Huawei P50 hamda P50 Pro chiqdi: Snapdragon 888 va Kirin 9000, ilg‘or kameralar, yangi dizayn va HarmonyOS 2.0

  •   DiMaX
  •  11549
  •  30.07.2021 14:50

Huawei P50 hamda P50 Pro chiqdi: Snapdragon 888 va Kirin 9000, ilg‘or kameralar, yangi dizayn va HarmonyOS 2.0

Xitoylik yetakchi texnogigant o‘zining yangi avlod flagman smartfonlarini taqdim qildi. Ushbu turkumga Huawei P50 hamda P50 Pro modellari kirgan – bu gal «Pro+» versiyasi yo‘q.

O‘QING: Huawei ekranosti selfi kamerali smartfonni patentladi

Yangi flagmanlarning asosiy afzalligi – odatdagidek, ularning kamerasidir. Har ikkala smartfonda asosiy modul 50 megapiksellik aniqlikka, f/1,8 aperturaga va tasvirni optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Shuningdek, har bir flagmanda ikkinchi sensor 13 megapiksellik ultra keng burchakli va f/2,2 aperturali bo‘lib, fokus olish masofasi har xil: Huawei P50 modelida 16 mm, Pro-versiyasida esa 13 mm.

Huawei P50 modeli nomida «Pro» qo‘shimchasi bo‘lmagan, ammo periskop teleob’yektivli ilk flagman ekanligi bilan maqtana oladi. Bu sensorning aniqligi 12 megapiksellik, f/3,4 diafragmali, optik barqarorlashtirish tizimiga va 5 karralik zumga ega.

Huawei P50 Pro ham telefotomodul bilan jihozlangan, faqat unda optik zum atigi 3,5 marta yaqinlashtirib ko‘rsatishga qodir. Biroq sensor aniqligi 64 MPgacha oshirilgan, raqamli zum esa 10 karradan ziyod.

Flagmanlarda kameralarning to‘rtinchi datchigi esa 40 mgapiksellik monoxrom modul bo‘lib, uning fokuslanish masofsi 23 mm.ga teng.

Katta model XD Fusion Pro texnologiyasi bilan jihozlangan, shuning evaziga uning kamerasi Huawei P40 Pro modeliga taqqoslaganda 28% ko‘proq yorug‘lik o‘tkazadi. Har ikkala smartfon ham 60 FPS rejimida 4K UHD formatli, 960 FPS rejimida esa Full HD formatli video olishga qodir.

Huawei P50 Pro flagmani ikki xil modifikatsiyada ishlab chiqariladi: Kirin 9000 hamda Snapdragon 888 protsessorli. Lekin ularning hech biri 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydi. Huawei P50 esa faqat Qualcomm mobil protsessori bilan chiqariladi.

Flagmanlar yangi avlod OLED-ekranlar bilan ta’minlangan va HDR texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ularda ekranosti daktiloskopik datchik, 13 megapiksellik old kamera tirqishi mavjud. Huawei P50 modelida diagonaliga 6,5 dyuymlik, kadr yangilanishi 90 gerslik, Full HD+ formatli tekis displey qo‘llangan. P50 Pro versiyasi esa chetlari qayrilma, diagonaliga 6,6 dyuymlik, kadr yangilanishi 120 gers bo‘lgan, 2700x1225 piksellik ekranga ega.

Har ikkala flagman ham stereodinamiklar, NFC, IP68 standartidagi himoya hamda HarmonyOS 2.0 operatsion tizimi bilan taqdim etilmoqda. Standart modelda 4100 mA/soatlik, Pro-versiyada esa 4360 mA/soatlik akkumulyatorlar qo‘llangan. Ular simli usulda 66 vattlik, simsiz usulda esa 55 vattlik tezkor quvvat ola biladi.

Huawei P50 Pro smartfoni 12 avgustdan 8-12 gigabaytlik tezkor va 128-512 gigabaytlik ichki xotirali modifikatsiyalarda, 930–1240 dollardan sotuvga chiqadi. Standart model – Huawei P50 esa bozorga kuzda taqdim etiladi, uning tezkor/doimiy xotirasi 8/128 gigabaytlik varianti 730 dollar, 8/256 gigabaytligi esa 775 dollar turadi.

O‘QING: TOP-10: Eng sekin arzonlashuvchi smartfonlar (2021 yil iyun)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!