Huawei kompaniyasi Windows 10 asosidagi iPad Pro “qotili”ni namoyish qildi

Huawei kompaniyasi Windows 10 asosidagi iPad Pro “qotili”ni namoyish qildi

Huawei kompaniyasi Mobile World Congress 2016 ko‘rgazmasi doirasida gibrid planshet va MateBook noutbukini namoyish qildi. Qurilma Intel Core M protsessori va Windows 10 operatsion sistemasi asosida ishlaydi.

Huawei MateBook – noutbuk va klaviaturaga ulanadigan planshet gibridi bo‘lib, uning klaviaturasi charmli jild bilan qoplanib, bir vaqtning o‘zida ekranni ham himoyalaydi. Gibrid to‘rt xil, jumladan, jigarrang va to‘q sariq rangda savdoga chiqariladi.

Huawei MateBook iPad Pro va Microsoft Surface 3 Pro`ga qaraganda yupqaroq va yengilroq. Qurilmani qo‘lda tutib turish juda qulay. Planshet qobig‘i metalldan tayyorlangan bo‘lib, barmoq izi skaneri va 4430 mAsoat hajmli akkumulyator bilan ta’minlangan. Akkumulyatorining sig‘imi planshetning 10 davomida tinimsiz ishlashi uchun yetarli.

Qurilmaning quvvatlash uskunasi noutbuklar uchun an’anaviy uslubda ishlab chiqilgan, biroq uning vazni qariyb smartfonlarniki kabi – 110 gramm.

MateBook`da ham stilus mavjud bo‘lib, MatePen qalamchasi planshetda surat chizishga ham imkon tug‘diradi. Gibrid klaviaturasi esa Microsoft Surface`nikiga o‘xshash bo‘lib, tugmalari bir qator yupqa noutbuklar kabi 1,5 millimetrga bosiladi. Gibridning qalinligi esa 6,9 millimetrni tashkil etadi.

Intel Core M3 proqessorli, 4 Gb tezkor va 128 Gb doimiy xotira bilan ta’minlangan Windows-qurilmaning narxi 699 dollar bo‘lsa, Core M7 chipi, 8 Gb tezkor va 512 Gb doimiy xotiraga ega eng qimmat talqini 1599 dollardan savdoga chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun – 22 fevral kuni Ispaniyaning Barselona shahrida Mobile World Congress (MWC) 2016 – axborot texnologiyalari sohasi va hukumatlar vakillari, mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar ishtirokidagi navbatdagi mobil texnologiyalar va yechimlarga bag‘ishlangan Jahon mobil kongressi boshlandi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!