Huawei hozirgilaridan naq ikki karra kuchli protsessor tayyorlamoqda!

  •   DiMaX
  •  823
  •  21.06.2018 13:44

Huawei hozirgilaridan naq ikki karra kuchli protsessor tayyorlamoqda!

Mobil qurilmalar uchun kuchli protsessorlar tayyorlash borasida Qualcomm, Huawei, Apple, Samsung kabi kompaniyalar yetakchi bo‘lib, ular o‘zaro raqobatga kirishganlar. Xususan, yaqinda xitoylik texnogigantning hali ommaga taqdim etilmagan Kirin 980 chipi bazasidagi smartfoni rekord o‘rnatgan edi.

O‘QING: Yangi rekord: yilning eng tezkor smartfoni AnTuTu’da 356 918 ball to‘pladi!

Kirin 980 protsessori joriy yilning ikkinchi yarmida taqdim etiladigan Mate 20 modelida debyut qilishi, so‘ng Huawei’ning bir qator flagman smartfonlari va fabletlarida o‘z qudratini namoyon etishi kutilayotir. Ammo xitoylik gigant bu bilan ham cheklanib qolayotgani yo‘q – u ilg‘or mobil qurilmalar uchun Kirin 1020 nomli yana bitta chipset ustida ishlamoqda.

Huawei’ning hozirgacha bozorga taqdim etilgan modellaridagi eng kuchli protsessori – 10 nanometrlik tex-jarayon asosida tayyorlangan Kirin 970 chipi bo‘ladi. U to‘rtta ARM Cortex-A73 hamda to‘rtta ARM Cortex-A53 yadrolarini, Mali-G72 MP12 grafik kontrolleri hamda LTE Category 18 mobil modemini o‘zida jam etgan. Endilikda tayyorlanayotgan Kirin 1020 protsessori esa amalda undan ikki barobar qudratli bo‘lishi ta’kidlanayotir.

Kuzatuvchilar Kirin 1020 chipining 7 nanometrlik texnologiyalar asosida tayyorlanishini taxmin qilishmoqda. Ushbu platforma beshinchi avlod uyali aloqasi – 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, xitoyliklar yangi avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishlovchi qurilmalar borasida ham birinchi bo‘lishgan.

O‘QING: Ilk haqiqiy 5G-smartfonni qaysi kompaniya taqdim qilganini eshitdingizmi?

Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Huawei kompaniyasi o‘zining ilk 5G-smartfonini taxminan keyingi yilda to‘laqonli taqdim etadi. Ko‘rinib turibdiki, uning «elektron yuragi» hozirda tayyorlanayotgan Kirin 1020 protsessori bo‘ladi. Shu tariqa, mazkur mahsulotning ommaviy ishlab chiqarilishi 2019 yilning yarmiga to‘g‘ri kelishini taxmin qilish mumkin.

Dunyoning uchinchi raqamli smartfonsozi telefonlar bozorida son jihatidan yaxshi ketyapti – o‘tgan yili u 153 millionta smartfon sotgan bo‘lsa, joriy yilda savdoni 30 foizga oshirishni – 200 millionlik marrani ko‘zlagan. Tan berish kerakki, hozirgacha bozorga chiqarilgan kuchli smartfonlar orasida ham Huawei mahsulotlari o‘z o‘rniga ega. Bu natijalarning barchasida xitoylik texnogigantning o‘z protsessorlari – «sun’iy aql»ga ega Kirin chiplari ham katta rol o‘ynamoqda.

O‘QING: Huawei P20 Pro: "Malika"dagi uch ko‘zli «dahshat»!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!