Huami pulsoksimetrli Amazfit Band 5 bilaguzugini taqdim etdi: siz uni taniysiz!

  •   DiMaX
  •  527
  •  21.09.2020 16:10

Huami pulsoksimetrli Amazfit Band 5 bilaguzugini taqdim etdi: siz uni taniysiz!

Xiaomi’ning turli taqiluvchi gadjetlarini tayyorlab beruvchi hamkori – Huami kompaniyasi o‘zining navbatdagi «aqlli» brasletini namoyish etdi. Amazfit Band 5 rusumli yangi aksessuarning dizayni sizga nimanidir eslatayotgan bo‘lsa, bu bejiz emas...

O‘QING: Huami Amazfit GTR – naq 74 kungacha quvvatlash talab etilmaydigan smart-soat chiqdi!

«Xitoycha Apple» shu yilning iyulida namoyish etgan va «ideal» deb maqtagan Xiaomi Mi Band 5 rusumli aqlli bilaguzuk keyinchalik Xiaomi Mi Smart Band 5 modeli tarzida global bozorga ham chiqqan edi. Huami Amazfit Band 5 ham ayni shu fitnes-brasletning ayrim qo‘shimcha funksiyalarga ega kloni bo‘lib chiqdi.

Shunday qilib, Amazfit Band 5 smart-bilaguzugi 1,1 dyuymlik AMOLED-displey bilan ta’minlangan. 45 dan ortiq turdagi siferblatlarni qo‘llab-quvvatlovchi ekran 126x294 piksellik tasvir aniqligiga ega.

Huami Amazfit Band 5 tomir urishini, uyqu davomiyligini, stress darajasini va ayollardagi hayz siklini kuzatib bora oladi. Bulardan tashqari, oddiy Mi Band 5’dan farqli ravishda, unda pulsoksimetr vazifasini bajaruvchi SpO2 datchigi mavjud. Ya’ni, bu smart-bilaguzuk qonning kislorodga to‘yinganlik darajasini ham aniqlay oladi. Braslet yana nafas mashqlarini hamda 11 turdagi jismoniy mashqlarni kuzatib borish imkoniyatini taklif etadi.

Mazkur gadjetning Xiaomi brendi ostidagi fitnes-bilaguzukdan yana bir muhim farqi – unga Amazon kompaniyasining Alexa ovozli assistenti joriy etilgan. Shuning sharofati bilan foydalanuvchi budilnik va taymerlarni ovozli buyruqlar orqali ham boshqara oladi.

O‘QING: Sun’iy intellekt bahsi: ovozli yordamchilardan qay biri eng aqlli?

Amazfit Band 5 boshqa jihatlariga ko‘ra Mi Band 5 bilan bir xil: ikkalasi ham musiqani boshqarishga, smartfon kamerasi uchun pult vazifasini bajarishga yaraydi.

Uning akkumulyatori 125 mA/soatlik bo‘lib, 15 kun avtonom ishlashga yetadi, energiya tejash rejimida esa bu ko‘rsatkich 25 kunga boradi. Bilaguzuk korpusi 5 atmosfera bosimi darajasida suvdan himoyaga ega; lekin unda NFC chipi yo‘q (mazkur modul Mi Band 5’ning ham faqat xitoycha versiyasida bor o‘zi).

Huami ushbu mahsulotini AQSh hududida bugun – 21 sentyabrdan sotuvga chiqarmoqda. Xaridorlarga uni qora va zarg‘aldoq ranglarda, 45 dollardan taklif etishadi.

O‘QING: Xiaomi xiti taqdimotdan 10 oy o‘tib global bozorga ham chiqyapti