Huawei Mate 20'dagi bir jihat Galaxy S9 va iPhone X uchun fantastika bo‘ladi!

Huawei Mate 20'dagi bir jihat Galaxy S9 va iPhone X uchun fantastika bo‘ladi!

Smartfon savdosi yaxshi bo‘lishi uchun uning ishlab chiqaruvchisi mobil qurilmani eng ilg‘or va uning o‘zigagina xos bo‘lgan jihatlar bilan ta’minlashi zarur. Bugun 2018 yilning kuzida taqdim qilinishi kutilayotgan Huawei Mate 20 flagman telefoni hali biror smartfon ega bo‘lmagan fantastik jihat bilan diqqatga sazovor bo‘lishi haqida ma’lumot tarqaldi. Bu jihat hattoki ayni paytda eng ilg‘or hisoblangan Galaxy S9 hamda iPhone X modellarida ham yo‘q.

Jahonning muvaffaqiyatli smartfon ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan Huawei 2017 yilning oktyabrida Germaniyaning Myunxen shahrida «neyronli protsessor»ga ega Mate 10 va Mate 10 Pro flagman smartfonlarini taqdim qilgan edi. Ulardagi Kirin 970 protsessorida alohida NPU (Neural Processing Unit) deb nomlangan blok mavjud. Bu qismga joriy qilingan "sun’iy idrok" texnologiyasi yordamida smartfon "aqlli mashina"ga aylanadi va qator ilg‘or funksiyalarni bajaradi.

O‘qing: Innovatsion Mate 10 Pro smartfoni olgan ilk suratlar e’lon qilindi.

Tayvanning DigiTimes nashrining yozishicha, Xitoyning Huawei korporatsiyasi Mate 10 flagmanidan so‘ng bozorga Mate 20 modelini tushiradi. Xuddi shu jarayon smartfonlarning "P" turkumida kuzatildi: "10" dan so‘ngi kompaniya "P 20" modelini taqdim qilgan edi.

Ekspertlarning yozishlaricha, Huawei Mate 20 modelining displeyiga Qualcomm kompaniyasining ultra tovushli barmoq izi skaneri joriy qilinadi. Qalinligi 0,44 mm.li mazkur tarkibiy qism an’anaviy barmoq izi skaneridan 3 barobar qimmatga tushadi. Biroq, eng muhimi -- uni displey ostiga joylashtirish imkoni mavjud.

Ultra tovushli barmoq izi skaneri Qualcomm tomonidan o‘tgan yilning yozida taqdim qilingan edi. Tizim 800-mikronli shisha ostida ham ishlaydi.

Insayderlarning qayd etishlaricha, amerikalik chipmeyker bo‘lmish Qualcomm ushbu modulni shu yilning yozidan boshlab ishlab chiqaradi. Xitoylik Huawei Mate 20 smartfoni esa mazkur ilg‘or skanerga ega jahonning ilk mobil aloqa qurilmasi bo‘ladi.

Shu bilan birga, ultra tovushli barmoq izi skaneri barmoq izini yuqori darajadagi aniqlikda tekshiruvdan o‘tkazadi. Hatto barmoq izi kir yoki ho‘l bo‘lgan taqdirda ham bu skaner muammosiz ishlaydi. Bu skanerni hattoki suv ostida ham ishlatish mumkin. Ekran osti barmoq izi skaneri texnologiyasi evaziga Huawei Mate 20 modeli bozorda Samsung Galaxy S9, Xiaomi Mi 7, iPhone X va boshqa raqib telefonlarni dog‘da qoldiradi.

Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni Yevropada P20 modelining taqdimoti kutilmoqda. Huawei P20 modeli 3 ta modulli bosh fotokamerasi bilan o‘ziga xos bo‘ladi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!