Honor o'zining yangi Magic VS buklamafonini taqdim qildi!

Honor o'zining yangi Magic VS buklamafonini taqdim qildi!

Honor 80 seriyasi, hamda, MagicOS 7.0 bilan birgalikda Honor kompaniyasi bugun o'zining ikkinchi avlod buklamafoni Magic VS'ni taqdim qildi. Original Magic V'dan farqli o'laroq yangi avlod ingichkaroq va yengilroq bo'lib, u kompaniya taqdimot davomida namoyish qilgan Magic Pen stilusini qo'llab-quvvatlaydi.

Ma'lum bo'lishicha, Magic VS "oshiq-moshiqlari" yanada mustahkamlangan: u endi 400,000 martadan ko'proq buklanishlarga chiday oladi yoxud agar uni kuniga 100 marta ochib-yopib ishlatadigan bo'lsangiz u sizga 10 yilgacha xizmat qiladi. Bu o'tgan yilgi Magic V'ga qaraganda ikki baravar o'sish degani.

Magic VS ekran o'lchamlari oldingisinikidan farq qilmaydi. Buklamafonning ichki displeyi 7.9 dyuymli bo'lib, u 90 gerts yangilanish tezligiga va 2272 x 1984 piksel rezolyutsiyasiga ega. Tashqi displeyga kelsak, u 6.45 dyuym va u 2560 x 1080 piksel rezolyutsiyasi bilan 120 gerts yangilanish tezligiga ega.

Buklamafon orqa tomonida yangilangan uchlik kamera tizimiga ega. Ularning asosiysi Sony'ning 50 megapikselli IMX800 sensori bo'lib, unga 50 MP ultra-keng va 8 MP telefoto kameralari qo'shimcha bo'ladi. Selfi kameralarga o'tadigan bo'lsak, tashqi ekran yuqori markazida joylashgan kamera 16 MP, biroq kompaniya ichki old kamera haqidagi ma'lumotlarni ochiqlamagan.

Xuddi Honor 80 Pro smartfoni kabi Magic VS ham Snapdragon 8+ Gen 1 chipi bilan jihozlangan va u ham Android 12'ga asoslangan MagicOS 7.0 versiyasida ishlaydi. Qizig'i shundaki, buklamafonning 5000 mA/s sig'imli batareyasini 66 Vt tezlikda 0 foizdan 100 gacha atigi 46 daqiqa quvvatlash mumkin.

Honor Magic VS apelsin, moviy va oddiy qora, shuningdek, yana ikki xil: eksklyuziv qora va oltin ranglarda chiqariladi. Buklamafon uchun Xitoyda oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan. Sotuvlar esa 30-noyabrdan boshlanadi. Narxlar quyidagicha:

  • 8 GB + 256 GB = 7499 yuan (11,749,000 so'm atrofida)
  • 12 GB + 256 GB = 7999 yuan (12,532,000 so'm atrofida)
  • 12 GB + 512 GB =  8999 yuan (14,099,000 so'm atrofida)

Honor bosh direktori Jorj Chjao "Magic VS xorij bozorlarida debyut qiladigan bizning eng birinchi buklanadigan flagmanimiz bo'ladi va biz u butun dunyo bo'ylab odamlar o'z smartfonlaridan qanday foydalanishlarini o'zgartirib, ulkan yutuqlar olib kelishiga ishonamiz", deya o'zlarining yangi buklamafonlarini global bozorga chiqarilishi tasdiqladi va bu 2023-yilning birinchi choragida amalga oshiriladi. 

O'QING: Honor 80 Pro – dinamik orolga ega navbatdagi Android smartfon

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.