Huawei P30 hamda P30 Pro taqdim etildi: 10 karralik zum, tunda ham kunduzgidek surat!

  •   DiMaX
  •  5499
  •  27.03.2019 16:01

Huawei P30 hamda P30 Pro taqdim etildi: 10 karralik zum, tunda ham kunduzgidek surat!

Xitoylik texnogigant 26 mart kuni Parij shahrida navbatdagi matbuot anjumanini o‘tkazdi. Kutilganidek, unda kompaniya Huawei P30 va P30 Pro rusumli flagman smartfonlarini rasman namoyish etdi.

O‘QING: Huawei MediaPad T3 10 plansheti tavsifi: ish va kundalik hayot uchun munosib tanlov

Umumiy jihatlar

Mazkur smartfonlar yangilangan dizaynga va qoyilmaqom Leica kameralariga ega. Ayniqsa, «katta»si – Huawei P30 Pro modelining ikki yoni qayrilgan 6.47 dyuymlik OLED-displeyi ko‘zni o‘ynatadi. Tasvir aniqligi 2340x1080 piksellik ekranning tepasida old kamera uchun tomchisimon «kemtik» bor, barmoq izi vkaneri ham displeyning o‘zida.

Mazkur qurilma Huawei’ning flagman protsessori – Kirin 980 bazasida ishlaydi, kompaniya uni ilk bor Mate 20 Pro modelida qo‘llagan. Huawei P30 Pro flagmani 6 va 8 gigabaytlik tezkor xotirali talqinlarda chiqariladi. Uning doimiy xotirasi esa 128 va 256 (ayrim hududlar uchun hatto 512) gigabaytlik versiyalarda bo‘lyapti.

Qizig‘i – Huawei’ning ushbu modellariga noodatiy – yangicha NM (Nano Memory) formatli xotira kartasi tushadi. Huawei P30 hamda P30 Pro korpusining orqa paneli shishadan ishlangan bo‘lib, gadjetlar IP68 standartiga ko‘ra chang va suvdan himoyalangan. Smartfonlar besh xil rangda taqdim etilgan, orqa qopqoqning gradiyent tuslari yanada jilokor bo‘lishi uchun ularda 9 qavatli bo‘yoq qoplamasi qo‘llangan.

Standart Huawei P30 modeli esa 6.1 dyuymlik ekranga ega. Unda ham selfi-kamera displeyning «kemtigi»ga joylangan, daktiloskopik datchik ham ekranning o‘zida. Ammo Huawei P30 Pro modelidan farqli ravishda, uning displeyi chekkalari qayrilgan emas – bir tekisda, faqat 2.5D effekti mavjud.

Huawei P30 modelining tezkor xotirasi 6 va 8 gigabaytlik, ichki xotirasi esa 64/128/256 gigabaytlik variantlarda. Korpusi olti xil rangda, ammo uning himoya darajasi u qadar kuchli emas – IP53 standartida. Shuningdek, quloqchin uchun 3.5 millimetrlik audiotirqish ham faqat standart Huawei P30 flagmanida mavjud. Huawei P30 Pro esa infraqizil portiga ham ega.

Qoidalarsiz foto

Huawei kompaniyasi o‘zining yangi flagmanlarini aynan shunday shior bilan ilgari surmoqda. Bu bejiz emas: Huawei P30 Pro orqa panelida naq to‘rtta kamera moduli joylangan! Ularning asosiysi 40 megapiksellik sensor bo‘lib, yorug‘lik filtrlarining yangicha – RYB (yashil o‘rniga sariq) sxemasiga ega; bu esa 40 foizga ko‘proq nurni qamrab olish imkonini beradi. Ushbu modul f/1.6 diafragmali optika bilan hamkorlikda zim-ziyo tunda ham suratga ola biladi! 20 megapiksellik ikkinchi modul f/2.2 diafragmaga va 120 darajadan ortiq ko‘rish burchagiga, shuningdek supermakro rejimiga ega. Kamera jamlanmasidagi ToF-kamera kadrning chuqurligini aniqlashga qaratilgan. Lekin eng qizig‘i – periskop prinsipidagi optik tizimli 8 megapiksellik (f/3.4, OIS) kameradir. U tasvirni 5 karralik yaqinlashtirishni ta’minlay oladi, shuningdek, sifatni yo‘qotmasdan 10 karralik gibrid zumdan foydalanish ham mumkin.

Video yozib olishda kameraning turli modullarini qo‘llanadi va keyin ular orqali har xil nuqtai nazardan olingan tasvirlar bitta suratga jamlanadi. Smartfonning selfi-kamerasi esa 32 megapiksellik datchikni o‘z ichiga olgan.

Standart flagman – Huawei P30 esa «atigi» uch modulli bosh kamera bilan jihozlangan. Uning asosiy moduli ham 40 megapiksellik sensor, unda ham RYB rang sxemasi va optik barqarorlashtirish tizimi qo‘llangan, lekin optikasi f/1.8 diafragmali. 16 MPlik ikkinchi datchigi keng burchakli bo‘lsa, uchinchi – 8 MPlik sensor tasvirni uch karralik yaqinlashtira oladi. Huawei P30 kamerasi ham tungi rejimni qo‘llab-quvvatlaydi. Selfi-kameraasi ham xuddi Huawei P30 Pro modelidagi kabi 32 megapiksellik.

Bir so‘z bilan aytganda, Huawei P30 Pro modeli kameralarni baholovchi DxOMark professional servisida maksimal darajada – 112 ball olib, kamerofonlarning qiroliga aylangan.

Boshqa jihatlari ham zo‘r

Huawei P30 Pro flagmani 40 vattlik quvvat bilan SuperCharge – o‘ta tezkor zaryadlash texnologiyasiga ega. 4200 mA/soatlik akkumulyatorning 70 foizga to‘lishi uchun 30 daqiqa yetarli! Shuningdek, 15 vattlik texnologiya bo‘yicha simsiz quvvat oladi. Bundan tashqari, xuddi Mate 20 Pro va Galaxy S10 modellaridagi kabi, u ham boshqa gadjetlarni simsiz quvvatlay biladi.

Standart Huawei P30 flagmanining batareyasi bo‘lsa 3650 mA/soatlik bo‘lib, 22.5 vattlik «oddiy» tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

Har ikkala kamerofon Android 9 Pie operatsion tizim talqiniga ega. Ularga o‘rnatilgan eng so‘nggi – EMUI 9.1 grafik qobig‘ini Huawei dasturchilari yaxshigina takomillashtirishgan. Flagmanlarda ilovalarning ishga tushishi 52 foizga, ekran sensorining teginishdan ta’sirlanishi esa naq 69 foizga tezlashgan.

Narxi ham shunga yarasha!

Huawei yangi flagmanlarining savdosini 5 apreldan boshlaydi, ayrim mamlakatlarda allaqachon oldindan buyurtma olmoqda. Ba’zi hududlarda avvaldan buyurtma rasmiylashtirganlarga Huawei Watch GT smart-soati ham hadya etiladi.

Huawei P30 flagmani hozircha faqat tezkor/ichki xotirasi 6/128 gigabaytlik talqinda, 800 yevro narxida taklif etilmoqda. Huawei P30 Pro narxlariga kelsak, 8/128 GBlik versiyasi 1000 yevro, 8/256 GBligi 1100 yevro va 8/512 GBligi 1250 yevroga baholanmoqda.

Aytish kerakki, ayrim Huawei smartfonlarini 825 222 so‘mdan boshlangan narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish imkoni bor.

O‘QING: Huawei Mate X’ni allaqachon Aliexpress’dan sotib olish mumkin, faqat narxi qo‘rqqulik!