Huawei o‘zining yangi noutbuklarini taqdim etdi

Huawei o‘zining yangi noutbuklarini taqdim etdi

Xalqaro MWC tadbirida Huawei kompaniyasi Windows 11 operatsion tizimida ishlaydigan Matebook X Pro 2022 hamda Matebook E noutbuklarini namoyish etdi. 

Matebook X Pro 2022 flagman darajadagi noutbuk bo‘lib, u juda ham qulay dizaynda yaratilgan. Matebook E bo‘lsa to‘liq Windows 11 operatsion tizimida ishlaydigan ixcham noutbuk hisoblanadi. 

Matebook X Pro 2022 

Ushbu model 90Hz yangilanish chastotasida ishlovchi 14.2 dyuymli IPS LCD sensorli displey bilan jihozlangan bo‘lib, uning rezolyutsiyasi 3120x2080 pikselni tashkil qiladi. Huawei'ning ta’kidlashicha, bu noutbuklarga o‘rnatilgan eng yaxshi displeylardan biri. Displeyning yorqinligi 500 nitni tashkil qiladi. Ekranning yuqori romlari 6 mm qalinlikda bo‘lib, unda web-kamera joylashgan. 

Noutbuk korpusi metaldan ishlangan bo‘lib, uning og‘irligi 1.38 kilogrammni tashkil qiladi. Oltita dinamikka ega bo‘lgan qurilmaning qalinligi 15.5 mm. 

Qurilmaga 11-avlod Intel Rocket Lake protsessori hamda Iris Xe grafik protsessori o‘rnatilgan. Uning 16GB LPDDR4X tezkor hamda 1TB gacha bo‘lgan SSD doimiy xotirasi mavjud. 

Sovutish tizimi uchta havo kirish joyi, ikkita parrak va VC issiqlik tarqalish modulidan iborat. Noutbukda to‘rtta USB-C porti (ikkita USB 3.2) hamda 3.5 mm audio jek porti mavjud. Noutbuk 90 vattlik USB-C portli quvvatlagich bilan zaryadlanadi. 

Matebook X Pro 2022 noutbukining narxi 1899 yevrodan boshlanadi. 

Matebook E 

Agar o‘ta ingichka noutbuklarni yoqtirsangiz, Matebook E noutbuki siz uchun ayni muddao. Ushbu model Windows 11 operatsion tizimida ishlovchi planshet bo‘lib, maxsus klaviaturali g‘ilof orqali uni noutbukka aylantirish mumkin. 

Ushbu noutbuk 2560x1600 piksel rezolyutsiyadagi 12.6 dyuymli OLED displeyi bilan jihozlangan. Shuningdek, unga 8MP selfi hamda 13MP asosiy kamera o‘rnatilgan. Qurilma 7.9 mm qalinlikda bo‘lib, uning og‘irligi 709 grammni tashkil qiladi. Gadjetning romlari magniy qotishmadan ishlangan, orqa panel esa shisha bilan qoplangan. 

Matebook E modeli 11-avlod Intel Core i5 yoki i7 protsessori hamda Iris Xe grafik kartasiga ega. Unga 8/16GB LPDDR4X tezkor hamda 256/512GB doimiy SSD xotirasi o‘rnatilgan. Qurilmada bitta USB-C va 3.5 mm audio jek portlari mavjud. U Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.1 simsiz bog‘lanishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Noutbuk 42 vatt/soat sig‘imi akkumulyatorga ega bo‘lib, uni 65 vattda quvvatlash mumkin. Qurilma to‘rtta dinamikka ega hamda ikkinchi avlod Huawei M-Pencil stilusini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Matebook E noutbukining narxi quyidagicha: 

Intel Core i3, 8/128GB - 649 yevro

Intel Core i5, 8/256GB - 999 yevro 

Agar xaridorlar 16/512GB xotira turini tanlashda, kompaniya uni Smart Magnetic Keyboard klaviaturasi bilan birga sotadi. Ularning narxi quyidagicha: 

Core i5 - 1199 yevro

Core i7 - 1399 yevro 

O‘QING: Galaxy Book2 Pro va Book2 Pro 360 noutbuklari taqdim etildi 

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!