Honor View 20 namoyish etildi: 48 MPlik kamera va «teshik» ekranli ilk smartfon!

  •   DiMaX
  •  1631
  •  10.12.2018 14:07

Honor View 20 namoyish etildi: 48 MPlik kamera va «teshik» ekranli ilk smartfon!

Ekrani «tirqish»li smartfonni birinchi bo‘lib taqdim etish borasida uchta smartfonsoz o‘zaro poyga olib borayotganidan xabaringiz bor. Ulardan Samsung Galaxy A8s modeli 10 dekabrda, Huawei Nova 4 smartfoni 17 dekabrda, Lenovo Z5S esa 18 dekabrda namoyish etiladigan bo‘lgan. Ammo xitoylik texnogigant shu paytgacha aytmay turgan yana bitta shunday model bor ekan...

O‘QING: «Teshik» romsiz ekranga va uch modulli kameraga ega Lenovo Z5s taqdimoti keyinga surildi – kompaniya «kattalarga yo‘l berdi»

Huawei bugun – 2018 yilning 10 dekabrida o‘zining Honor View 20 kamerofonini rasman namoyish etdi. Yana bir nomi Honor V20 bo‘lgan bu smartfonning ikkita asosiy o‘ziga xosligi bor. Bular – «teshik» displey va 48 megapiksellik kamera bo‘lib, har ikkalasi bo‘yicha Huawei baribir «bir qadam oldinda» bo‘lib chiqdi!

Honor View 20 old kamerasi ekranning yuqori chap burchagidagi, diametri 4,5 millimetrlik «tirqish»da joylashgan. Smartfonning bosh kamerasida esa yangi, naq 48 megapiksellik Sony IMX586 datchigi ilk bora qo‘llangan. Bunday kamera yaxshi yoritilmagan sharoitlarda ham sifatli suratlar olishga qodir bo‘lib, piksellari o‘lchami ham rekord darajada ixcham – 0,8 mikrometrga teng. Ammo piksellarning to‘rttasini bitta qilib birlashtirish imkoni bor, natijada bunday to‘rttalik pikselning o‘lchami 1,6 mkm.ga, surat aniqligi esa – 12 megapikselga teng bo‘ladi.

O‘QING: Sony smartfonlar kameralari uchun innovatsion sensor yaratdi

Aytish kerakki, Sony IMX586 datchigi birinchi marta Xiaomi kompaniyasining Mi 9, Mi 8S, Mi Mix 3S yoki Redmi Pro 2 modellarida ishlatilishi taxmin qilinayotgan edi. Biroq «xitoycha Apple»ni o‘z vatandoshi bo‘lmish yetakchi smartfonsoz dog‘da qoldirib ketdi.

Honor View 20 modeliga qaytadigan bo‘lsak, u xuddi Huawei Mate 20 hamda Honor Magic 2 flagmanlaridagi singari ilg‘or HiSilicon Kirin 980 protsessoriga ega. Smartfonning yana bir o‘ziga xosligi – Link Turbo funksiyasi bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida ham Wi-Fi, ham uyali aloqa tarmog‘i orqali maksimal tezlikda ma’lumot almashish imkonini beradi.

O‘QING: Eng zo‘r protsessorli eng arzon Huawei smartfonini «jonli» suratlar va videoda tomosha qiling!

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, xitoylik texnogigant Honor View 20 (yoki Honor V20) modelini hozircha jamoatchilikka qisqacha tanishtirdi. Uning to‘laqonli taqdimoti 26 dekabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tadi; umumdunyo namoyishi esa kelasi yilning 22 yanvar sanasiga belgilangan – uni Parijdagi tadbirda ko‘rsatishadi.

Huawei’ning allaqachon bozorga taqdim etilgan ayrim smartfonlarini esa 890 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan xarid qilish imkoni bor.

O‘QING: Terashop.uz’da Huawei smartfonlari narxlari (2018 yil 24 noyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!