HP Elite x3’ning sotilish muddati va narxi ma’lum bo‘ldi

HP Elite x3’ning sotilish muddati va narxi ma’lum bo‘ldi

Joriy yil boshida o‘tgan Jahon Mobil Kongressida HP kompaniyasi tomonidan namoyish qilingan yangi Elite x3 fabletining xususiyatlari ko‘pchilikda ijobiy taassurot uyg‘otgan edi. HP tomonidan ishbilarmon doira vakillariga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan mazkur Windows flagmani Windows Continuum tizimiga ega bo‘lib, uni monitor va klaviaturaga ulash mumkin.

Ammo ko‘pchilik ekspertlar ushbu qurilmaning ommalashishiga shubha bilan qaragan, uning namoyishi qog‘ozda qolib ketishini taxmin qilishgan edi. Ammo, joriy haftada Elite x3 yana jamoatchilik diqqatini o‘ziga qaratmoqda. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, mazkur mobil aloqa vositasi avgustdan boshlab dunyoning 46 davlatida sotila boshlaydi.

hp_elite_x3

195 gramm tosh bosuvchi “aqlli” qurilma bo‘yiga 161.8, eniga 83.5 mm, korpus qalinligi 7.8 mm.

HP Elite x3 gadjeti Qualcomm’ning Snapdragon 820 protsessorida, Microsoft’ning Windows 10 mobil operatsion tizimida faoliyat ko‘rsatadi. Qurilma 5.96” dyuymli, sig‘imi 2560×1440 bo‘lgan AMOLED platformali displey, 4 GB tezkor xotira, 64 GB doimiy ichki xotira, 2 TBgacha bo‘lgan xotira kartasini qo‘llab-quvvatlaydigan microSD bo‘lmachasi bilan ta’minlangan.

Uning bosh kamerasi 16 MP, old kamerasi 8 MP si-imli suratlar oladi.

Smartfon 4G/LTE, 802.11ac Wi-Fi, Bluetooth 4.0 aloqa tarmoqlarida ishlashga mo‘ljallangan. Unda USB Type-C universal konnektori mavjud. Elite x3 sig‘imi 4150 mA soat akkumulyatorga ega.

Biznes sohasi vakillariga mo‘ljallangan HP Elite x3 axborot xavfsizligi sertifaktiga ega. U ko‘zning rangdor pardasi va barmoq izlari skanerlari bilan «qurollantirilgan». Shuningdek, telefon apparati ma’lumotlarni shifrlash orqali xavfsizligini ta’minlash tizimiga ham ega.

HP Elite x3’ga ulashga mo‘ljallangan, mustaqil protsessor va xotiraga ega bo‘lmagan  Mobile Extender noutbukini ham sotishni reja qilgan. Mobile Extender noutbukida 1920×1080 piksel sig‘imli, 12.5” dyuymli displeyga, USB-C portiga, audio karnay, namga chidamli klaviatura mavjud bo‘ladi.

HP vakili bergan ma’lumotga ko‘ra Engadget nashrining ma’lum qilishicha, fablet AQShda $699 dollardan, qo‘shimcha aksessuarlar bilan birga $799 dollardan sotuvga chiqariladi. Qo‘shimcha noutbukning narxi hozircha ma’lum emas.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!