Huawei Mediapad 7 Lite plansheti tavsifi: 7 dyuymli hamyonbop ko‘makchi

Huawei Mediapad 7 Lite plansheti tavsifi: 7 dyuymli hamyonbop ko‘makchi

Planshetlardan ko‘pchilik telefonga qo‘shimcha sifatida foydalanadi. U orqali kitob mutolaa qilish, seriallar tomosha qilish yoki o‘yin o‘ynash mumkin. Umuman olganda, uning yordamida ko‘pgina vazifalarni bajarsa bo‘ladi. Shu boisdan uncha katta bo‘lmagan, ayniqsa 7 dyuymli planshetlarga bo‘lgan talab o‘smoqda.

Ana shunday ommabop o‘rtacha kattalikdagi Huawei MediaPad 7 Lite plansheti, mana yetti yildirki, foydalanuvchilar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Alyumin korpus, IPS-matritsa, ikkita kamera, xotira kartasi bo‘lmachasi, 3G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashi va Android Ice Cream Sandwich uning muvaffaqiyatini ta’minlayotgani shubhasiz.

Texnik jihatlari

  • Operatsion tizim: Android Ice Cream Sandwich 4.0.3
  • Protsessor: 1,2 GGs, Cortex-A8
  • Xotira: 1 GB tezkor va 8 GB doimiy (foydalanuvchi uchun 6 GB), 32 GBgacha sig‘imdagi microSD kartasi uchun bo‘lmacha
  • Kamera: 3.2 MP asosiy, 0,3 MP old
  • Ekran: 7 dyuym, IPS, 1024x600 pikselli
  • Simsiz aloqa: 3G, Wi-Fi 802.11 b/g/n, Bluetooth 3.0, GPS
  • Chiqish tuynuklari: quloqchin uchun 3,5 mm, microUSB
  • Qo‘shimcha: akselerometr, yorug‘lik sensori, kompas
  • Video formatlari: AVI, WMV, MP4, MKV, RM, RMVB, FLV, MOV, 3GP, soniyasiga 30 ta kadr
  • Audio formatlar: MP3, WMA, WAV, APE, FLAC, AAC, OGG
  • Akkumulyator: litiy-polimerli, 4100 mA*s
  • Hajmlari: 193 x 120 x 11 mm, vazni 370 g.

Tashqi ko‘rinishi

Kichik planshet qiyofasining boshqa qurilmadan nusxa olingani yaqqol ko‘rinib turadi. Xitoylar avvalroq taqdim etgan HTC Flyer plansheti qiyofasini deyarli o‘zgartirmagan holda boshqa nom bilan yangi qurilmani taqdim etgan.

Odatda arzon uskunalar to‘liq plastikdan sifatsiz yig‘ilgan bo‘ladi. Bu holatda esa barchasi yaxshi o‘ylangan, planshet sifatli tayyorlangan. Undagi alyuminiy korpus qimmatroq mahsulotlarni yodga soladi.

Planshet unchalik katta bo‘lmagani sababli uni bir qo‘lda ushlash mumkin, biroq uni boshqarishda ikkinchi qo‘l yordami zarur. Axir bu ixcham smartfon emasku. Qurilmani yonda olib yurish qulay: ko‘pchilik liboslar, hatto jinsi shimlarining cho‘ntagiga yaxshi joylashadi.

Old panel mustahkam plastik bilan qoplangan. Ekran diagonali 7 dyuym, IPS-displey sig‘imi 1024x600 pikselni tashkil etadi. Sensor sezuvchan, planshetdan foydalanish qulay.

Kamchilik sifatida bunday uskunalar uchun xos bo‘lgan tez kirlanishni aytish mumkin. Romlarning kengligiga kelsak, bu ham odatiy holat. Romlar juda yupqa bo‘lsa, planshetni ushlab turgan qo‘l barmoqlari ham ekranga bosilib, ishlashga xalal berishi mumkin.

Planshetda ko‘chada quyosh nurlari ostida foydalanish qiyinroq.

Kamera old panel burchaklaridan biridan o‘rin olgan.

Pastki qismida esa 3,5 mm lik audio chiqishi va microUSB tuynugi mavjud.

Yon tomonida esa ekranni qulflash va tovushni boshqarish tugmachalari joylashtirilgan. Ularning ostida esa microSD va standart, ya’ni katta hajmli SIM-karta bo‘lmachalari mavjud. Kartalar uchun bo‘lmachalar plastik qopqoqchalar bilan yopiladi.

Korpusning orqasi va yon tomonlari yorqin kulrangdagi plastina bilan yopiladi. Material chiroyli va pishiq, u tez kir bo‘lmaydi.

Orqa panelning yuqori va pastki qismi oq jilosiz plastik ulama bilan to‘silgan. Yuqoridan kamera ob’yektivi va karnay panjarasi joy olgan bo‘lsa, pastki qismi bo‘sh.

Ishlash tezligi

Planshetga Android 4.0.3 o‘rnatilgan bo‘lib, tezkor xotirasi 1 GB, doimiy xotirasi esa 8 GBni tashkil etadi. Doimiy xotiraning 2 GB qismi operatsion tizim, qolgani – 6 GB foydalanuvchi ehtiyojlari uchun qo‘llaniladi. Bu yerda xotira kartasi uchun bo‘lmacha ko‘zda tutilgan bo‘lib, foydalanuvchilar 32 GBgacha bo‘lgan karta bilan xotira hajmini umumiy 40 GBga yetkazishlari mumkin.

Qurilmaning ishlash tezligi unchalik ham yuqori emas. U o‘z sinfida yuqori natijalarni qayd eta olmadi. Masalan, Samsung Galaxu Tab 2 7.0 yaxshiroq natijalarni qayd etsa, Google Nexus 7 plansheti yanada kuchliroq «dvigatel»ga ega. Biroq bu borada uning katta ustunligi – narxida. Muqobillari tezroq yoki sifatliroq ishlashi mumkin, ammo ular uchun ko‘proq xarajat qilishga to‘g‘ri keladi.

Dasturiy ta’minoti

Ushbu modelda standart Android Ice Cream Sandwich operatsion tizimi birmuncha takomilga yetkazilib, qurilma qo‘shimcha foydali funksiyalarga ega bo‘lgan. Planshetni blokdan chiqarmasdan kamerani ishga tushirish, xabarlar yoki qo‘ng‘iroqlar menyusini ko‘zda kechirish mumkin.

So‘ngra beshta ish stolidan iborat menyu ochiladi. Bu yerda barchasi standart ko‘rinishga ega. Vidjetlar, zarur yorliqlar va papkalar uchun ham joy yetarli. Ba’zilarga displey ostidagi ichiga “Orqaga”, “Asosiy” va “Qaytish” tugmachalari hamda boshqa indikatorlar joylashtirilgan qora fonga yoqmasligi mumkin. Bu ayrim ilovalardan foydalanishda noqulaylik ham tug‘diradi.Endilikda uni osonlikcha yashirish va ortga qaytarish mumkin. qolgan jihatlarga kelsak, barchasi yaxshi ishlab chiqilgan, foydali mobil ilovalar bilan boyitilgan.

Jumladan, planshetga Kingsoft Office idora dasturlari, videoroliklar tomosha qilish uchun YouTube, Google-qurilma uchun standart dasturlar jamlamasi va boshqalar o‘rin olgan.

Kamera

Mazkur modelga ikkita - 3,2 MPlik asosiy va 0,3 MPlik old kamera joylashtirilgan. Ko‘rinib turibdiki, old kamera videoaloqa uchun mo‘ljallangan va old panel ustki qismida markazda emas, balki chap burchakda. 

Asosiy kamerada tushirilgan fotosuratlar sifati unchalik ham yomon emas - o‘rtacha. Biroq sifatliroq fotosuratlar olish uchun yaxshi yoritilgan joy tanlanishi lozim. Harholda o‘rtacha narxli planshetlardan bunday ortiq sifatni kutib bo‘lmaydi.

Shuningdek, kamerada avtofokus mavjud emas. Ko‘p hollarda oq rang muvozanati to‘g‘ri ishlamaydi, biroq fotosuratlar tushirilgan joylarni aniqlash funksiyasi mavjud. Umuman olganda, oddiy fotoxavaskorlar uchun yetarli, biroq uni odatiy fototexnikalar bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

Media

Planshetda musiqa eshitish uchun standart ilova mavjud. Tovush bir dona karnay orqali taraladi, biroq balandligi bino ichida tinglash uchun yetarli darajada yuqori. Videoroliklar masalasiga kelsak, undagi ichki ilovalar yordamida 1080r sifatdagi videolarni tomosha qilish mumkin.

Planshet quvvati to‘satdan tugab qolgan smartfon o‘rnini to‘liq egallashi yoki unga qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. 3G-modul sharofati bilan Huawei Mediapad 7 Lite planshetida qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, xabarlar jo‘natish mumkin. Biroq shuni unutmaslik kerakki, suhbat chog‘ida gadjetni quloqqa tutib gaplashib bo‘lmaydi, chunki uning suhbat karnayi yo‘q. Shu sababli unga quloqchin ulash kerak bo‘ladi.

Ma’lumotlarni odatdagidek Bluetooth yoki Wi-Fi orqali simsiz ulashish mumkin, shuningdek qurilmada o‘zidan internet tarqatish (ulanish nuqtasi) imkoniyatiga ham ega.

Xulosa

Huawei uncha qimmat bo‘lmagan narxda ixcham va ko‘p funksiyali planshetni taklif etmoqda. Yanada samarador protsessorga ega bo‘lishni istardik. Lekin bu narxning oshishiga sabab bo‘ladi. Shunga qaramasdan, cho‘ntakbop narxga IPS-ekranli, sifatli alyumin korpusli va 3G moduliga ega ixcham planshet taklif qilinmoqda. To‘g‘ri, bu model samaradorlik jihatidan o‘zidan qimmat modellardan ortda qoladi. Lekin, mantiqan o‘ylab qaralsa, hamma narsaga bir vaqtning o‘zida ega bo‘lish uchun nimadandir voz kechish kerak. Mazkur mahsulot ortiqcha pul sarflamaydiganlar uchun aqlli xarid bo‘ladi.​

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

 Afzalligi

 Kamchiligi