Huawei P40 4G chiqdi: OLED-displey, Kirin 990 chipi va IP53 himoyali arzonlashtirilgan flagman

  •   DiMaX
  •  998
  •  27.02.2021 16:10

Huawei P40 4G chiqdi: OLED-displey, Kirin 990 chipi va IP53 himoyali arzonlashtirilgan flagman

Xitoylik texnogigant o‘tgan yili Huawei P40 turkumida oltita modelda smartfon taqdim etgan edi. Endi esa kompaniya ortiqcha shov-shuvlarsiz bu turkumning yettinchi vakilini chiqardi.

O‘QING: Egasini rozi qilgan o‘nta Android-smartfon (AnTuTu reytingi, 2021 yil yanvar)

Ushbu devays Huawei P40 4G modeli bo‘lib, flagmanlar turkumining qolgan a’zolaridan farqli ravishda, beshinchi avlod uyali aloqa tarvog‘ini qo‘llamasligi nomidan ham ko‘rinib turibdi. Lekin tashqi ko‘rinishidan u smartfonning 5G-versiyasidan farq qilmaydi.

Huawei P40 4G diagonaliga 6.1 dyuymlik, yassi (chetlari qayrilmagan) OLED-ekran bilan jihozlangan. Kadr yangilanish chastotasi 60 gerslik displeyda 32 megapiksellik qo‘shaloq selfi-kamera uchun tirqish o‘yilgan.

Smartfonning bosh kamerasi esa uchtalik: 50 MPlik asosiy datchik RYYB (f/1.9, OIS+AIS), 8 MPlik telefoto moduli (f/2.4, OIS, 3 karralik optik zum) hamda 16 MPlik keng burchakli kamera (f/2.2).

O‘QING: Smartfoningiz fotochaqnog‘iga qo‘shimcha imkoniyatlar baxsh etuvchi uchta bepul ilova

Huawei P40 4G akkumulyatori 3800 mA/soatlik tok sig‘imiga ega va 22,5 vattlik usulda tezkor quvvat oladi. Smartfonning korpusi IP53 standartiga ko‘ra suv sachrashidan himoyalangan. Uning «elektron yuragi» esa 5G-modemsiz Kirin 990 protsessoridir. Devaysning tezkor va doimiy xotirasi tegishlicha 8 va 128 gigabaytlik hajmga ega.

Kompaniya ushbu modelini Android 10 operatsion tizimi bilan, ikki xil rangda sota boshlagan. O‘z yurtida uning uchun 525 AQSh dollariga teng narx belgilangan (5G-versiyasi bundan 80 dollarga qimmat).

Huawei P40 4G modelida, tabiiyki, Google servislari mavjud emas. Xitoyda ular shundog‘am ishlamaydi, smartfonning tashqi bozorga chiqish-chiqmasligi masalasiga esa aniqlik kiritilmayapti.

O‘QING: Huawei rahbari raqiblar flagmanini dunyodagi eng zo‘r smartfon, deb e’lon qildi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!