Honor ham, Xiaomi ham «damini olaversin» – Snapdragon 895 chipli ilk smartfonni boshqasi chiqarmoqchi!

  •   DiMaX
  •  789
  •  28.06.2021 12:25

Honor ham, Xiaomi ham «damini olaversin» – Snapdragon 895 chipli ilk smartfonni boshqasi chiqarmoqchi!

Xiaomi bir necha marta Qualcomm’ning yangi protsessorlarini o‘z smartfonlarida birinchi bo‘lib qo‘llayotganini aytib maqtangan. Masalan, Snapdragon 888 rusumli flagman chipseti Xiaomi Mi 11 turkumida debyut qilgan. Uning bu boradagi liderligiga yangi raqibi – Honor chek qo‘ymoqchi, ya’ni u Snapdragon 888 Pro bazasida hammadan oldin smartfon chiqarishini aytgan.

O‘QING: Snapdragon 888 Pro benchmarkda: uning «oddiy» Snapdragon 888 flagmanidan farqi nimada?

Bulardan tashqari, amerikalik chipsoz yana Snapdragon 895 rusumli protsessor tayyorlayotgani va uning ilk bor Xiaomi Mi 12 Ultra flagmanida qo‘llanishi ham aytilgan. Lekin so‘nggi xabarlarga qaraganda, bu borada Lenovo uni dog‘da qoldirmoqchi.

Lenovo kompaniyasining Xitoydagi mobil telefonlar bo‘linmasi boshlig‘i Chen Szin (Chen Jin) e’lon qilishicha, mazkur ishlab chiqaruvchi joriy yilning oxirigacha yangi flagman smartfon namoyish etadi. Uning taqdimot sanasi ham, model nomi ham aytilmagan bo‘lsa-da, insayderlar bu qurilma Snapdragon 895 chipli dunyoda birinchi telefon bo‘ladi, deyishmoqda.

Kutilayotgan protsessor haqida hali ko‘p narsa noma’lum, hattoki uning Snapdragon 895 yoki Snapdragon 898 deb nomlanishi ham aniq emas. Taxminlarga ko‘ra, uni yangi avlod – Cortex-V9 Kryo 780 yadrolari bazasida tayyorlashadi, grafik chip sifatida Adreno 730 qo‘llanadi.

O‘QING: Apple «damini olsin» – geymerlar uchun Qualcomm flagmani asosida qudratli Android-planshet chiqyapti

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!