Huawei’ning Xiaomi Mi Mix 3’ga javobi – 6 kamerali Honor Magic 2 slayderi chiqdi!

  •   DiMaX
  •  1877
  •  01.11.2018 18:55

Huawei’ning Xiaomi Mi Mix 3’ga javobi – 6 kamerali Honor Magic 2 slayderi chiqdi!

Kutilganidek, 31 oktyabrda Huawei’ga qarashli Honor kompaniyasi o‘zining navbatdagi taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Unda Honor Magic 2 smartfoni, WaterPlay 8 plansheti, Honor Watch Magic smart-soati hamda Honor FlyPods Pro simsiz quloqchini namoyish etildi.

O‘QING: Nihoyat, Honor Watch Magic smart-soati rasman namoyish etildi

Honor Magic 2 flagmani korpusi ham xuddi Xiaomi Mi Mix 3 singari slayder form-faktorida ishlangan. Huawei bu smartfonini 6.39 dyuymlik, «kemtik»siz AMOLED-displey bilan ta’minlagan. Full HD+ formatli bu romsiz ekranning tomonlari o‘zaro 19.5:9 nisbatda.

Qurilmaning «elektron yuragi» – 7 nanometrlik tex-jarayonga asoslangan Kirin 980 protsessori. Samaradorlikni ta’minlashda unga 6/8 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi. Honor Magic 2 doimiy xotirasiga ko‘ra 128 va 256 gigabaytlik modifikatsiyalarda taqdim etilmoqda, keyinroq – dekabrda esa 512 gigabaytligi ham chiqarilishi aytilgan.

Eng qiziq jihatlaridan biri – Honor Magic 2 modelining asosiy kamerasi ham, old kamerasi ham uchtadan ob’yektivga ega! Bosh kamera 16 + 16 + 24 megapikselli modullardan iborat: ulardan birinchisi – asosiy, ikkinchisi – monoxrom, uchinchisi esa – keng burchakli ob’yektivlardir.

Selfi-kamera esa 16 + 2 + 2 megapikselli sensorlarni o‘z ichiga olgan; bulardan oxirgi ikkitasi foydalanuvchi yuzini 3D-skanerlash datchiklari bilan bog‘lanib ham ishlaydi. Afsuski, yuz skaneri hozirgi emas, balki faqat dekabrda taqdim etiladigan – 8/512 gigabaytlik ilg‘or modifikatsiyasidagina bo‘ladi. Qurilmani qulfdan chiqarish uchun ekranga integratsiya qilingan barmoq izi sensori esa barcha modifikatsiyalarida mavjud.

Honor Magic 2 flagmanining o‘ziga xosliklaridan yana biri – uning 3400 mA/soatlik akkumulyatori bo‘lib, u 40 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Quvvatlash va boshqa ulanishlar uchun USB Type-C porti mavjud, quloqchin uchun 3.5 millimetrlik tirqish yo‘q. Korpusi o‘lchamlari 157,32x75,13x8,3 millimetrga teng, vazni esa 206 gramm keladi.

Mazkur devays qadoqdanoq Magic UI 2.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 9 Pie operatsion tizimiga ega. Shuningdek, unga tatbiq etilgan «sun’iy idrok»li YoYo ovozli yordamchisini alohida ta’kidlash kerak. U turli foydalanish ssenariylariga moslasha oladi. Masalan, egasi rulda bo‘lsa, YoYo smartfonni ovoz orqali boshqarishni taklif etadi. Bundan tashqari, ushbu yordamchi naq o‘n tildagi matnlarni, qo‘ng‘iroqlarni hamda ovozli buyruqlarni real vaqt rejimida o‘girishga qodir, ammo o‘zi faqat xitoycha gapira oladi.

Huawei allaqachon Honor Magic 2 uchun oldindan buyurtma olmoqda, ularni xaridorlarga yetkazish va smartfonning ochiq savdoga chiqarilishi esa 6 noyabrdan boshlanadi. U gradiyent tusdagi uch xil – qizil, kul rang va moviy korpuslarda taklif etilmoqda. Smartfonning boshlang‘ich – 6 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotiraga ega varianti Xitoyning o‘zida 545 dollarga baholangan. Uning 8/128 gigabaytlik talqini uchun 688 dollar, dekabrda chiqadigan 8/512 gigabaytlik ilg‘or versiyasi uchun esa 832 dollar narx belgilangan.

Aytish mumkinki, xitoylik texnogigantning Honor Magic 2 modeli «xitoycha Apple»ning Mi Mix 3 rusumli slayderiga o‘ziga yarasha javob bo‘ldi. Ularning ko‘p jihatlari o‘zaro yaqin, jumladan – narxlari ham. O‘zbekistonda esa bir necha rusumlardagi Huawei hamda Xiaomi smartfonlarini Terashop.uz internet-do‘konimiz orqali onlayn xarid qilish mumkin.

O‘QING: Terashop.uz’da arzonlashgan Xiaomi smartfonlari narxlari (2018 yil 30 oktyabr) – xaridingiz O‘zbekiston bo‘ylab bepul yetkaziladi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!