HP ikkita noutbuk-transformer va simsiz quloqchinlarni taqdim qildi

HP ikkita noutbuk-transformer va simsiz quloqchinlarni taqdim qildi

HP kompaniyasi an’anaviy CES 2021 ko‘rgazmasida bir nechta yangi qurilmasini ommaga namoyish qildi. Ularning barchasi hozirgi pandemiya davrida uydan turib ishlashga majbur bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan.

O‘QING: QLED displeyli Samsung Galaxy Chromebook 2 noutbuki taqdim qilindi

Avvalambor, HP Dragonfly noutbuk-transformerlarining yangi vakillari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Yangi HP Elite Dragonfly G2 va Elite Dragonfly Max noutbuklarining har ikkisi yengil vaznli bo‘lib, ulardan planshet sifatida foydalanish ham mumkin. 13.3 dyuym ekranga ega qurilmalar Intel'ning 11-avlod protsessorlari va ixtiyoriy 5G yoki 4G LTE aloqasiga ega.

HP Elite Dragonfly Max 1080p o‘lchamdagi ekran, infraqizil datchikli 5MP veb-kamera, to‘rtta keng diapozonli mikrofon bilan jihozlangan. Istasangiz, veb-kamerani istalgan vaqt bloklab qo‘yishingiz mumkin. Elite Dragonfly G2 esa Intel'ning Gen i3, i5 yoki i7 protsessorlaridan birida ishlaydi. Elite Dragonfly Max esa i5 yoki i7 opsiyalarda mavjud bo‘ladi. Har ikki leptop 32GB operativ xotira, 2 terabayt M.2 SSD xotirasi va USBC 3.1 quvvatlash porti, ikkita Thunderbolt 3 va bitta HDML 1.b portlariga ega.

HP Dragonfly G2 va Elite Dragonfly Max oy oxiridan boshlab do‘kon rastalarida paydo bo‘ladi. HP yangi modellar narxini aytgani yo‘q, lekin ushbu toifa noutbuklar odatda 1,500 dollar atrofida bo‘ladi.

O‘QING: Dell yangi Latitude 9000, 7000 va 5000 leptoplarini taqdim qildi

Kompaniya, shuningdek, simsiz original quloqchinlarni ham ommaga taqdim qildi. HP Elite Wireless Earbuds deb nomlanuvchi naushniklar foydalanuvchiga moslashtirilgan audio tyuning va shovqinni faol qaytarish funksiyalariga ega. Quloqchinlarni Windows 10, iOS yoki Android ilovalari orqali ishga tushirish va bir qurilmadan boshqasiga uzilishlarsiz ulanish mumkin.

HP Elite Wireless Earbuds quloqchinlari sotuvi apreldan boshlanishi kutilmoqda. Ular HP Elite Dragonfly Max noutbuki qadog‘i tarkibida bo‘ladi yoki naushniklarni alohida 199 dollardan boshlab xarid qilish mumkin.

Kompaniya CES 2021 ko‘rgazmasida yana bir necha boshqa qurilmalarni ham taqdim qildi. HP Elite Folio leptopi Surface Pro'ning raqibi bo‘lib, u 13.5 dyuymlik 16:10 FullHD displeyi bilan jihozlangan. Qurilma sakkiz yadroli ikkinchi avlod Snapdragon platorfmasida ishlaydi, 5G'ni qo‘llab-quvvatlaydi. Tezkor xotirasi 16GB, doimiy xotirasi esa 512GB. Noutbuk 1.29 kg tosh bosadi. HP leptopning zaryadi butun ish kuniga yoki 24 soat video ko‘rishga yetishini aytdi. Kompaniyaning yana aytishicha, bo‘lajak mijozlar Elite Folio'ni fevraldan boshlab do‘kon rastalaridan topishlari mumkin.

HP ko‘rgazmada, shuningdek, HP EliteBook x360 1030 G8, HP EliteBook x360 1040 G8, HP Elite x2 G8 va HP Envy 14 leptoplari hamda monitorlar, simsiz sichqonchalar va sayohat ryukzakini namoyish qildi.

O‘QING: Eng innovatsion sakkizta smartfon – CES 2021 sovrindorlari