HP ta’lim uchun ikkita modelda himoyalangan xrombuk taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  562
  •  22.01.2019 12:44

HP ta’lim uchun ikkita modelda himoyalangan xrombuk taqdim etdi

Ushbu hafta Londonda ta’lim texnologiyalariga bag‘ishlangan Bett Show 2019 xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda qatnashchilar HP kompaniyasining aynan ta’lim jarayonlariga mo‘ljallangan ikkita rusumdagi xrombuklarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

O‘QING: Lenovo narxi 189 dollardan boshlanuvchi noutbuklarni chiqardi

Bular Chromebook x360 11 G2 Education Edition hamda Chromebook 11 G7 Education Edition modellari bo‘lib, har ikkalasi ham AQShning harbiy MIL-STD-810G standartlariga mos tarzda himoyalangan. Ya’ni, unchalik katta bo‘lmagan balandlikdan tushib ketganida, biror nimaga zarb bilan urilganida korpusi va ichki qismlari shikastlanmaydi.

Bu ikkala xrombukning «ichki dunyosi» – apparat qismi o‘zaro juda o‘xshash. Ularning farqi shundaki, birinchisi 360 darajada teskarisiga ham o‘girilishi mumkin, ikkinchisi esa oddiy noutbuk konstruksiyasida.

Mazkur gadjetlar Intel Celeron N4100 protsessoriga tayanadi va 8 gigabaytgacha tezkor, 64 gigabaytgacha eMMC turidagi flesh-xotiraga ega. Har ikkala xrombukning displeylari sensorli bo‘lib, o‘lchami diagonaliga 11,6 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 1136x768 piksellik.

Chromebook x360 11 G2 Education Edition hamda Chromebook 11 G7 Education Edition devayslari soniyasiga 5 gigabaytgacha ma’lumot almasha oluvchi ikkita USB-C hamda yana ikkitadan USB-A portlariga ega.

Ushbu xrombuklar joriy yilning aprelida sotuvga chiqariladi; ularning batafsil texnik xususiyatlari va narxlari ham o‘shanga yaqin ma’lum qilinadi.

O‘QING: CES 2019: «Yot ko‘zdan asrovchi» va tikkasiga aylanuvchi HP EliteDisplay E243p Sure View monitori taqdim etildi