Huawei osmonida yana qora bulutlar paydo bo‘ldi!

Huawei osmonida yana qora bulutlar paydo bo‘ldi!

2020-yil ko‘p jihatdan hammamiz uchun murakkab yil bo‘ldi, ayniqsa, Huawei uchun.

Qo‘shma Shtatlarda qo‘yilgan dastlabki taqiq-u, hozirga qadar joriy qilingan cheklovlar  kompaniyaning Xitoydan tashqaridagi biznesiga qattiq zarba bo‘ldi.

Bularning hammasi yetmaganidek, Huawei endi navbatdagi shum xabarni qarshi olishiga ham to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, Samsung smartfon ishlab chiqarishdagi yetakchilardan bo‘lgan Huawei'ga displey va chiplar yetkazib berishni to‘xtatmoqchi. Bu haqda Android Police nashri xabar bermoqda.

Koreys OAVning xabar berishicha, Samsung 15 sentyabrdan boshlab Huawei'ga yarimo‘tkazgichlar, jumladan, DRAM va NAND flesh-chiplarini yetkazib berishni to‘xtatadi. Bu ham yetmaganidek, bundan buyon koreys kompaniyasining displey ishlab chiqarish bo‘limi xitoyliklarni OLED panellar bilan ta’minlamaydi. LG va SK Hynix'lar ham Huawei'ga displey va chip yetkazib berishni to‘xtatishi kutilmoqda.

Yaqinda, Qo‘shma Shtatlar Huawei'ga e’lon qilgan sanksiyalar qamrovi kengayib, Huawei'ga chip yetkazib berish ham taqiqlangandi. Shu sababdan, Samsung yarimo‘tkazgichlar yetkazib berishni to‘xtatmoqda. To‘g‘ri, Huawei Samsung'dan katta miqdorda displey xarid qilmaydi, lekin kompaniya Samsung'ning xotira chiplariga bo‘lgan eng katta mijozlardan hisoblanadi.

Huawei bilan aloqalarning uzilishi Samsung uchun talafot emas. Aksincha, eng kuchli raqiblaridan birining ishlari pachava bo‘lishi Samsung'ning smartfon biznesiga katta foyda keltiradi.

O‘QING: Huawei ikkita hamyonbop 5G-smartfon – Enjoy 20 hamda 20 Plus’ni taqdim etdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!