Huawei P30 va P30 Pro misli ko‘rilmagan funksiyalarga ega! (+«jonli» suratlar)

  •   DiMaX
  •  3733
  •  23.03.2019 16:58

Huawei P30 va P30 Pro misli ko‘rilmagan funksiyalarga ega! (+«jonli» suratlar)

Xitoylik texnogigant o‘zining navbatdagi flagman smartfonlari – Huawei P30 hamda P30 Pro modellarini taqdimotga tayyorlayotganidan xabaringiz bor. Ularning «kichkina»si esa Xitoyda boshqa nom bilan allaqachon namoyish qilingan.

O‘QING: Huawei P30 smartfonlarining ilk rasmiy videosini tomosha qilamiz!

Keyingi kunlarda Huawei P30 turkumidagi bu ikki flagmanning «jonli» suratlari va xususiyatlari haqidagi ko‘plab ma’lumotlar internetga chiqib ketdi. Ulardan eng muhimlarini e’tiboringizga havola etamiz.

1. Xaridorlarga zo‘r sovg‘alar bor!

Avvalo, ishlab chiqaruvchining ayrim Yevropa mamlakatlaridagi saytlarida ushbu qurilmalar uchun oldindan buyurtma berish sahifasi paydo bo‘ldi. Huawei P30 modeliga avvaldan buyurtma berganlar Sonos simsiz kolonkasini, P30 Pro uchun oldindan buyurtma rasmiylashtirganlar esa Sonos simsiz kolonkasidan tashqari simsiz quvvatlash stansiyasini ham sovg‘a tarzida oladilar.

Ayrim hududlarda esa bu ikkala gadjet o‘rniga Huawei Watch GT smart-soati va JBL Clip 2 portativ kolonkasi hadya etiladi.

2. 3D-modellashtirish imkoni

Kompaniya e’lon qilgan tizerlardan biriga ko‘ra, Huawei P30 Pro flagmani 3D-modellashtirish funksiyasiga ega. Ya’ni, bosh kamera jamlanmasiga kirgan TOF kamera yordamida bu smartfon tasvirni uch o‘lchamli tarzda suratga ola biladi!

Xitoylik texnogigantning shunday funksiyali ilk smartfoni – Huawei Mate 20 Pro edi, lekin Huawei P30 Pro modelida undan ko‘ra mukammalroq bo‘lishi kutilmoqda.

3. Bir vaqtning o‘zida ikkita kameradan ikki xil video!

Huawei kompaniyasi o‘z flagmanlarini kamerofon sifatida taqdim etib, bu borada Leica brendi bilan hamkorlik qilayotganidan xabaringiz bor. Huawei P30 hamda P30 Pro yaxshi yoritilmagan sharoitlarda ham suratga olishi va ajoyib zumga ega bo‘lishidan tashqari, umuman yangicha – Dual-View Video degan yangi funksiyaga ham ega bo‘ladi. Uning mohiyati shundan iboratki, bosh kamera tarkibidagi asosiy va keng burchakli modullar bir vaqtning o‘zida videoga ola biladi! Ya’ni, bittasi asosiy e’tibordagi ob’yektning o‘zini videoga tushirsa, shu vaqtning o‘zida ikkinchisi katta planda video olishga qodir.

Ammo taqdimot vaqtida bu funksiya ishlamaydi, kompaniya dasturchilari keyinchalik ilk yangilanish bilan uni faollashtirishadi.

4. Yangi «jonli» suratlar

Slashleaks resursi Huawei P30 Pro kamerofonining bir qator yangi «jonli» rasmlarini e’lon qildi. Smartfonga kiydirilgan g‘ilof korpusning tepa va pastki tomonlarini va barcha burchaklarinigina to‘liq egallagan, yon tomonlari esa ochiq.

Huawei P30 Pro korpusining o‘ng qirrasida tovushni balandlatish/pastlatish hamda qurilmani yoqish/o‘chirish tugmachalari joy olgan.

Bosh kamera modullaridan biri nostandart – burchaklari silliqlangan kvadrat shaklida – ehtimol, ayni shunisi 3D-modellashtirishga mo‘ljallangan TOF kamera bo‘lsa kerak.

Huawei P30 hamda P30 Pro taqdimoti 26 martda bo‘lib o‘tadi va Yevropada ular 7 apreldan savdoga qo‘yiladi. Kompaniyaning global savdoga chiqarilgan ayrim smartfonlarini esa 825 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish imkoni mavjud.

O‘QING: Huawei smartfonlarining Terashop.uz’dagi narxlari (2019 yil 28 fevral) – aksiyasi ham bor!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!