Huawei ikkinchi avlod – Eyewear II smart-ko‘zoynagini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  611
  •  20.08.2020 17:35

Huawei ikkinchi avlod – Eyewear II smart-ko‘zoynagini taqdim etdi

Xitoylik telekommunikatsiya giganti bultur bahorda o‘zining Huawei Smart Eyewear rusumli ilk aqlli ko‘zoynagini namoyish qilgan edi. Gentle Monster brendi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bu gadjetni u keyinchalik Huawei x Gentle Monster nomi ostida, naq bitta smartfon narxida sotuvga chiqargan.

O‘QING: Qoyilmaqom aqlli ko‘zoynak – Apple iGlass ikkita chiroyli videorolikda!

Huawei kuni kecha uning yangi avlodi – Eyewear II smart-ko‘zoynagining ham onlayn taqdimotini o‘tkazdi. Bu gal ham unga janubiy koreyalik Gentle Monster brendi hamkorlik qilgan.

Ikkinchi avlod smart-ko‘zoynak turli dizayndagi gardishlarga ega bo‘lgan to‘rtta variantda ishlab chiqilgan va narxlari quyidagicha:

Smart Myma — 2699 yuan (taxminan 390,5 dollar)

Smart Verona — 2499 yuan (taxminan 390 dollar)

Smart Alio — 2699 yuan (taxminan 390,5 dollar)

Smart Catta — 2499 yuan (taxminan 361,6 dollar)

Huawei Eyewear II gardishi alyuminiy qotishmasi va titandan tayyorlangan, shishalari dioptriyli yoki uningsiz bo‘lishi mumkin. Bandlariga diafragmasi 128 millimetrlik strereodinamiklar o‘rnatilgan. Uning tovushi 12 detsibellik bo‘lib, ko‘zoynakni taqqan kishiga bemalol eshitiladi.

O‘QING: Google kompaniyasi Android tizimli ilk smart-ko‘zoynak taqdim etdi (+video)

Ko‘zoynak bandidagi sensor panel yordamida qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, bekor qilish va tugatish mumkin. Shuningdek, 3D Touch texnologiyali bu panel ovozli yordamchini chaqirish hamda musiqani boshqarish uchun ham qo‘llanadi.

Eyewear II zamonaviy USB Type-C porti orqali, shuningdek simsiz usulda ham quvvatlana oladi. Batareya indikatori esa linzalar o‘rtasidagi ko‘prikchaga o‘rnatilgan. G‘ilofi bilan qo‘llanganida, ko‘zoynakning akkumulyatori 5 soat musiqa tinglashga yetadi.

Huawei mazkur devaysini charm g‘ilof, zaryadlash qurilmasi va kabeli bilan birga sotadi. Xitoydan boshqa mamlakatlar bozorlariga Eyewear II chiqish-chiqmasligi hozircha noma’lum.

O‘QING: Apple kutilmaganda Stiv Jobs xotirasiga bag‘ishlab innovatsion devays taqdim etyapti

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!