‘lchamdagi katta ekranga ega, ekranning yuqori qismida selfi kamera va karnay uchun panel o‘rnatilgan.

Orqa tomonda yorug‘ diafragma va Tungi rejim funksiyasiga ega, sifatli portretlar olishga qodir qo‘sh kamera o‘rnatilgan. Bu modul joriy yil boshida flagman P20 seriyasida taqdim qilingandi.

Texnik ma’lumotlar:

Korpus: alyuminiy hoshiya;

O‘lchamlari: 160.4x76.6x7.8 mm;

Og‘rirligi: 175 g.

Displey: 6.5“ IPS LCD, 1,080x2,340px, 19.5:9 nisbat, 396ppi.

Orqa kamera: asosiy: f/1.8 aperturaga ega (fokus uzunligi 27 millimetrga teng) 20 megapikselli modul; fazani aniqlovchi fokus; 2 megapikselli sath kamerasi;

Old kamera: 16 megapikselli, f/2.0 aperturaga ega modul;

OT: Android 8.1 Oreo, EMUI 8.2;

Protsessor: Kirin 710 chipi: sakkiz yadroli asosiy protsessor (4x2.2 Ggs Cortex-A73 & 4x1.7 Ggs Cortex-A53), Mali-G51 MP4 grafik protsessori;

Xotira: 6/4 GB tezkor xotira, 64/128 GB doimiy xotira, microSD uchun uya;

Akkumulyator: 3750 mA/soat, 5V/2A quvvatlagich;

Aloqa turi: Dual SIM; Wi-Fi a/b/g/n/ac, Bluetooth 4.2; NFC; microUSB 2.0; 3.5 mm audio jek.

Narxi: 1 760 000 so‘m (sotib olish)

Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar: Histen 5.0; ikkitalik mikrofon, barmoq izi skaneri (orqa tomonda).

Yuqoridagi ko‘rsatkichlardan devays yetarlicha funksional ekanligini ko‘rish mumkin. Vaholanki, bu yerda o‘ziga xos, ajralib turuvchi hech qanday jihat yo‘q. Honor 8X Huawei'ning boshqa o‘rta toifa smartfonlari bilan texnik jihatdan deyarli bir xil. "Boshqalardan farq qilmasa, nima uchun bu qurilmani sotib olish kerak?" degan tabiiy savol tug‘iladi. Ana endi, narxiga e’tibor bering. Shunda, hammasi tushunarli bo‘ladi. Demak, hamyonbop xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, qahramonimizni ham e’tibordan chetda qoldirmang. 

Mana, qurilma bilan qisqacha tanishib oldik. Keling, endi uni qutidan ochib ko‘ramiz.

Qadoq tarkibi

Honor 8X hamyonbop smartfon bo‘lganligi uchun unda ba’zi jihatlardan voz kechilgan. Buni qutidagi to‘plam ko‘rsatib turibdi. Qog‘ozdan ishlangan qutida microUSB kabeli hamda 10W lik quvvatlagich adapter bo‘ladi. 

Shuningdek, Huawei sizga shaffof silikon himoya g‘ilofi ham taqdim etadi.

O‘QING: Nihoyat, HongMeng operatsion tizimli ilk gadjet namoyish etildi!

Dizayni

Honor'dagilar 8X'ga sinalgan va ommabop sendvich oynasi (ikki tomoni shisha) dizaynini qo‘llashgan. 8X hamyonboplar sirasiga kirsa ham, kompaniya unda shunchaki oldingi dizaynlardan foydalanish bilan chegarlanmadi. 

Honor 8X ko‘plab jihatlardan "mosuvo" etilgan bo‘lsa-da, dizayn bular sirasiga kirmadi. Telefonda so‘nggi tendensiya dizaynlaridan qochilmagan bo‘lsa ham, ishlab chiqaruvchi uni o‘ziga xos noyob qilish usulini topgan. Bachkanalashib ketmagan ham.

Old panel 6,5" kattalikdagi LCD ekran va uning yuqorisidagi kamera tirqishidan iborat. Tirqishda barcha zarur elementlar: markazda karnay, chapda bir nechta datchiklar va o‘ng tomonda 16MP selfi kamera joylashtirilgan. Juda kichik va yorug‘ bo‘lmagan bildirishnomalar uchun LED chiroq ham shu yerda.

Pastki romdan boshqa barcha romlar o‘rnatilgan LCD displey uchun nihoyatda ingichka, biroq bu hozirda barcha "edge-to-edge" (u chetdan-bu chetgacha cho‘zilgan) displeylar uchun odatiy holdir. Panelning aynan mana shu qismida displeyni nazorat qiluvchi element joylashgan bo‘lib, uni olib tashlash o‘ta qimmatga tushadi. Ishonmasangiz, iPhone XR'ning narxini tekshirib ko‘ring.

Honor o‘zining rasmiy sahifasida bu haqda ma’lumot bermagan bo‘lsa-da, ekranni qirilishlardan saqlaydigan old shisha Gorilla Glass 3 bo‘lishi kerak. Shisha yupqa bo‘lib, chetlari juda nozik 2.5D nominalga ega. 

Orqa tomon dizaynida esa ishlab chiqaruvchi o‘zining bor mahoratini ishga solib, kreativ bo‘lishga harakat qilgan. Bu, albatta, o‘z so‘zini aytdi. Yuqori qismida qo‘shkamera moduli joylashgan panelning chap tomoni qolgan qismlardan farqli teksturaga (bu yerda silliqlik darajasi nazarda tutilmoqda) ega bo‘lib, unchalik tovlanuvchan emas. Mana shu jihat uni boshqa Huawei/Honor smartfonlaridan ajratib turadi. Smartfon 4 xil: qora, ko‘k (ko‘pchilik yoqtirgan), qizil va pushti ranglarda sotuvda mavjud.

Qo‘sh kameralar bitta "uya"da joylanmagan. Har ikkisining atrofida birini boshqasidan ajratib turuvchi metall aylana mavjud. Afsuski, ushbu ikki ob’yektiv korpusdan ancha bo‘rtib chiqib turadi. Shu uchun, telefonni tekis yuzaga qo‘yganda yaxshi o‘rnamaydi.

Orqa panel shishasi Gorilla Glass bo‘lmagani bois yuzada chizilishlar tez hosil bo‘ladi. Shu uchun qurilmadan g‘ilofsiz foydalanish yaxshi fikr emas; aynan mana shu uchun qadoqdagi silikon g‘ilof kerak bo‘ladi.

Smartfon ramkasi alyuminiydan qilingan.

Honor 8X'da barcha kerakli narsalar - 3.5 mm audio jek, ikkita SIM karta va microSD uchun uya hamda microUSB porti mavjud. microUSB porti o‘rnatilgani biroz hafsalani pir qiladi, ammo Huawei Kirin 6 seriyasidagi protsessorlardan voz kechishiga qancha vaqt ketganini inobatga olib, yaqin o‘rtada bu toifa telefonlarida USB-C porti qo‘yilishini kutmasak ham bo‘lveradi.

Honor 8X'ning o‘lchamlari katta: 160.4x76.6x7.8 mm, og‘irligi esa 175 grammni tashkil qiladi. Smartfon Huawei Mate 20 kabi kattalikda bo‘lsa, vazn jihatidan undan biroz yengilroq.

Xo‘sh, keling endi ekran bilan yaqindan tanishamiz. Qani, ko‘raylik-chi, kurashda o‘zini qanchalik yaxshi namoyish qilarkan.

 

O‘QING: Kutib oling: Huawei P Smart Z!

Sinovlar: displey, akkumulyator avtonomligi, karnay va ovoz sifati

Displey

Honor 8X'ga rezolyusiyasi 1,080x2,340 piksel bo‘lgan 6,5“ IPS LCD displey o‘rnatilgan. Piksel zichligi 396 piksel/dyuym bo‘lib, bu tasvirlarning ancha aniq ko‘rinishini ta’minlaydi. Ekran nisbati ham ancha keng/uzun: 19.5:9. Corning kompaniyasining Gorilla Glass 3 shishasi esa uni darz ketishdan himoyalab turadi.

Ekranning maksimal yorug‘lik miqdori 430 nitga teng. Bu bugupgi kun smartfonlari ko‘rsatayotgan eng yaxshi ko‘rsatkich emas, albatta, lekin Honor 8X'ning toifasiga nisbatan yaxshi natija, desa bo‘ladi. 1:1234 nominalli kontrast nisbati ham ancha yaxshi.

Sinovlar jarayonida insayderlar 2.4 nitli minimal yorug‘lik ko‘rsatkichini olishgan.

Quyoshli joydagi tiniqlik darajasi maqtashga arzirli emas, ya’ni telefondan tashqaridagi yorug‘likda foydalanishga urinish befoyda. Quyosh nurlari to‘g‘rima-to‘g‘ri ekranga tushsa, hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi.

Mana, ranglar aniqligiga ham navbat yetib keldi. Displey rejimlarining ko‘pligi kishini chalg‘itib yuboradi, shu uchun bu haqda faqat qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Qadoqdan birinchi marta olib ishlatganingizda smartfon Vivid (rejimi) + Default (rang harorati) ga sozlangan bo‘ladi. Mutaxassislar o‘rtacha deltaE 7.5 ga teng ekanligi, oq nuqtada maksimal og‘ish miqdori esa 12 ga tengligini aniqlashgan (ko‘kka tomon og‘adi). Bunda ekranda nima tasvirlanayotgan bo‘lsa ham, ko‘k rang ancha sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi.

Agar siz uchun ranglar aniqligi muhim bo‘lsa, shunchaki ekranni Normal (rejimi) + Warm (rang harorati)ga sozlab qo‘ying. Bu boradagi ma’lumotlar yakuni sifatida aytishimiz mumkinki, ko‘k nuqtada o‘rtacha deltaE'si 3.7, maksimal og‘ish darajasi esa 9 ga teng bo‘lgan Honor 8X sizga yetarlicha aniq ranglar gammasiga ega bo‘lish imkonini beradi. 

Akkumulyator avtonomligi

Qahramonimizga o‘rnatilgan 3,750 mA/soat sig‘imga ega akkumulyator 10W (5V/2A) li quvvatlash texnologiyasini qo‘llab quvvatlaydi. Kompaniya taqdim qilgan quvvatlagich akkumulyatorga yarim soat ichida 29% quvvat beradi.

Akkumulyator avtonomligi borasidagi sinovlarda Honor 8X a’lo natija qayd etgan. Video sinovlarda quvvat 12 soatdan ko‘proqqa yetgan bo‘lsa, Wi-Fi bilan web-bravzing vaqti 11 yarim soatga teng bo‘lgan. 3G orqali ovozli qo‘ng‘iroqlarda akkumulyator bir yarim kungacha chidash bergani ham yomon emas. Bunga qo‘shimcha, akkumulyatorning avtonom ishlash vaqti 96 soatga teng.

Karnay

Honor 8X'ga bitta karnay o‘rnatilgan bo‘lib, u ham qurilmaning quyisida. Ovoz balandligi sinovlarida karnay juda yaxshi baho olgan. Ovoz sifati ham yaxshi, lekin oxirgi paytlardagi boshqa telefonlarnikidan afzalroq emas.

Ovoz sifati

Honor 8X tashqi ovoz kuchaytirgich bilan kayfiyatimizni ko‘tardi. Bunda qurilma yetarlicha baland va o‘ta aniq ovoz ishlab chiqar oldi. Ammo...

Quloqchinlarda esa ovoz balandligi o‘rtachadan ham pastlab ketdi.

O‘QING: "5G Fighting Championship": Galaxy Note 10 5G vs. Galaxy S10 5G

Android 8.1 yuzasida EMUI 8.2 interfeysi

Honor 8X Android 8.1 da ishlaydi, yuzasida xuddi Honor 10 va Honor Play'larda bo‘lgani kabi EMUI 8.2 interfeysi o‘rnatilgan. EMUI xuddi launcherdek degan gap, shu uchun oddiy, sodda va o‘zingiz o‘rgangan Android dizayni va boshqaruvini xohlasangiz, boshqa smartfonlarni ko‘rib chiqishingizni maslahat bergan bo‘lardik. EMUI'ning yangi v8.2 versiyasida Face Unlock funksiyasi va galereya ilovasi takomillashtirilgan hamda Party Mode (Bazm rejimi) qo‘shilgan bo‘lib, bu bilan musiqani bir necha qurilma orqali sinxronlashtirish imkoni mavjud, ya’ni, masalan, bitta qo‘shiqni bir vaqtning o‘zida bir nechta karnayda tinglash imkoniga ega bo‘lasiz.

Ekran tepasidagi tirqish panelni yoqtrimasangiz, sozlamalardan uni "yashirib" qo‘yishingiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, smartfon sizga tirqish atrofiga qora rangli satr chiqarib, ekranda go‘yo tirqish yo‘qdek ko‘rinish hosil qilish imkonini beradi. Biroq shuni unutmangki, bunday xususiyat LCD ekranda AMOLED'dagidek labi ishlamaydi — tirqish butunlay "berkitilmaydi".

Kompaniya o‘rnatgan rejimda, EMUI 8'da ilovalar tugmasi bo‘lmaydi — interfeys xuddi iPhone'dagi kabi bir darajalidir. Biroq Android'ning odatiy tuzilishini afzal ko‘rsangiz, sozlamalardagi Displey parametrlari bo‘limidan buni o‘zgrtirishingiz mumkin. Shuningdek, juda qulay bo‘lgan qidiruv funksiyasi ham mavjud bo‘lib, kerakli fayllarni bosh ekranning bo‘sh qismini past tomon chertish bilan funksiyani ishga tushirsangiz bo‘ladi.

EMUI'da, bundan tashqari, odatdagidek, Magazine Lock Screen (Jurnal blok ekrani) funksiyasi ham mavjud bo‘lib, bunda har safar bloklangan ekranni yoqqaningizda, oboy (ekran rasmi) o‘zgarib turadi.

Huawei'ning EMUI'idagi bir qator jihatlar, masalan, yuzga ochish (unchalik ishonchli emas), smart ekran aylanishi va ekranni yoqish uchun ko‘tarish (lift to wake)ni o‘zingizga moslashtirib olish imkonini yaratadi. 

Xohishingizga ko‘ra, mavjud qator mavzulardan birini tanlasangiz ham bo‘ladi.

Bildirshnomalar paneli ham odatdagidek. 

Bir vaqtda bir necha ilovadan foydalanish (multitasking) ham standard ravishda ochiladi. "Yaqinda foydalanilgan ilovalar" tugmasini bosib bir necha soniya ushlab tursangiz, bo‘lingan ekran faollashadi.

Telefon menejeri (Phone Manager) ilovasida xotira omborini keshdan tozalash, akkumulyator parametrlari, bloklangan raqamlar, Avast asosidagi virus skaneri hamda mobil internet kabilarni topasiz.

Smartfonga Huawei Health ilovasi avvaldan o‘rnatilgan bo‘ladi. Ilovani Google Fit bilan sinxronlash va qadamlarni sanash mumkin. Kompaniya o‘rnatgan standard ilovalar orasida qaydlar va fayllar ilovalari ham bo‘ladi. 

EMUI'ning 8.2 versiyasidagi Galereya ilovasiga sun’iy ong qo‘shilgan. Ilova endilikda rasmlaringizni siz avtomatik ravishda guruhlab beradi. Bunda ilova geojoylashuv teglari, sana, voqea va b. dan foydalanadi.

Honor'dagilar FM radioni ham unutishmagan.

Bazm rejimi funksiyasi Party Mode ilovasida mavjud bo‘lib, bu EMUI 8.2'ning eng e’tiborli jihatlaridan.

Ishlashi. Sintetik testlar

Honor 8X Hauwei'ning o‘zi chiqargan o‘rta toifa Kirin 710 chipi o‘rnatilgan ikkinchi smartfon (chip samardorligi haqida akkumulyator haqidagi bo‘limda allaqachon to‘xtalib o‘tdik) bo‘lib, 4x2.2 Ggs Cortex-A73 & 4x1.7 Ggs Cortex-A53'lardan iborat sakkiz yadroli asosiy protsessori (CPU) bor. Grafik protsessori (GPU) esa Mali-G51 MP4'dir. Quyidagi sinovlar smartfonning 4GB operativ xotirali talqinida amalga oshirilgan. Ba’zi o‘rinlarda 6GB'lisidan foydalanilgan.

Huawei'dagilar oldingi 65x chiplaridan voz kechishgani quvonarli hol. Honor 8X'ga o‘rnatilgan Kirin 710 chipi aynan mana shu 65x chiplarining bugungi iste’molchi talabiga mos ravishda CPU va GPU'si kuchaytirilgan avlodi, desak ham bo‘ladi.

Yakka yadroli CPU sinovlari natijalariga e’tibor bersak, Honor 8X Snapdragon 660 chipi o‘rnatilgan Realme 2 Pro'ni dog‘da qoldirgani va S636 chipli Redmi Note 6 Pro'dan esa anchayin oldinda ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Biroq Kirin 970'da ishlovchi Honor Play esa qahramonimizdan kuchliroqligini ham tan olmasdan iloj yo‘q, sababi u flagman-da.

«Kuch — birlikda», deganlaridek, barcha yadrolar bir bo‘lib sinovdan o‘tganda Realme 1'ning Helio P60'iga mos raqib bo‘ldi, Honor Play'dan ham o‘ta katta farq qilmaydi. Qolgan raqiblarni esa "changida qoldirdi". Yuqorida ham ta’kidlanganidek, Kirin 710 avvalgi seriya Kirin 659'ning (Mate 10 Lite, Honor 7X'larga o‘rnatilgan) anchayin takomillashtirilgan talqinidir.

Grafik sinovlarida esa bizning qahramonga Honor Play'dan boshqa kuchliroq raqib topilmadi. GFX Car Chase sinovida esa Honor 8X grafik protsessori Realme 2 Pro'dagi Snapdragon 660 chipining Adreno 512 GPU'si bilan deyarli o‘xshash natija qayd etdi.

Chiplar o‘rtasidagi aniq farqni AnTuTu 7 sinovi ko‘rsatib berdi. Unga ko‘ra, Honor'ning 8X'i Helio P60'da ishlovchi Realme 1 bilan bir qatorda tura olishi, S660'li Realme 2'dan ustunligi, eski Kirin chipli devayslarga esa o‘ta kuchli raqib ekanligi isbotlangan.

Shunday qilib, so‘nggi seriya hamyonbop Kirin chipi Snapdragon 660 bilan bir xil darajada kuchli protsessor ekan. Katta bosim ostida ishlayotganda ham Honor 8X unchalik qizib ketmaydi va ishlashda "qiynalayotgani" o‘ta kamdan-kam hollarda seziladi.

Sun’iy ongga ega orqa kamera

Honor 8X'ga 20 megapikselli asosiy orqa kamera, bunga qo‘shimcha 2 megapikselli sath kamerasi o‘rnatilgan. Asosiy modulning aperturasi f/1.8 bo‘lib, fokus uzunligi 27 millimetrga teng. Fokus yaxshiroq chiqishi uchun faza aniqlanishidan ham foydalaniladi. Past yoritilgan hududda tavirga olish uchum LED chiroq ham bor.

Sun’iy ong (ing. Artificial intelligence — AI) algoritmi 22 xil kategoriyadagi manzara va ob’yektlarni taniy oladi va tasvir parametrlarini shunga ko‘ra avtomatik sozlaydi. Vaholanki, real effektda, odatdagidek, kontrast o‘ta oshirib yuboriladi, ranglar ham haddan tashqari ko‘p kuchaytirib yuboriladi. Ammo bu unchalik ham katta muammo emas: effektni osongina o‘chirib/yoqib qo‘yish mumkin. Lekin barcha AI tasvirlari rezolyusiyasi 12 megapiksel bo‘lishi juda g‘alati.

Shuningdek, Tungi rejim ham mavjud bo‘lib, bu bilan sifatli tasvirlar hosil qila olasiz.

Камера иловаси
Kamera ilovasi

 

AI rejimi
Tunggi rejim
O‘zgaruvchan diafragma

 

Yaqinda chiqarilgan Huawei smartfonidan foydalanganlar uchun Kamera ilovasi interfeysi tanish: har galgidek tartibsiz. Oynaning quyi qismida rejimlar qatori mavjud bo‘lib, chapdan o‘ngga harakatlantirish bilan ulardan birini tanlash mumkin. Yuqori va pastga tomon svayplar bilan kameralarni old kameradan orqa kameraga va aksincha o‘tish imkoni mavjud emas. Maxsus tugmacha orqaligina buni amalga oshirish mumkin. Tasvir ko‘rinayotgan maydonni barmog‘ingiz bilan ikki tomonga tortib, tasvir yaqinligi/uzoqligini sozlashingiz mumkin.

Rejimlar

 

Pro rejimi

Pro rejimi ham mavjud bo‘lib, unda ISO (50 dan 3200 gacha) tasvirga olish tezligi (1/4000s dan 8s gacha), ekspozitsiya kompensatsiyasi (1/3 to‘xtash bosqichida -4 dan +4EV gacha) va oq balans (preustanovkalar va yorug‘lik harorati) kabi parametrlarni o‘zining sozlashingiz mumkin.

Sun’iy ong vositasida defokuslangan fonlar ommalasha boshlagandan so‘ng, endilikda Huawei va Honor'larga ham Portret, ham Diafragma rejimlari qo‘shilmoqda. Diafragma rejimida f/0.95 dan f/16 gacha bo‘lgan oraliqdagi diafragma imitatsiyalaridan birini tanlashingiz mumkin. Rasmga olib bo‘lganingizdan so‘ng, xohlasangiz Galereya ilovasi orqali tasvir diafragmasi va fokusini o‘zgartirishingiz ham mumkin. 

Portret rejimida esa fonni blurli yoki blursiz qilishingiz, imitatsiyalangan yorug‘likni o‘zgartirishingiz hamda 0 dan 10 gacha bo‘lgan oraliqda go‘zallashtirish elementini qo‘shishingiz mumkin.

Tasvir sifati

Kun yorug‘ida olingan tasvirlar sifati turlicha. Aksariyatida kontrast yaxshi, ranglar ham aniq, dinamik diapozon ham o‘ziga yarasha. Ammo rezolyusiyalangan detallarning eng yaxshi ham o‘rtacha sifatli. Barglar tasvirga olinganda esa sifat o‘ta qoniqarsiz. 

Agar AI rejimini tanlasangiz, rasmlaringiz 12 megapiksel qilib saqlanadi. Yaxshiyamki, Honor 8X'da AI P20 dagi kabi emas. To‘g‘ri, yashil ob’yektlar va moviy osmon saturatsiyalanib ketadi, biroq haddan tashqari ko‘p emas. Tasvirlar sifati 12 megapikelga tushirilgani bois ob’yekt aniqroq ko‘rinadi, lekin shunda ham barg uyumi tiniq tasvirlanmaydi.

Past yoritilgan maydonda sun’iy ong rejimidan foydalanmay olingan 20 megapiksellik rasmlar xira, 100% yaqinlashtirilganda esa umuman sifatsiz chiqadi.

AI rejimida olingan quyi yorug‘likdagi 12 megapiksellik tasvirlar ham xira, ranglar esa o‘ta to‘q. Lekin shunda ham sun’iy ongsiz olingan rasmlardan ko‘ra ma’lum darajada tiniqroq. Demak, qorong‘u joylarda AI rejimi bilan oddiy rejimlardagidan oz bo‘lsa ham yuqoriroq sifatli kadr olsa bo‘ladi.

Honor 8X eng qimmat Huawei P va Mate smartfonlaridek uzoq ekspozitsiyali rasmlar olishga qodir. Bu tungi vaqtda foyda beradi, faqat ob’yekt tez harakatlanmayotgan bo‘lsa, albatta.

Tungi rejim bilan olingan kadrlar yetarlicha detalga ega, xiralik darajasi ham o‘ta yuqori emas, ranglar esa aniq tasvirlangan. Bu rejim bilan olingan rasmlar 8 megapikselli bo‘lib saqlanadi.

Portretlar

Honor 8X'da 2 megapikselli ikkinchi sath kamerasi ham bo‘lib, tasvir chuqurligini o‘lchab, Portretlar hosil qila oladi. Portret rasmlar 8 megapiksel bo‘lib saqlanadi. Ularning detalga boy, juda yaxshi sifatli va o‘tkir bo‘lib chiqishi, albatta, kutilmagan edi. Rasmga tushayotgan shaxsni fondan ajratib olishi ham yaxshi ishlaydi. 

Blur darajasini o‘zgartira olmaysiz, lekin go‘zallashtrish darajalaridan istalganini tanlash imkoni bor.

O‘zgaruvchan diafragma

Diafragma rejimida tasvir saqlangandan so‘ng fokusni o‘zgartirish hamda f/0.95 va f/16 diapozon oralig‘idagi aperturalarni imitatsiya qilish imkoni mavjud. Bu rejimda kamera ob’yekt/sub’yektni fondan yaxshi ajrata oladi. Shunday qilib, ushbu rejim sizga sifatli tasvirlar hosil qilish imkonini beradi.

f/1.0
f/1.0
f/2.0
f/4.0
f/11

 

Selfilar

Selfi olish uchun Honor 8X'da 16 megapikselli o‘zgarmas fokusga ega kamera qo‘yilgan. Ochig‘i, bizga qolsa, o‘n oltining bir nechta megapikselini avtofokus funksiyasi bilan ayirboshlagan bo‘lardik. 

Smartfonni o‘zingidan yetarlicha to‘g‘ri darajada masofada joylashtirsangiz, olingan selfingiz detallarga boy bo‘lib chiqadi. Ranglar ham aniq, dinamik diapozon esa selfi kamera uchun yetarli darajada maqtarli bo‘lib chiqadi.

Portret rejimi ham mavjud. Har safar orqa kameradan old kameraga o‘tganingizda kamera kompaniya o‘rnatgan sozlamalarga ko‘ra, avtomatik ravishda mana shu rejimda ishga tushadi (bu biroz g‘alati). Fon blurini yoqishingiz yoki o‘chirishingiz ham mumkin. Shuningdek, rejimda 0—10 gacha bo‘lgan go‘zallashtirish darajasi ham bor.

Video yozuv

Maksimal video rezolyusiyasi 1080p ga teng.

Honor 8X maksimal darajada 1080p rezolyusiyali 30 kadr/s (60 kadr/s li varianti ham mavjud) video yozish qobiliyatiga ega. Biroq videolar stabilizatsiyalanmaydi. 

Doimiy parametr asosida video tasvirlar h.264 kodekida kodlanadi. Istasangiz, h.265 ni ham tanlay olasiz. Ovoz o‘zgarmas ravishda stereo formatda, 192 kbit/s tezlikda yoziladi. 

1080p/30fps formatdagi videolar sifatli, detalga boy. Kontrast ham chakki emas, ranglar yorqin. Biroq, masalan, barglarni videoga tushirsangiz, tasvir sifatli chiqmaydi. Axir, qahramonimiz flagman emas-da.

Yakuniy xulosalar

Honor 8X arzon va ko‘p jihatlarga ega o‘rta toifa smartfondir.

U o‘zining edge-to-edge ekrani, ko‘zni qamshtiruvchi dizayni, yuqori rezolyusiyali qo‘sh kamerasi, Tungi rejimi va ishonchli akkumulyatori bilan maqtana oladi. To‘g‘ri, Honor 8X bilan 4K videolar olib bo‘lmaydi, biroq kameraning boshqa jihatlari unchalik ham yomon emas.

Smartfon bu narx atrofidagi devayslar orasida eng kuchlisi bo‘lmasligi mumkin, lekin eng sifatsizi ham emas. O‘yin o‘ynaysizmi, video yoki selfi olasizmi, tunda ajoyib tasvir hosil qilmoqchi bo‘lasizmi, qahramonimiz bularning barchasini qiynalmasadan uddalay oladi. Akkumulyatori esa bu vazifalarni ancha uzoq muddat bajarishingizni ta’minlab beradi. 

Raqiblar

Honor 8X o‘tgan yilgi Honor 7X'ning anchayin yangilangan talqinidir, bunga hech qanday shubha yo‘q. Yoki buni Huawei Mate 20 Lite'ning kattaroq ekran, o‘zgacha selfi kamera va arzonroq naxrdagi ribrend taqlini, desak ham xato bo‘lmas.

Lekin 8X'dan 400 000 so‘m atrofida qimmatroq bo‘lgan Honor Play smartfoni ham bor va narxining hamyonbopligi bilan uning "yo‘liga to‘g‘onoq bo‘lishi" mumkin. Honor Play ekran, kamera, akkumulyator avtonomligi borasida 8X bilan bir xil, biroq unda flagman toifa Kirin 970 chipi o‘rnatilgan. Ha, aytgancha, u yana metalldan ishlangan.

Galaxy A7 (2018) smartfoni ham munosib raqobatchi. Unda 6 dyuymli Super AMOLED ekran, Honor 8X'nikidek kuchli protsessor va uchta kamera mavjud. Lekin kamchiligi, uning plastik korpusi va 3,300 mA/soatli akkumulyatoridir. A7 ham 400 000 cha qimmatroq. 

Realme 2 Pro ham yaxshi muqobil. Tomchi kamerali 6,3" displey, kuchli Snapdragon 660 chipi, sifatli kamera va 4K video yozuv funksiyasi kabi maqtarli jihatlari bor. 1 500 000 so‘m atrofidagi narxi bilan Honor'dan arzonroq. 

Agar audio port va microSD uyasisiz telefon ham bo‘laveradi desangiz, Xiaomi Mi A2 eng yaxshi muqobildir. U Snapdragon 660 chipi, Honor'nikidan yaxshiroq asosiy va selfi kamerasi, tezroq quvvatlana olishi bilan maqtana oladi.

Bundan tashqari Mi A2 Lite, Oppo F9 va Nokia 7.1 (biroz qimmatroq) lar ham e’tiborga loyiq variantlar sirasiga kiradi.

O‘QING: Huawei bilan Google zo‘r reja tuzgandi, lekin Tramp uning «ildiziga bolta urdi»!

Xulosa

8.4балл

Дизайн

Нархи

Ишлаши

Процессор

Камера

Qaerdan sotib olish mumkin?

Terashop.uz UZS 1 830 000.00 Sotib olish

 Afzalligi

  • Жиловдор дизайн
  • Яхши контрастли катта экран
  • Етарли даражада аккумулятор автономлиги
  • Сифатли тасвирлар олиш имкони
  • Тоифаси учун кучли процессор

 Kamchiligi

  • Тезкор қувватлашнинг йўқлиги
  • microUSB порт
  • 4K видеолар олиб бўлмаслиги
Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!