Huawei smartfonlar, haydovchisiz avtomobillar va boshqa qurilmalar uchun «sun’iy ong»li yangi avlod protsessorlarini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  495
  •  10.10.2018 18:14

Huawei smartfonlar, haydovchisiz avtomobillar va boshqa qurilmalar uchun «sun’iy ong»li yangi avlod protsessorlarini taqdim etdi

Xitoylik texnogigant mobil qurilmalar bozorida Apple’ni quvib o‘tib, dunyodagi ikkinchi smartfonsoz maqomiga erishdi. Shu bilan birga, u «sun’iy idrok» texnologiyalarini ham o‘zlashtirib, bu borada Qualcomm va Nvidia singari yetakchi chipsozlarni maydonga chorlamoqda.

O‘QING: IFA 2018: Eng qudratli – 7 nanometrlik ilk protsessorni Huawei taqdim etdi!

Huawei odatda o‘z smartfonlari uchun Hisilicon Kirin protsessorlarini o‘zi ishlab chiqib kelayotir. Bugun – 2018 yilning 10 oktyabrida esa u yangi – Ascend turkumidagi ilk protsessorlarini taqdim etdi. Mazkur chiplar «sun’iy idrok» hamda chuqur mashina ta’limi texnologiyalari bilan ta’minlangan.

Yangi avlod protsessorlari bilan birga, Huawei o‘zining «bulutli» hisoblash servislarini ham namoyish qildi. Ular ushbu yangi chiplar bazasidagi haydovchisiz boshqariluvchi avtomobillar va boshqa qurilmalarga olinuvchi ma’lumotlarni o‘ta tezkor va samarali tarzda qayta ishlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, xitoylik texnogigant haydovchisiz boshqariluvchi avtomobillar uchun maxsus data-markazlar barpo etishini ham ma’lum qildi. Huawei’ning yangi «bulutli» servislari Amazon, Microsoft va Alibaba Group kabi kompaniyalarning shunday loyihalariga raqobatchi bo‘ladi.

Huawei’ning yangi turkumdagi ilk protsessorlari Ascend 910 va Ascend 310 bo‘lib, bulardan birinchisi yangi avlod data-markazlarida qo‘llanadi. Ikkinchisini esa haydovchisiz mashinalar, smartfon va «aqlli» soatlar, shuningdek, «buyumlar interneti» qurilmalarida qo‘llash rejalashtirilgan.

Kompaniya rahbarining izoh berishicha, Huawei yaqin kelajakda industriya qaysi yo‘nalishlarda rivojlanishi ustida o‘ylamoqda; u 5G hamda «sun’iy ong» texnologiyalariga ko‘proq e’tibor bermoqchi.

O‘QING: Huawei hozirgilaridan naq ikki karra kuchli protsessor tayyorlamoqda!