Huawei rekord darajada tezkor 5G-modem hamda 5G-router namoyish etdi

  •   DiMaX
  •  1059
  •  24.01.2019 16:21

Huawei rekord darajada tezkor 5G-modem hamda 5G-router namoyish etdi

Beshinchi avlod uyali aloqa texnologiyalari rivojlanishda davom etmoqda. Turli kompaniyalar qatori, bu umumiy taraqqiyotga xitoylik texnogigant ham o‘z hissasini qo‘shayotir.

O‘QING: Huawei flagmanlari uchun 5G-modulli Kirin 990 protsessori yaqinda taqdim etiladi

Pekin shahrida tashkillashtirilgan maxsus tadbirda Huawei bosh direktori Richard Yu kompaniyaning yangi ishlanmasini rasman taqdim qildi. Bu – 5G tarmog‘ida ma’lumot almashishga mo‘ljallangan Balong 5000 modemining ilk ishlovchi namunasidir. Mazkur 5G-modemning raqiblardan asosiy ustunligi – uyali tarmoqda uning o‘ta yuqori tezlikda ma’lumot almasha olishidir.

Balong 5000 – ikki xil, ya’ni avtonom (SA) hamda avtonom bo‘lmagan (NSA) tarmoq arxitekturalarini bir vaqtning o‘zida qo‘llay oluvchi dunyodagi ilk modemdir. Shuningdek, u avvalgi avlod – 2G, 3G hamda 4G LTE tarmoqlari bilan ham ishlayveradi. U kanallari chastotaga ko‘ra (FDD) hamda vaqtga ko‘ra (TDD) taqsimlanuvchi ma’lumot almashish rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Sinovlar mobaynida Balong 5000 yuqori tezlikni namoyon etdi: past chastotali (6 GGs.gacha) diapazonda 4,6 Gbit/soniya, bir millimetrlik diapazonda esa – 6,5 Gbit/soniya.

Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, Balong 5000 modemi V2X (vehicle-to-everything) texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va avtomobillarning bort tizimlariga ham o‘rnatilishi mumkin. Huawei vakillarining ta’kidlashlaricha, ushbu 5G-modem samaradorligi LTE-yechimlardan ko‘ra o‘n karra yuqoridir!

O‘QING: 4G va 5G’ni amalda o‘zaro taqqoslab ko‘rishdi: kutilmagan natija!

Shuningdek, tadbir davomida Huawei 5G CPE Pro rusumli yangi marshrutizator (router) ham namoyish qilindi. Mazkur gadjet uyali aloqa tarmoqlarining 4G hamda 5G avlodlari bilan ishlay oladi. Namoyish chog‘ida ushbu router orqali 1 gigabaytlik videofaylning yuklanishiga atigi 3 soniya yetarli bo‘ldi.

Bundan tashqari, mazkur marshrutizator Wi-Fi 6 standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi va ulanish tezligini 4,8 Gbit/soniyagacha chiqarishga qodir. Bu devays Huawei tomonidan «aqlli uy» qurilmalari uchun ishlab chiqilgan HiLink platformasiga integratsiyalashadi.

Darvoqe, Balong 5000 rusumli 5G-modem va Kirin 980 protsessori bazasidagi smartfon MWC 2019 ko‘rgazmasida taqdim qilinadi.

O‘QING: 5G tarmog‘iga nazar: imkoniyatlar, muammolar va smartfonlar...

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!