Huawei rahbari 5G texnologiyaga o‘tish vaqti hamda mo‘’jizalarini ma’lum qildi

Huawei rahbari 5G texnologiyaga o‘tish vaqti hamda mo‘’jizalarini ma’lum qildi

2025 yilga qadar jahonda internet tarmog‘iga ulangan qurilmalar soni 100 milliardga yetadi. Ular sayyoramizdagi aholining 7 milliard nafariga o‘zaro aloqa  o‘rnatishlariga xizmat qiladi.

Bu ma’lumotlar Huawei kompaniyasining ijrochi direktori, kompaniya direktorlar kengashi raisining o‘rinbosari Go Pinning Jahon mobil kongressi 2016 anjumani chog‘idagi ma’ruzasida taqdim qilingan.

Janob Go Pin mobil texnologiyalar, jumladan 5G yangi avlod telekommunikatsiya standartining kelajagi haqida fikrlari bayon qilib, mazkur yangi aloqa tarmog‘ining qisqa fursatdan so‘ng ommalashishi kutilayotganini aytdi.

Xitoylik ma’ruzachining qayd etishicha, 5G texnologiyasini ommalashtirish uchun soha oldida 3 ta muhim vazifa turibdi: 1) tarmoqqa ulanish imkonini kengaytirish, 2) sun’iy yo‘ldoshli tizim yordamida ma’lumotni tepadan-pastga va pastdan-tepaga uzatishni rivojlantirish, ya’ni vertikal uzatish tizimlarini yaratish 3) aloqa tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik darajasini ko‘tarish.

Go Pinning aytishicha, kelajakda aloqada nafaqat “inson – qurilma”, balki “qurilma – qurilma” tamoyili muhim o‘rin egallaydi. Bugun ishlab chiqarish va turmush tarzida aloqa va axborot almashish texnologiyalari bilan rivojlantirilishi lozim bo‘lgan 99 % qurilmalar hali bir-biri bilan bog‘lanmagan. Ularni o‘zaro bog‘lash uchun esa tezkor va sifatli 5G aloqa tarmog‘i zarur bo‘ladi.

Mutaxassisning fikricha, kelajakda NarrowBand IOT – tor chastotali buyumlar interneti yordamida “aqlli” buyumlar sensor va kameralar orqali bir-birlari bilan aloqa o‘rnatib, yon-atrofdagi holatni tahlil qilib, ma’lumot to‘plab, axborot almashadilar.

Shuningdek, ma’ruzada 2025 yilga kelib jahon raqamlashtirish bozoridagi mablag‘ aylanmasi 15 trillion AQSh dollariga yetishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Go Pin hayotni qulaylashtirishga xizmat qiladigan “raqamli inqilob”ni amalga oshirish uchun soha vakillari yaqindan hamkorlik qilishi muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!