Huawei Mate Xs 2 buklamafoni taqdim etildi

Huawei Mate Xs 2 buklamafoni taqdim etildi

Huawei buklanuvchi smartfonlar raqobatini davom ettirmoqda. Kompaniya kecha Mate Xs 2 buklamafonini taqdim etdi. Ushbu model 2020 yilgi Mate Xs'ning yangi avlodi hisoblanadi. Yangi modelning dizayni biroz o‘zgargan, shuningdek, uning texnik ko‘rsatkichlari ham yaxshilangan. 

Buklanmagan holatda OLED displeyining hajmi 7.8 dyuymni tashkil qiladi. Displey 120 gertsda ishlaydi, u 2480 X 2200 piksel rezolyutsiya sifatiga ega. Qurilma buklanganda displey hajmi 6.5 dyuymga kichrayadi. Rezolyutsiya esa 2480 x 1176  pikselni tashkil qiladi. Ekranning yuqori o‘ng tomonida 10MP selfi kamera joylashgan. 

Forma faktor jihatidan smartfon katta bo‘lishiga qaramay, uning og‘irligi 255 grammni tashkil qiladi. Ushbu ko‘rsatkich Mate Xs'da 300 garmm edi. 

Mate Xs 2 modelining chidamliligini oshirish hamda ekran o‘rtasidagi chiziqni yashirish uchun kompaniya nozik ikki rotorli buklanuvchi mexanizmi ishlab chiqdi. 

Shuningdek, yangi to‘rt qavatli polimer qoplam displeyning mustahkamligini ham oshiradi. Mate Xs 2 buklamafoni Huawei'ning M-Pen 2s stilusini qo‘llab-quvvatlaydi, shuning uchun planshet o‘lchamli ushbu smartfonda eslatmalarni qayd etib borish mumkin.

Xuddi Mate X va Mate Xs modellari kabi Xs 2'ga ham 50MP asosiy kamera, 13MP ultrakeng kamera hamda 3x optik va 30x raqamli zumni qo‘llab-quvvatlovchi 8MP telefoto kamera o‘rnatilgan. 

Qurilma Snapdragon 888 4G chipi bilan jihozlangan bo‘lib, u 8/128GB tezkor hamda 512GB gacha bo‘lgan doimiy xotiraga ega. Smartfondagi 4,880 mAs sig‘imli akkumulyator esa 66 vattda quvvat oladi. 

HarmonyOS 2 operatsion tizimida ishlovchi ushbu buklamafon siyohrang, oq va qora ranglarda taqdim etildi. Uning narxi quyidagicha: 

8/256GB - 1512 dollar

12/512GB - 1966 dollar 

Smartfon Xitoyda 6 may sanasidan sotuvga chiqadi. 

Mate Xs 2 bilan bir qatorda Huawei budjet sinfiga mansub bo‘lgan MatePad SE planshetini taqdim etdi. Ushbu qurilma 1920 x 1200 piksel rezolyutsiyadagi 10.1 dyuymli IPS LCD displeyi hamda Kirin 710A chipi bilan jihozlangan. HarmonyOS 2 operatsion tizimida ishlovchi smartfonga 2MP selfi va 5MP asosiy kamera o‘rnatilgan. 

Qurilma 10 vattda quvvat oluvchi 5,100 mAs sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Qurilma faqat to‘q ko‘k rangda taqdim etildi. Uning narxi 226 dollardan boshlanadi. SIM-karta bilan ishlovchi 4/128GB xotiraga ega bo‘lgan versiyaning narxi esa 257 dollarni tashkil qiladi. 

O‘QING: Oppo K10 Pro va K10 5G smartfonlari taqdim etildi 

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!